Kosta Rika vaziri Tramp bilan ruxsatsiz uchrashgani uchun ishdan bo‘shatildi

**Kosta Rika vaziri Tramp bilan ruxsatsiz uchrashgani uchun ishdan bo‘shatildi**
Kosta Rika prezidenti Laura Fernandes mamlakat tashqi ishlar vaziri Manuel Tovarni lavozimidan oldi. Bunga sabab sifatida vazirning AQSHdagi mintaqaviy xavfsizlik sammitida prezidentni ogohlantirmasdan qatnashgani ko‘rsatildi.
Hukumat bu holat prezidentning o‘z ishtirokiga to‘sqinlik qilganini va mamlakat manfaatlariga jiddiy strategik zarar yetkazganini bildirdi.
Laura Fernandes Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan Trampning kartellarga qarshi kurashuvchi “Amerika qalqoni” (Shield of the Americas) nomli ittifoqi yig‘ilishida o‘zi qatnashishi kerak bo‘lganini aytdi. Mazkur koalitsiya mintaqada giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishni maqsad qiladi.
Kosta Rika hukumati Tovar prezidentni oldindan ogohlantirmasdan va xabar bermasdan tadbirda ishtirok etganini ma’lum qildi. BMT Bosh assambleyasi doirasida o‘tgan yig‘ilishda bir qator o‘ng qanot Lotin Amerikasi prezidentlari ham qatnashdi. Koalitsiyaning 15 a’zosi 24 ta jinoiy tashkilot a’zolari hamda ularning homiylariga nisbatan aktivlarni muzlatish, vizalarni cheklash va jinoiy javobgarlikka tortish niyatida ekanliklarini bildirib, qo‘shma bayonot chiqardi.
Ushbu uchrashuv Vashingtonning giyohvand moddalar savdosiga qarshi yanada qat’iy yondashuvni ilgari surish yo‘lidagi navbatdagi sa’y-harakati bo‘ldi. 2025-yili lavozimiga qaytgan Tramp kartellarni xorijiy terrorchi tashkilotlar deb e’lon qilgan hamda Karib dengizi va Sharqiy Tinch okeanida narkotik tashiydigan kemalarga qarshi zarbalar berishni buyurgan edi.
Lotin Amerikasida barqarorlik mayog‘i sifatida ko‘rib kelingan Kosta Rika hozirda giyohvandlik bilan bog‘liq zo‘ravonliklarning keskin oshishidan aziyat chekmoqda. Vazir Manuel Tovar o‘zining ishdan bo‘shatilishiga izoh berishdan bosh tortib, prezidentga uni Vazirlar mahkamasiga kiritgani uchun shunchaki minnatdorchilik bildirdi.
Kosta Rikaning amaldagi tashqi savdo vaziri Indiana Trexos tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U BMT Bosh assambleyasidagi vazifasini yakunlab qaytgach, o‘z lavozimiga kirishadi.

