Ko‘chada ruchka sotgan yigitdan Bollivud afsonasigacha: Jonni Leverning kulgi ortidagi hayoti

Ko‘chada ruchka sotgan yigitdan Bollivud afsonasigacha: Jonni Leverning kulgi ortidagi hayoti
Hind kinosida shunday aktyorlar bor-ki, ular bosh rolni o‘ynamasa ham, filmning eng yodda qoladigan qahramoniga aylanishi mumkin. Jonni Lever ana shunday san’atkorlardan biri. Uning mimikasi, taqlid qilishdagi mahorati va o‘ziga xos hazillari 1990-yillar boshida ulg‘aygan tomoshabinlar xotirasida muhrlanib qolgan.
Biroq ekranda odamlarni kuldirgan bu aktyorning o‘zi ham bu darajaga oson yetib kelmagan. U maktabni 7-sinfdan keyin tashlagan, Mumbay ko‘chalarida ruchka sotgan va odamlarni taqlid qilib kuldirgan. Keyinchalik esa Hindistonning eng mashhur komik aktyorlaridan biriga aylangan.
Jonni Leverning asl ismi — Jon Prakash Rao Janumala. U 1957-yil 14-avgustda Hindistonning Andhra-Pradesh shtatida tug‘ilgan. Keyinroq oilasi Mumbayga ko‘chib o‘tadi va bo‘lajak aktyor shaharning King’s Circle hamda Dharavi hududlarida ulg‘ayadi.
Oiladagi moliyaviy qiyinchiliklar sabab u Andhra Telugu maktabida faqat 7-sinfgacha o‘qiydi. So‘ng turli ishlarda ishlab, oilasiga yordam bera boshlaydi. Bir muddat Mumbay ko‘chalarida ruchka sotgani ham uning hayotidagi muhim bosqichlardan biri bo‘lgan.
Ammo Jonni boshqalardan bir jihati bilan ajralib turardi: u taqlid qilishni juda yaxshi ko‘rardi. Ko‘chada ruchka sotayotgan paytida ham Bollivud yulduzlariga taqlid qilib, qo‘shiq kuylab, odamlarni kuldirardi. Shu tariqa uning noodatiy iste’dodi asta-sekin daromad manbaiga aylana boshlaydi.
Qizig‘i, uning mashhur taxallusi ham oddiy tasodif emas.
Jonni bir muddat Hindustan Lever kompaniyasida ishlagan. Ishxonadagi tadbirlarda hamkasblarini taqlid qilib, turli chiqishlar qilardi. Uning komik chiqishlari shu qadar mashhur bo‘lib ketadiki, odamlar uni “Jonni Lever” deb atay boshlaydi. Keyinchalik bu nom uning doimiy sahna taxallusiga aylanadi.
1980-yillarning boshida sahnadagi chiqishlari ko‘payib, u kompaniyadagi ishidan ketadi. Shundan so‘ng Jonni Lever professional komik sifatida faoliyatini davom ettira boshlaydi. U turli konsertlarda, jumladan musiqiy shoular va gastrollarda qatnashib, asta-sekin katta auditoriyaga tanila boshlaydi.
Jonni Lever hayotidagi katta burilishlardan biri aktyor Sunil Datt bilan bog‘liq. Uning sahnadagi chiqishlaridan birini ko‘rgan Sunil Datt yosh komikning iste’dodiga e’tibor qaratadi. Keyinchalik Lever kino olamiga kirib keladi. 1980-yillar o‘rtalarida esa “Hope 86” xayriya tadbiridagi chiqishi uning uchun yana bir muhim qadam bo‘ladi. U yerda butun hind kino sanoati vakillari oldida sahnaga chiqib, tomoshabinlarni kuldiradi. Shundan so‘ng prodyuser Gul Anand unga “Jalwa” filmida rol beradi.
Ammo Jonni Leverning haqiqiy mashhurligi 1990-yillarda boshlanadi.
Jonni Lever ko‘pincha bosh qahramonning do‘sti, yordamchisi yoki kulgili vaziyatlarga sabab bo‘ladigan ikkinchi darajali personajlarni ijro etgan. Lekin uning ekrandagi ishtiroki ko‘pincha filmning eng yorqin qismlaridan biriga aylangan.
Umuman olganda, u 300 dan ortiq hind filmlarida suratga tushgan.
Uning aktyorlik uslubi ham boshqalardan keskin farq qilardi. Jonni Lever shunchaki matnni aytib beradigan komik emas edi. Yuz ifodasi, ovoz, tana harakati va turli personajlarga taqlid qilish uning asosiy qurollari bo‘lgan. Shu sababli ko‘pincha bir necha soniyalik sahnaning o‘zi ham tomoshabin yodida qolardi.
Jonni Leverning komediya janridagi mehnati kino sanoatining eng nufuzli mukofotlaridan biri — Filmfare tomonidan ham e’tirof etilgan.
U “Eng yaxshi komik aktyor” nominatsiyasida jami 13 marta nomzod bo‘lgan. Aktyor ikki marta — “Devona-yu Mastona” va “Kuyov Raja” filmlaridagi rollari uchun Filmfare mukofotini qo‘lga kiritgan.
Uning faoliyati faqat kino bilan cheklanib qolmagan. Jonni Lever minglab jonli chiqishlarda qatnashgan. 1999-yilgi Filmfare marosimida esa Maykl Jeksonga taqlid qilgani uning eng esda qolarli sahna chiqishlaridan biri bo‘lgan.
Jonni Lever 1984-yilda Sujatha Leverga uylangan. Ularning ikki farzandi — qizi Jamie va o‘g‘li Jesse bor.
Ayniqsa qizi Jamie Lever otasining izidan borib, komediya va aktyorlik sohasini tanlagan. U zamonaviy hind komediya sahnasida o‘z nomini yaratishga harakat qilmoqda.
Jamiening so‘zlariga ko‘ra, Jonni Lever uyda jiddiy, tartibli inson bo‘lib, hatto kunlik 10 ming qadam yurishni ham kanda qilmaydi. Jamie, shuningdek, otasi 1990-yillarda ish bilan juda band bo‘lganini, keyinchalik esa oilasiga ko‘proq vaqt ajratish uchun filmlar sonini kamaytirganini ta’kidlagan.
Jonni Leverning hikoyasi faqat Bollivuddagi muvaffaqiyat haqida emas. Uning faoliyati Hindiston kinosida komik aktyorlarning imkoniyatlari qanchalik kengayganini ham ko‘rsatadi.
U bosh rolni ijro etmagan filmlarda ham bir necha daqiqalik sahnalari bilan tomoshabinni kuldira olgan. Eng muhimi, u komediyani shunchaki ikkinchi darajali unsur emas, balki aktyorning mustaqil kuchi sifatida namoyon qilgan.

