Kun.uz Özbekistonda eng ommabop onlayn naşr deb topildi - milliy tadqiqot
Özbekistonda media isteʼmoli böyiça ötkazilgan milliy tadqiqotda: “Siz köproq qaysi onlayn naşrlarni öqiysiz?” degan savolga söralganlarning 75 foizi Kun.uz'ni körsatdi. Kun.uz barça yoş toifalarida, erkaklar va ayollar örtasida, şuningdek, respublikaning barça hududlari böyiça yetakçilik qilgan. Odamlar axborot manbayini tanlaşda xolislik, işonçlilik va tezkorlikni asosiy mezon sifatida körsatgan.

Kun.uz O‘zbekistonda eng ko‘p o‘qiladigan onlayn nashr deb topildi — milliy tadqiqot
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda mediaisteʼmol bo‘yicha milliy tadqiqot” hisobotini e’lon qildi.
Tadqiqot “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2026-yilning 8–19-sentabr kunlari o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan. So‘rovda O‘zbekistonning barcha 14 ta hududidan 18 yosh va undan katta 1411 nafar respondent ishtirok etgan.
Tadqiqot doirasida, jumladan, onlayn matbuot o‘quvchilari qaysi yangiliklar saytlarini ko‘proq o‘qishi o‘rganilgan. Unda Kun.uz sayti 74,7 foiz ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Daryo.uz (43,5 foiz), Qalampir.uz (36,8 foiz) va Gazeta.uz (20,4 foiz) qayd etilgan.
Tadqiqot natijalari Kun.uz auditoriyasi turli ijtimoiy-demografik guruhlarni qamrab olishini ham ko‘rsatdi. Xususan, so‘rovnomada qatnashgan yangiliklar sayti o‘quvchilari orasida erkaklarning 82,7 foizi, ayollarning esa 66,9 foizi Kun.uz’ni tanlagan. Bu har ikki guruhdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Yosh toifalari bo‘yicha bu quyidagicha shakllangan:
18–24 yoshdagilar - 76,1 foiz;
25–34 yoshdagilar - 78,1 foiz;
35–44 yoshdagilar - 75,8 foiz;
45–54 yoshdagilar - 69,6 foiz;
55 yosh va undan kattalar - 70 foiz.
Hududiy natijalar ham Kun.uz mamlakatning barcha mintaqalarida eng ommabop onlayn nashr ekanini ko‘rsatdi. Nashr o‘quvchilarining ulushi Xorazm viloyatida 90,5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 88,2 foiz, Surxondaryo viloyatida 84,6 foiz, Sirdaryo viloyatida 84 foiz hamda Namangan viloyatida 82,4 foizni tashkil etgan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich - 66,7 foiz.
Kun.uz shahar va qishloq aholisi orasida ham yetakchi. Xususan, shaharlardagi onlayn matbuot o‘quvchilarining 73,5 foizi, qishloqlardagi o‘quvchilarning esa 75,9 foizi ko‘p o‘qiydigan platformalari qatorida Kun.uz’ni ko‘rsatgan.

