Dunyo

Kiyev Patriot raketalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH prezidenti Donald Tramp Kiyevga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar ishlab chiqarish litsenziyalarini berish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilganini bildirdi. Uning aytishicha, Ukrainada ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga taxminan bir yarim yil ketishi mumkin.

Kiyev Patriot raketalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi

AFP agentligi 25-sentabr kuni Zelenskiyning jurnalistlar bilan onlayn suhbatiga tayangan holda xabar berishicha, bu masala Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida Tramp bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda muhokama qilingan.

Zelenskiyning aytishicha, tomonlar aniq kelishuvlarga erishgan. Tramp soʻnggi uchrashuvda yakuniy qaror qabul qilganini va Ukraina Patriot raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziyalar olishini taʼkidlagan. Ukraina rahbari kelishuvning boshqa tafsilotlarini oshkor qilmagan.

Iyul oyida ham Vashington Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini berishga rozi boʻlgani haqida xabarlar chiqqan edi. Oʻshanda ukrainalik yuqori martabali amaldorlar tomonlar kelishuvni amalga oshirish bosqichiga oʻtishga tayyorligini bildirgan.

Biroq koʻp oʻtmay litsenziya berish masalasi yana noaniq boʻlib qolgan. Tramp oʻzining ustuvor vazifasi raketalar emas, balki Rossiya boshlagan urushni tugatish ekanini aytgan.

Sentabr boshida AQSH davlat kotibi Marko Rubio litsenziya berish boʻyicha muzokaralar qayta boshlanganini tasdiqlagan. Zelenskiy esa litsenziya olingan taqdirda ham Ukraina hududida raketalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun taxminan bir yarim yil kerak boʻlishini qayd etgan.

«Suspіlne» mediakompaniyasining Ukraina prezidenti ofisidagi manbalariga koʻra, Kiyev PAC-2 va PAC-3 raketalarini ishlab chiqarish boʻyicha muzokara olib bormoqda.

PAC-3 nishonni bevosita urib yoʻq qilishga asoslangan kinetik usuldan foydalanadi. U Rossiya Ukrainaga qarshi qoʻllayotgan ballistik raketalarni urib tushira oladigan qurollardan biri hisoblanadi.

PAC-2 esa jangovar kallak bilan jihozlangan boʻlib, ballistik nishonni uning yaqinida portlash orqali zararsizlantiradi.

AFP qayd etishicha, Patriot tizimlari Ukraina shaharlari va infratuzilmasini himoya qilishda muhim oʻrin tutadi. Biroq mamlakatda ham ushbu majmualar, ham tutuvchi raketalar yetishmaydi. Agentlik AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi jahonda bu raketalar taqchilligini yanada kuchaytirganini yozgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.