Ko‘p qavatli uyning birinchi qavatini noturar joyga o‘zgartirish taqiqlandimi? Vazirlik izoh berdi

Ko‘p qavatli uyning birinchi qavatini noturar joyga aylantirish taqiqlangani haqidami? Vazirlik munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda endilikda ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar shaklga o‘zgartirib bo‘lmaydi, degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.
Vazirlik izohiga ko‘ra, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish faqat ekspluatatsiya muddati, ya’ni qurib topshirilganiga 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uylarga tegishli.
Prezidentning 2026-yil 4-iyundagi farmonining 11-bandida shunday deyilgan: “Ko‘p kvartirali uylardan foydalanishda nazorat tadbirlarini kuchaytirish maqsadida: a) ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uylarda qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirish taqiqlansin, bundan mustahkamlash ishlari mustasno; ...”.
Shunga ko‘ra, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uylarda qayta rejalashtirish ishlariga, ya’ni qayta ixtisoslashtirib rejalashtirishni amalga oshirishga ruxsat berish jarayonlari to‘xtatilgan, deyiladi vazirlik javobida.
Qo‘shimcha qilinishicha, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshmagan ko‘p kvartirali uylarda qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomalar berib kelinmoqda.
Avvalroq ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, ularni savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif qilingan edi.

