Kongressga saylov natijasi AQShning Ukraina urushidagi vositachilik roliga taʼsir qiladi – siyosatshunos
Amerikalik delegatlar Jared Kushner va Stiv Uitkoffning Moskvadagi muloqoti Rossiyaning muzokaralarga munosabatida muayyan oʻzgarishlar borligini koʻrsatdi. Biroq tahlilchilar yakdil fikrda emas, ayrimlar buni Putinning kelishuvga real qiziqishi sifatida baholasa, boshqalar u hamon asosiy shartlar boʻyicha yon bermaslik pozitsiyasida ekaniga urgʻu bermoqda.

Kongress saylovlari natijasi AQShning Ukraina urushidagi vositachilik roliga taʼsir qiladi – siyosatshunos
Rossiya matbuoti va propagandasiga qaralsa, bu gal Jared Kushner va Stiv Uitkoffning Moskvaga kelishiga avvalgidan ko‘ra ijobiyroq munosabat bildirilganini ko‘rish mumkin. Bu safar Rossiya Amerika vositachiligiga ancha katta qiziqish namoyon etmoqda. Oldin ham Moskva AQSH vositachiligini ma’qullayotgandek ko‘rinar, ammo amalda o‘z siyosatini davom ettirardi. Endi esa vaziyat o‘zgargan. Buning bir necha sababi bor.
Birinchidan, Rossiya-Ukraina urushi Rossiyaning bevosita ichki hududlariga ko‘chdi. Rossiyaning energetika tizimi jiddiy zarba oldi. Yirik internet-do‘konlar va logistika tarmoqlariga qilingan hujumlar iqtisodiy hamda ijtimoiy bosimni kuchaytirmoqda. Ayrim hududlarda yoqilg‘i ta’minotidagi muammolar sabab avtomobillar uchun kilometrlab navbatlar paydo bo‘lmoqda.
Bularning barchasi Rossiyadagi ijtimoiy kayfiyatga ta’sir qilmoqda. Urush endi Rossiya jamiyati uchun faqat televizor ekranlaridagi voqea emas. U kundalik hayotga, odamlarning daromadi, harakati va xavfsizligiga bevosita ta’sir qila boshladi.
Rossiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlarda ham bu o‘zgarish sezilmoqda: ilgari urush ko‘proq siyosiy masala sifatida qabul qilingan bo‘lsa, hozir uning oqibatlari ko‘pchilikning shaxsiy hayotiga ham kirib kelmoqda. Natijada Ukrainaga nisbatan salbiy munosabat yanada keskinlashmoqda.
Ikkinchi muhim omil – Donald Trampning siyosiy vaqti qisqarib bormoqda. Uning prezidentlik muddatining ikki yildan ortiq qismi o‘tib bo‘ldi. Agar oraliq saylovlarda respublikachilar Kongressdagi ustunligini yo‘qotsa va demokratlar kuchaysa, AQShning Rossiya-Ukraina urushidagi vositachilik siyosati sezilarli darajada murakkablashishi mumkin. Kongressda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar yana ustunlik qilsa, Kiyevga harbiy va moliyaviy yordamni kuchaytirish ehtimoli ham ortadi. Shu nuqtayi nazardan, Rossiya uchun hozirgi davr siyosiy imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda.
Albatta, Ukraina ham oson vaziyatda emas. Avvalgi suhbatlarimizda ta’kidlaganimizdek, va’da qilingan mablag‘larning faqat chorak qismi yetib kelgani Kiyevning imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. Shuning uchun Moskva Tramp ma’muriyatining vositachiligida hozir kelishuvga erishish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaslikka urinmoqda.
Stiv Uitkoff va Jared Kushner Putin bilan qanday muloqot qilish, Rossiya rahbari bilan muzokaralarda qanday ohangdan foydalanish kerakligini yaxshi tushunishlarini ta’kidlamoqda. Ya’ni Vashington bu muzokaralarda keskin bosimdan ko‘ra, Putinning siyosiy va psixologik yondashuvlarini hisobga oladigan ehtiyotkor diplomatiyani tanlamoqda. Putin esa hozirgi vaziyatda bundan yaxshiroq vositachilik formatini topish qiyinligini anglayotgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli Rossiya AQShning mavjud vositachilik imkoniyatidan maksimal darajada foydalanishga va urushning keyingi bosqichiga o‘tishdan oldin o‘z manfaatlarini muzokara orqali mustahkamlashga urinmoqda.
Haqiqatan ham, hozir Ukrainaning Rossiya ichki hududlariga zarba berish strategiyasi ma’lum bir samara bermoqda. Bu strategiyaning asosiy maqsadi – Rossiya jamiyatini urushdan charchatish va shu orqali Vladimir Putin hamda uning atrofidagi elitani muzokaralarga majbur qilish. Biroq hozirgi harbiy vaziyatga qaralsa, dronlar, ballistik va qanotli raketalardan foydalanish bo‘yicha ustunlik Rossiya tomonida. Xususan, Iskandar-M va yangi Iskandar-1000 kabi raketa tizimlaridan foydalanish Rossiyaning zarba berish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Rossiya Qora dengizdagi Ukraina imkoniyatlarini ham sezilarli darajada cheklab qo‘ydi. Keyingi zarbalar esa Ukrainaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy yo‘nalishlaridagi logistika aloqalariga qaratilmoqda. Moldova bilan chegara hududlari, undan oldin esa Ruminiya bilan bog‘liq yo‘nalishlarga berilgan zarbalar shundan dalolat beradi. Donald Tuskning so‘nggi bayonotlariga ko‘ra, Polsha va Ukraina o‘rtasidagi muhim chegara hamda logistika punktlariga zarba berilishi ehtimoli haqida razvedka ma’lumotlari olingan.
Agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, Rossiyaning maqsadi Ukrainaning G‘arb bilan asosiy logistika aloqalarini yanada zaiflashtirish bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Dunay daryosidagi suv sathining pasayishi ham Ukrainaning ayrim logistika imkoniyatlariga ta’sir qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya Kiyevdagi muhim infratuzilma obyektlarini nishonga olib, Dnepr daryosi bilan ikki qismga bo‘lingan shaharning transport va ta’minot tizimiga bosimni kuchaytirishga urinmoqda. Frontdagi vaziyat ham umumiy manzarani murakkablashtirmoqda.
Sumi va Xarkiv yo‘nalishlarida Rossiya qo‘shinlari faolligini saqlab qolmoqda. Janubda, Liman yo‘nalishida esa Ukraina qo‘shinlari qarshi hujum harakatlariga o‘tgan. Agar keyingi uch-to‘rt oylik davrni hisobga olsak, umumiy vaziyat kelgusida Ukraina uchun murakkab kechishi mumkin. Yevropadan moliyaviy va harbiy yordam yetarli darajada emas, ayniqsa raketalar hamda havo hujumidan mudofaa vositalari taqchilligi sezilmoqda. Shu sababli Kiyev G‘arb davlatlaridan raketa va havo mudofaasi tizimlarini ko‘proq yetkazib berishni izchil talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi vaziyat Rossiyaga nisbatan Ukrainaga og‘irroq tushmoqda, deb aytish mumkin.
Muzokarachilarning kelishi aynan shu sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi. Jared Kushner va Stiv Uitkoff, avvalo, Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga olib kelish hamda kelishuvga erishishdan manfaatdor. Bu Donald Tramp uchun ham juda muhim, chunki u urushni tugatish borasida katta va’dalar bergan. AQShdagi ichki siyosiy vaziyat ham bu jarayonga bevosita ta’sir qilishi mumkin. Trampga qarshi bo‘lgan demokratlar va hatto ayrim respublikachi elitalar uning siyosiy zaiflashishidan manfaatdor. Chunki Tramp “Amerika birinchi o‘rinda” siyosatini ilgari surib, AQShning an’anaviy ittifoqchilari bilan munosabatlarda keskinroq yondashuvni tanlamoqda. Bu esa G‘arbning yagona siyosiy tizim sifatida harakat qilishiga ta’sir qilayotgan omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Shu sababli Tramp uchun urushni imkon qadar tezroq tugatish siyosiy jihatdan ham muhim.
Zelenskiy ham dastlab urushni qishgacha, ya’ni yil oxirigacha tugatish zarurligini ta’kidlagan edi. Keyinchalik esa muzokaralar va ehtimoliy kelishuv muddatlari bahorgacha cho‘zilishi mumkinligi haqida fikrlar paydo bo‘ldi. Hatto urush 2028-yilgacha davom etishi mumkinligi haqidagi prognozlar ham yangramoqda. Demak, hozir vaziyat bo‘yicha turli va bir-biriga zid qarashlar mavjud. Ammo Kushner va Uitkoffning yondashuvida muhim jihat shuki, Rossiyada yakuniy qarorni qabul qilish vakolati asosan Putinning o‘zida. Jamoatchilik kayfiyati va ichki siyosiy jarayonlar unga ma’lum darajada ta’sir qilishi mumkin, ammo Rossiya tizimi Yevropa davlatlari yoki AQShdagi siyosiy mexanizmlardan farq qiladi. Ularning fikricha, Moskva hozir qisqa muddatli sulhdan unchalik manfaatdor emas.
Rossiya urushni vaqtincha to‘xtatish emas, balki keyinchalik yangi mojaro kelib chiqishining oldini oladigan kengroq tinchlik kelishuvini istamoqda. Ya’ni Moskva uchun oddiy sulh emas, urushning yakuniy shartlarini belgilaydigan kelishuv muhim.
Shu bilan birga, Rossiya prezidenti uch tomonlama muzokaralarga ham rozi ekanini bildirmoqda. Zelenskiy ham AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokidagi muzokaralar formatini rad etmayapti. Shuning uchun hozircha bu jarayonning qanday yakunlanishini oldindan aniq prognoz qilish qiyin. Tomonlarning muzokaraga tayyorligi mavjud, biroq ularning urushni qanday shartlar asosida tugatish borasidagi pozitsiyalari hanuz keskin farq qilmoqda.

