Latviya Rossiya bilan savdo qilayotgan kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi
Latviya Markaziy statistika boshqarmasi Rossiya va Belarus bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan mahalliy kompaniyalar ro‘yxatini ilk bor jamoatchilikka ochiqladi. Reyestrga ushbu mamlakatlarga mahsulot eksport qilayotgan yoki ulardan tovar import qilayotgan 170 ga yaqin kompaniya kiritilgan. Ayrim Latviya OAV bu ro‘yxatni «sharmandali ro‘yxati» deb atadi.

Latviya Markaziy statistika boshqarmasi 20-avgust kuni ilk bor Rossiya va Belarus bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan mahalliy kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ushbu ro‘yxatga Rossiya va Belarusga mahsulot eksport qiluvchi yoki ushbu davlatlardan tovar import qiluvchi 170 ga yaqin Latviya kompaniyasi kiritilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar xalqaro sanksiyalarni buzayotganini anglatmaydi. Ular cheklovlar qo‘llanilmaydigan sohalarda, masalan, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari savdosi kabi yo‘nalishlarda Rossiya va Belarus bilan qonuniy ravishda savdo qilishlari mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya va Belarus bilan biznes yuritayotgan Latviya kompaniyalarining ushbu ochiq reyestri har oy yangilanib boradi.
Ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalari bu reyestrni "sharmandali ro‘yxat" deb atagan.
Kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilishi iyun oyida Ukraina tinch aholisini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar tufayli mumkin bo‘ldi. Bungacha Rossiya va Belarus bilan savdo qilayotgan mahalliy kompaniyalar haqidagi bunday ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq emas edi.
Endilikda iste’molchilar, biznes hamkorlar va boshqa kompaniyalar Rossiya yoki Belarus bilan savdoni davom ettirayotgan firmalar haqida ochiq ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin. Bu ularga reyestrga kiritilgan kompaniyalar bilan hamkorlikni davom ettirish yoki ettirmaslik bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini beradi.
Latviya Ukrainaning yaqin siyosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan so‘ng, Riga Rossiya va Belarus tovarlari importiga bir qator cheklovlar kiritgan.
Bundan tashqari, ko‘plab Latviya kompaniyalari Rossiya va Belarus bilan savdo aloqalarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatgan yoki sezilarli darajada qisqartirgan.

