Koreyada ish joyini o‘zgartirish uchun endi Migratsiya agentligi roziligi talab etilmaydi

Koreyada ish joyini almashtirish uchun endi Migratsiya agentligi roziligi kerak emas
Migratsiya agentligi E-9 vizasi asosida Koreya Respublikasiga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borayotgan fuqarolar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomaning ayrim bandlarini qayta ko‘rib chiqib, ularni sezilarli darajada yengillashtirdi.
Ma’lumki, avval amalda bo‘lgan shartnomaga ko‘ra, fuqaro ish joyini o‘zgartirishdan oldin Migratsiya agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi roziligini olishi shart edi. Ushbu talab bajarilmasa, fuqarolarga moliyaviy jarima qo‘llanishi nazarda tutilgan edi. Agentlik bu talablar o‘zbekistonliklarning Koreyada noqonuniy maqomga o‘tib ketishining qat’iy oldini olish, ular bilan doimiy aloqani saqlash hamda zarur hollarda ijtimoiy, huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida kiritilganini eslatdi.
Biroq amaliyotda mazkur bandlar fuqarolarning erkin harakatlanishi va ish joyini o‘zgartirish jarayonida ma’muriy qiyinchiliklar hamda ortiqcha e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi.
Koreya Respublikasidagi ish beruvchilar va nufuzli nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar, shuningdek, fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab murojaatlar tahlili asosida ushbu masalalar chuqur o‘rganildi.
Natijada uch tomonlama shartnomadan quyidagi ikki muhim cheklov olib tashlandi:
- Ish joyini o‘zgartirish uchun agentlik vakolatxonasining oldindan roziligini olish talabi bekor qilindi;
- Mazkur talab bajarilmagan taqdirda qo‘llaniladigan jarima sanksiyalari olib tashlandi.
Endilikda E-9 vizasi egalari ish joyini o‘zgartirish jarayonida Migratsiya agentligidan alohida ruxsat yoki rozilik olishi shart emas. Ular Koreyaning amaldagi tartiblari va qonunchiligi doirasida joriy ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini o‘z vaqtida bekor qilishi hamda yangi ish beruvchi bilan qonuniy asosda yangi mehnat munosabatlariga kirishishi mumkin.
Migratsiya agentligi ushbu o‘zgarishlar Koreya Respublikasining E-9 vizasi bo‘yicha belgilangan umumiy davlat qonunchiligi talablarini yumshatmasligini qat’iy ta’kidladi. Xususan, shartnomada Koreyada noqonuniy maqomda qolganlik uchun jarima qo‘llash o‘z kuchida qoldi.
Shunga ko‘ra, E-9 vizasi bilan ishlayotgan fuqaro ish beruvchi bilan shartnomani to‘xtatgach, quyidagi muddatlarga so‘zsiz amal qilishi shart:
- Shartnoma bekor qilingan kundan boshlab 1 oy ichida rasman ish izlovchi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart;
- Belgilangan 90 kun ichida yangi ish joyini topib, rasmiylashtirishi lozim (kasallik, ishlab chiqarishdagi jarohat, homiladorlik va tug‘ruq kabi istisnolar ham nazarda tutilgan).
Shartnoma shartlariga ko‘ra, fuqaro belgilangan talablarni bajarmasa yoki lozim darajada bajarmasa, Koreya Respublikasining vakolatli organlari tomonidan O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi va uni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash majburiyati fuqaro yoxud uning kafili zimmasiga yuklanadi. Bundan tashqari, shartnomaning tegishli bandlari bajarilishi kechiktirilgan har bir oy uchun 2000 AQSH dollari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilangan.
Agentlik xizmat ko‘rsatish shartnomasi fuqarolar foydasiga soddalashtirilganiga qaramay, har bir yurtdoshimizdan ish joyini o‘zgartirish jarayonida Koreya Respublikasi qonunchiligida belgilangan qat’iy tartib va muddatlarga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishni so‘radi.
Koreya Respublikasining “Xorijiy ishchilarni ishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasi E-9 toifasidagi xorijlik xodim qaysi holatlarda boshqa korxona yoki ish joyiga o‘tish uchun murojaat qilishi mumkinligini belgilaydi.
Jumladan, xodim ish joyini o‘zgartirishni so‘rashi mumkin, agar: ish beruvchi mehnat shartnomasini asosli sabab bilan muddatidan oldin bekor qilmoqchi bo‘lsa yoki shartnoma tugagach uni uzaytirishdan bosh tortsa; korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilsa yoki butunlay yopilsa; ish beruvchining xorijliklarni ishga olish ruxsati bekor qilinsa yoki cheklansa; mehnat shartlari buzilsa; ishchiga nisbatan adolatsiz munosabat qilinsa; yotoqxonaga oid qonun talablari buzilsa; xodimning aybiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa belgilangan sabablar tufayli ushbu korxonada ishlashni davom ettirish obyektiv ravishda imkonsiz bo‘lsa.
Ish joyini o‘zgartirish uchun ariza Koreyaning vakolatli bandlik organiga beriladi. Qonunning 25-moddasida O‘zbekiston Migratsiya agentligi yoki uning Koreyadagi vakolatxonasidan ruxsat olish ish joyini o‘zgartirishning sharti sifatida ko‘rsatilmagan.
Koreyaning rasmiy EPS tizimida ham E-9 ishchilari uchun bevosita ish joyini o‘zgartirish uchun ariza qoldirish mumkin.
Qonunga muvofiq, asosiy mehnat faoliyati davrida ish joyini o‘zgartirish, qoida tariqasida, uch martadan oshmasligi kerak. Uzaytirilgan ishlash davrida esa yana ikki martagacha o‘zgartirishga yo‘l qo‘yiladi. Ish joyi xodimning aybiga bog‘liq bo‘lmagan qonunda nazarda tutilgan sabablar tufayli o‘zgartirilsa, bunday holatlar mazkur limitga kiritilmaydi.

