Dunyo

Rossiya Kiyevga ballistik raketalar bilan zarba berdi

Rossiya qoʻshinlari 30-sentabrga oʻtar kechasi Kiyev va Kiyev viloyatiga raketa hamda dronlar bilan hujum qildi. Ukraina rasmiylariga koʻra, Vishgorodda vayron boʻlgan xususiy uy ostidan bir bolaning jasadi topilgan, yana uch kishi tirik qutqarilgan.

Rossiyadan Kiyevga ballistik raketalar bilan zarba berildi

DW maʼlumotiga koʻra, Kiyev viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenko Vishgorodda vayronalar ostidan bir erkak, bir ayol va yana bir bola tirik holda chiqarilganini bildirgan. Ularga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Tkachenkoning aytishicha, viloyatning Vishgorod tumanida bir nechta xususiy uyga zarar yetgan va ular vayron boʻlgan. Turar joylar hamda garajlarda yongʻin chiqqan.

Bucha tumanida uchta xususiy uy, 11 ta avtomobil va ikkita omborxona zararlangan. Bu hududda ham yongʻin yuz bergan. Shuningdek, Bucha, Vishgorod va Obuxov tumanlaridagi infratuzilma obyektlarida hujum oqibatlari qayd etilgan.

Kiyevning oʻzi ham shu kecha ballistik raketalar bilan nishonga olingan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning aytishicha, Svyatoshin tumanida xususiy turar joylar hududida, Obolon tumanida doʻkonda, Goloseyev tumanida esa ombor binosida yongʻin chiqqan.

Klichko Kiyevda ikki kishi jarohat olganini, ulardan biri — ayol shifoxonaga yotqizilganini maʼlum qilgan.

Kiyev va uning atrofi bir necha kundan beri hujum ostida

27-sentabr kuni Kiyev yaqinidagi Sofiyevskaya Borshchagovka qishlogʻida joylashgan «Stolichniy» bozoriga dron urilgan. Ukraina rasmiylariga koʻra, ikki kishi halok boʻlgan, yana 10 kishi yaralangan. Shu kuni Kiyevning bir nechta tumani ham dronlar hujumiga uchrab, oʻnlab odam jabrlangan.

28-sentabrga oʻtar kechasi Ukraina poytaxtiga yana dronlar bilan hujum qilingan va bir necha kishi yaralangan. Kunduzi esa Ukraina Milliy fanlar akademiyasi binosi zarbaga uchrab, kuchli yongʻin chiqqan. Klichko 28-sentabrdagi hujumlar oqibatida Kiyevda ikki kishi halok boʻlgani va 26 kishi jabrlanganini bildirgan.

29-sentabrga oʻtar kechasi ham poytaxtga raketa va dronlar bilan zarba berilgan. Raketa parchalari turar joy yaqiniga, dron esa yoʻlning qatnov qismiga tushgan. Oʻsha hujumda halok boʻlganlar yoki jabrlanganlar haqida maʼlumot kelib tushmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.