Kiyevga raketa zarbalari: uylar va tibbiyot muassasasi shikastlandi
Rossiya qoʻshinlarining 21-oktabr oqshomida Kiyevga raketa hujumi oqibatida olti kishi jabrlandi, ularning toʻrt nafari shifoxonaga yotqizildi. Shaharning uch tumanida turar joylar, tibbiyot muassasasi va transport infratuzilmasi obyektiga zarar yetgan.

Kiyevga raketa hujumlari: uylar va tibbiyot muassasasi zarar ko‘rdi
DW xabariga ko‘ra, Kiyev meri Vitaliy Klichko hujum oqibatlari haqida Telegram kanalida ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shaharga jami 10 ta raketa, jumladan, «Iskander-M», «Sirkon» va S-400 uchirilgan.
Dniprovskiy tumanida ikkita xususiy uy hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi binosi zarba ostida qolgan. Shuningdek, yonilg‘i quyish shoxobchasi yaqiniga parchalar tushgan.
Darnitskiy tumanida transport infratuzilmasi obyekti shikastlangan. Klichko bu obyekt haqida qo‘shimcha tafsilot bermagan. Pecherskiy tumanida esa tibbiyot muassasasiga zarar yetgan.
Hujumdan keyin Kiyev shahar harbiy ma’muriyati dronlar xavfi ham saqlanib qolayotganini bildirgan va aholini boshpanalarda qolishga chaqirgan.
Kiyev so‘nggi kunlarda ham raketa va dron hujumlariga duch kelgan. 20-oktabrdagi dron hujumlarida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohatlangan. Nikolay Strajesko nomidagi Kardiologiya institutining operatsiya xonasi ham shikastlangan, bir bemor yaralangan.
O‘sha kuni energetika obyektiga dron kelib urilgani sababli shaharning to‘rt tumanida elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan. Undan oldingi tunda esa Kiyev yaqinidagi dron hujumlarida olti kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
18-oktabr oqshomidagi raketa hujumida 21 yoshli qiz halok bo‘lgan, kamida besh kishi jarohatlangan. Dniproning chap sohilidagi metro bekatlaridan biri ham shikastlangan edi.

