Ko‘p qavatli uylarning 1-qavatidagi xonadonlarni noturar joyga o‘tkazmasdan, savdo va xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi

Ko‘p qavatli uylarning 1-qavatidagi xonadonlarni noturar joyga o‘tkazmasdan, savdo va xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi
Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, ularni savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda aholi bandligini oshirishda servis sohasining imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atelye, poyabzal va maishiy texnika ustaxonasi kabi aholiga qulay xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish mumkin. Biroq amaldagi tartibda xonadonni noturar joyga o‘tkazish uchun ortiqcha tartiblar va ruxsatlar talab etiladi.
Shu sabab birinchi qavatdagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, ularni savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif qilindi. Bunda tadbirkor yoki xonadon egasining tegishli faoliyatni boshlagani haqida xabardor qilishi yetarli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari ro‘yxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun 1-oktyabrdan ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz etib belgilanishi ham ma’lum qilindi.

