Mahalliy

“Daryo” O‘zbekistondagi yetakchi onlayn nashrlardan biri sifatida e’tirof etildi

Mamlakatda media iste’moli bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. Internetni kuzatuvchi so‘rov ishtirokchilarining 43,5 foizi “Daryo”ni o‘qishini bildirgan. Saytda e’lon qilinadigan materiallarning xolis, dolzarb va tezkorligi kuzatuvchilarni ko‘proq jalb qilayotgani qayd etildi.

“Daryo” O‘zbekistondagi yetakchi onlayn nashrlardan biri sifatida e’tirof etildi

“Daryo” Oʻzbekistondagi onlayn nashrlar orasida ommaboplik va auditoriya soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Mass-media fondi tomonidan o‘tkazilgan “Oʻzbekistonda mediaisteʼmol boʻyicha milliy tadqiqot” hisobotida ma’lum qilingan.

Hisobotda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birga internet nashrlarining ko‘rsatkichlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot doirasida o‘tkazilgan so‘rovlarda onlayn matbuotni o‘qiydigan respondentlar ko‘proq qaysi nashrlarni kuzatishi aniqlangan.

“Onlayn nashrlar orasida Kun.uz (74,7 foiz), Daryo.uz (43,5 foiz) va Qalampir.uz (36,8 foiz) yetakchilik qilmoqda”, deyiladi hisobotda.

Respondentlar orasida “Daryo”ni kuzatuvchilarning eng katta qismini 25-34 yoshdagilar tashkil etgan — 54,7 foiz. Shuningdek, 45-54 yosh guruhida ham 45,7 foiz fuqarolar nashrni kuzatib boradi.

Hududlar kesimida Namangan (70,6 foiz), Sirdaryo (64 foiz), Navoiy (58,3 foiz), Xorazm (57,1 foiz) va Surxondaryo (53,8 foiz) viloyatlarida “Daryo” auditoriyasi kengroq ekani qayd etilgan.

“Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, respondentlar orasida eng katta ehtiyoj dolzarb ijtimoiy muammolarni ochiq muhokama qilishga bagʻishlangan materiallarga (31,8 foiz), xolis va ishonchli yangiliklarga (30,1 foiz) hamda chuqur tahliliy nashrlarga (29,1 foiz) nisbatan kuzatiladi”, deyiladi hisobotda.

Aholi onlayn nashrlarni asosan mobil ilovalar orqali (58 foiz holatda), Telegram-kanallar (37,2 foiz), saytlar (31,6 foiz) va ijtimoiy tarmoqlar (31,2 foiz) orqali kuzatishini bildirgan.

Tadqiqotga ko‘ra, bosma va onlayn nashrlarni tanlashdagi asosiy mezonlar e’lon qilinayotgan ma’lumotlarning xolisligi va ishonchliligi hisoblanadi. Qariyb 50,4 foiz respondent voqealarni yoritishning xolisligini, 50,1 foizi esa axborot manbasiga ishonchni ta’kidlagan. Yangiliklarni tezkor e’lon qilish (30,3 foiz), bayon etishning qulayligi va tushunarliligi (24,6 foiz) ham muhim ahamiyatini saqlab qolmoqda.

“Bosma va onlayn-matbuotning asosiy muammolari ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni yetarlicha chuqur yoritmaslik bilan bogʻliq. Eng ko‘p talab qilinadigan, ammo yetarli darajada taqdim etilmayotgan materiallar orasida respondentlar dolzarb ijtimoiy muammolarni ochiq muhokama qilish (31,8 foiz), xolis va ishonchli yangiliklar (30,1 foiz), chuqur tahliliy maqolalar (29,1 foiz), fuqarolarning kundalik muammolari (24,3 foiz), jurnalistik surishtiruvlar (20,6 foiz) va faktlarni tekshirish bo‘yicha materiallarni (20,1 foiz) qayd etishdi”, deya qayd etilgan hisobotda.

Tahlilga ko‘ra, aholi Oʻzbekistondagi yangiliklarni kuzatishga ko‘proq qiziqadi (57,4 foiz). Keyingi o‘rinlarda xalqaro voqealar (43,4 foiz), ta’lim va ilm-fan (34,3 foiz), sog‘liqni saqlash (27,3 foiz), davlat organlari siyosati va faoliyati (24,8 foiz) haqidagi materiallar eng ko‘p qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, erkaklar ko‘proq mamlakatdagi siyosiy voqealar va yangiliklarga, ayollar esa sog‘liqni saqlash, ta’lim va oila masalalariga qiziqish bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.