Latviya va Belarus chegarasida tunnel topildi

**Latviya va Belarus chegarasida tunnel aniqlandi, Litva noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishga va’da berdi**
11-avgust kuni Latviya Belarus bilan chegarasi ostidan tunnel topilganini e’lon qildi. Bu xabar mamlakatning noqonuniy muhojirlarga yordam beruvchi tarmoqlarga qarshi kurashish rejasini e’lon qilishi ortidan keldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan Latviya Belarus bilan 173 kilometrlik chegaraga ega. Iyul oyida latviyalik askarlar Belarusdan kirishga urinayotgan muhojirlarni to‘xtatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan va ogohlantiruvchi o‘q uzgan edi.
Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava bosh vazir Andris Kulbergs bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida shunday dedi: “Latviyaning sharqiy chegarasi himoyasi kuchaytiriladi. Chegara xizmati, Davlat politsiyasi, Qurolli kuchlar va xavfsizlik xizmatlari yaqindan hamkorlik qiladi. Noqonuniy muhojirlarni erta aniqlash va ushlash uchun dronlardan yanada faol foydalaniladi”.
So‘nggi haftalarda Yevropa davlatlari tartibsiz migratsiya bo‘yicha xavotir bildirmoqda. Bu iyul oyida Marokashdan Ispaniyaning Seuta eksklaviga o‘n minglab noqonuniy muhojirlarning oqib kelishi bilan bog‘liq.
Kulbergsning ta’kidlashicha, jinoiy tarmoqlar Belarusdan Latviyaga muhojirlar o‘tishiga yordam bermoqda. Ular muhojirlarni Yevropaning vizasiz Shengen hududiga olib kirmoqda, ammo muhojirlarning yakuniy manzili qit’aning boshqa joylaridir.
“Ular Yevropa Ittifoqiga kirish qayerda oson bo‘lsa, o‘sha yerga bormoqda. Shuning uchun biz eng oson joy bo‘lmasligimiz kerak”, dedi Kulbergs matbuot anjumanida.
U “Bo‘ri” (Werewolf) operatsiyasi doirasida muhojirlarni chegaradan manzillariga tashiyotgan tarmoqlarga hamda Latviyadagi har qanday qo‘llab-quvvatlash punktlarini nishonga olishga va’da berdi.
“Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, tizimga jiddiy zarba bera olamiz. Tashkilotchilarga aytar gapim shu: barchasiga chek qo‘yiladi”, dedi Kulbergs.
Kulbergs iyul oyida Reuters agentligiga muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat “gibrid tahdid” ekanini aytgan edi. Shu sababli Latviya chegaradagi soqchilar sonini ikki baravarga oshirdi.
Hukumat bayonotida aytilishicha, Latviya muhojirlar oqimini to‘xtatish uchun qo‘shnilari — Estoniya, Litva, Polsha va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. Iyul oyida Litvada ham muhojirlar Belarusdan kirishda foydalanayotgan tunnel topilganini ma’lum qilgan edi.

