Kristina Epplgeyt unga tarqoq skleroz tashxisi notoʻgʻri qoʻyilganini aytdi
U seshanba kuni chiqqan «Messy» podkastida yangi maʼlumotlardan xursand boʻlmaganini va uning simptomalri faqat «yomonlashganini» aytdi.

Kristina Epplgeyt unga tarqoq skleroz tashxisi notoʻgʻri qoʻyilganini aytdi
Kristina Epplgeyt besh yil davomida oʻzini tarqoq skleroz (TS) bilan xastalangan deb hisoblab kelgan, ammo yaqinda bu tashxis notoʻgʻri ekanini bilib oldi.
«Teleboshlovchi» (Anchorman) va «Bolali va baxtli» (Married With Children) kabi film va shoular orqali tanilgan aktrisa bu xabarni eshitganida «umuman xursand boʻlmaganini» va buni bilgach, yigʻlab yuborganini aytdi.
«Notoʻgʻri tashxis qoʻyildi degani, birdan tuzalib qoldim degani emas», — dedi Epplgeyt seshanba kuni chiqqan Messy podkastining epizodida. «Aksincha, ahvolim yanada yomonlashdi».
Jeymi Sigler bilan birgalikda olib borilgan ikki qismli epizod uning ushbu maʼlumotni hazm qilish uchun olgan yaqindagi tanaffusi yakunlanganini bildiradi. U har kuni boshdan kechirayotgan va majolsizlantiradigan simptomlarning sabablarini tekshirish kelasi haftada boshlanadi.
«Men yana nima boʻlayotganini bilmaydigan boshlangʻich nuqtaga qaytdim», — dedi u.
Podkastda Epplgeyt «bir necha yil oldin toʻsatdan» shifokori uning organizmi qanday munosabat bildirishini koʻrish uchun TS ga qarshi infuzion davolanishni toʻxtatishni tavsiya qilganini aytdi.
Muolajalar toʻxtatilgan paytda, uning organizmi TS borligini koʻrsatadigandek munosabat bildirmagan.
Shundan soʻng shifokorlar uning holatini sinchiklab oʻrganib chiqdilar va unda mushaklarning qotib qolishi hamda yurish va gapirishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin boʻlgan ushbu autoimmun kasalligi aslida yoʻq degan xulosaga kelishdi.
«U xonamga kirib: 'Tabriklayman, sizda TS yoʻq', dedi», — dedi Epplgeyt oʻsha lahzani tasvirlab.
«Men boʻlsam, umuman xursand boʻlmadim», — davom etdi u. «Qolgan hamma juda xursand edi».
Seshanba kungi epizod mehmoni, doktor Marva Kaysining aytishicha, TS boʻyicha notoʻgʻri tashxislar kamyob hodisa emas, chunki simptomlar turlicha va umumiy test mavjud emas. TS bor deb aytilgan har besh kishidan birida «aslida bu kasallik boʻlmagan».
«Bu 'ha, sizda bor' yoki 'yoʻq, sizda yoʻq' deb aytadigan homiladorlik testiga oʻxshash narsa emas», — dedi Kaysi. «Bu mezonlar roʻyxatidir».
Epplgeytga bir qancha vaqt davomida simptomlar kuzatilganidan keyin ilk bor 2021 yil avgust oyida TS tashxisi qoʻyilgan edi, oʻshanda u: «Bu ogʻir yoʻl boʻldi. Ammo hammamiz bilamizki, yoʻl davom etaveradi», degan edi.
Yillar oʻtib, u «haqiqiy depressiyada» ekanini aytdi va 2024 yildagi podkast epizodida shunday dedi: «Yashash menga zavq bagʻishlamayapti. Menga bu yoqmayapti. Endi hech narsadan zavq olmayapman».
U shuningdek, New York Times nashriga hassasiz yura olmasligini va Netflix’ning «Men uchun oʻlik» (Dead To Me) serialini suratga olish paytida nogironlar aravachasidan foydalanganini aytgan edi.

