Kiyev–Mikolayiv yoʻlovchi poyezdiga zarba berildi
Ukrainaning Dnipropetrovsk viloyati Nikopil tumanida yoʻlovchi avtobusiga Rossiya droni zarba berishi oqibatida besh kishi halok boʻldi, kamida yetti kishi jarohatlandi. Rossiya qoʻshinlari Kiyev–Mikolayiv yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdiga ham zarba bergan, biroq undagi odamlar oldindan evakuatsiya qilingani sababli jabrlanganlar boʻlmagan.

Kiyev–Mikolayiv yoʻlovchi poyezdiga zarba berildi
Rossiya armiyasi 16-sentabr kuni Ukrainaning Dnipropetrovsk viloyati Nikopil tumanida harakatlanayotgan yoʻlovchi avtobusiga dron bilan hujum qildi.
Dnipropetrovsk viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Aleksandr Ganjaning aytishicha, hujum natijasida besh kishi halok boʻlgan, yana kamida yetti kishi jarohat olgan.
Yoʻlovchi poyezdiga ham zarba berildi
Shuningdek, Rossiya qoʻshinlari Kiyev–Mikolayiv yoʻnalishida qatnaydigan 122-sonli yoʻlovchi poyezdini ham nishonga olgan.
«Ukrzalіznitsya» temiryoʻl kompaniyasi xabariga koʻra, monitoring guruhi xavf haqida oldindan ogohlantirgan. Shu sababli lokomotiv va poyezd brigadalari hamda barcha yoʻlovchilar vaqtida evakuatsiya qilingan.
Hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan. Evakuatsiya qilingan yoʻlovchilar manziliga yetib olishi uchun avtobuslar yoʻlga qoʻyilgan.
16-sentabrga oʻtar kechasi Rossiya qoʻshinlari Kiyevga ham reaktiv dronlar bilan hujum qilgan.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, Svyatoshinskiy tumanidagi ombor binosida yongʻin chiqqan. Hujum oqibatida bir kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Xersonda ham Rossiyaning FPV-droni yengil avtomobilga zarba berganini bildirdi. Zarba oqibatida avtomobil yonib ketgan, keyinroq yongʻin oʻchirilgan. Ushbu hodisada jabrlanganlar qayd etilmagan.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari maʼlumotiga koʻra, 16-sentabrga oʻtar kechasi Rossiya Ukraina hududiga 80 ta zarbdor uchuvchisiz uchish apparati bilan hujum qilgan.
Ukraina tomoni 63 ta dron havo hujumidan mudofaa vositalari bilan urib tushirilgan yoki bostirilganini maʼlum qildi.
Harbiy-havo kuchlariga koʻra, yettita joyda dronlar nishonga tekkani, yana ikkita hududda esa urib tushirilgan apparatlar parchalari yerga qulagani qayd etilgan.

