Kinematografiya agentligi tugatiladi, «Oʻzbekfilm» qayta tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev «Oʻzbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etilishini va filmlar ishlab chiqarish toʻliq xususiy sektorga oʻtishini eʼlon qildi.

Kinematografiya agentligi tugatiladi, «Oʻzbekfilm» qayta tashkil etiladi
Oʻzbekistonda Kinematografiya agentligi tugatiladi, kino sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish vakolatlari esa Madaniyat vazirligiga oʻtkaziladi. «Oʻzbekfilm» davlat muassasasi oʻrniga zamonaviy biznes-model boʻyicha ishlaydigan «Oʻzbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Filmlar ishlab chiqarish toʻliq xususiy sektorga oʻtadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida kinematografiya hamjamiyati vakillari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, soha boshqarish, moliyalashtirish va filmlar ishlab chiqarish funktsiyalari aniq ajratilgan yangi tizimga oʻtmoqda. Madaniyat vazirligi tuzilmasida Kinosanʼat departamenti tashkil etiladi, uning rahbari esa maqomiga koʻra vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi. Masʼul shaxslarga bir oy muddatda departament faoliyatini tashkil etish hamda Kinematografiya agentligi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlarni tugatish topshirildi.
«Oʻzbekfilm» milliy kinokompaniyasining oʻzi filmlar suratga olmaydi. U loyihalarni saralash va moliyalashtirish, shuningdek, filmlarni ilgari surish va prokat qilish, ularning xalqaro bozorlar va kinofestivallarga chiqishi bilan shugʻullanadi. Prezident kompaniyani milliy kinobrendni yaratish va zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirishda tayanch markaz va asosiy operator deb atadi. Uning faoliyatini bir hafta muddatda tashkil etish topshirildi.
Qayta tashkil etish prezident uchrashuvda taʼkidlab oʻtgan muammolarni hal qilishga qaratilgan. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda haligacha film ishlab chiqarishdan tortib to uni tomoshabinga yetkazib berishgacha boʻlgan yagona zanjir shakllanmagan. Mirziyoyev xorijiy filmlar tomoshabinlar bilan poʻp-poʻla toʻlayotganini qayd etdi. «Demak, tomoshabin kino va kinoteatrlarga borishdan voz kechgani yoʻq — faqat uning didi va talablari oʻzgargan. Milliy filmlarimiz ushbu talablarga javob beradimi? Afsuski, yoʻq!» — dedi u.
Prezident, shuningdek, zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermaydigan davlat buyurtmasi tizimidagi kamchiliklarga eʼtibor qaratdi. Bitta rejissyorga oltitagacha, bitta muallifga yettitagacha loyiha topshirilgan. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat kinostudiyalariga berilgan, bu esa xususiy kinematografichilar tomonidan raqobatni cheklagan. Oqibatda, prezidentning soʻzlariga koʻra, asosiy mezon kuchli stsenariy va sifatli film yaratish emas, balki topshiriqni tezroq bajarishga intilish boʻlib qolgan. Mirziyoyev sanʼat asarlarini oddiy tovar yoki qurilish obekti kabi texnik topshiriqlar boʻyicha xarid qilish notoʻgʻri ekanini taʼkidladi. U, shuningdek, bugungi kunda professional kinotanqidchilarning fikri yetarlicha inobatga olinmayotganini aytdi.
Soʻnggi oʻn yilda kinematografiyani qoʻllab-quvvatlash uchun ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilindi, «Oʻzbekfilm» kinostudiyasi toʻliq rekonstruktsiya qilindi. Agar 2016 yilda filmlar ishlab chiqarish uchun davlat byudjetidan 10 mlrd soʻm ajratilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 218 mlrd soʻmni tashkil etdi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, ushbu davr mobaynida milliy filmlar soni va sifati ortdi, sohada esa oʻnlab xususiy kinostudiyalar paydo boʻldi.
Prezident kinoni mamlakatning xalqaro obroʻsini oshiradigan «yumshoq kuch» quroli deb atadi. U kinematografichilarni ekranda nafaqat tarixiy shaxslarni, balki zamonadoshlarni — oʻqituvchilar, shifokorlar, sportchilar, harbiylar, tadbirkorlar, quruvchilar va yoshlarni ham koʻrsatishga chaqirdi. Mirziyoyev kinoga nisbatan ilgari surgan «O‘z» gʻoyasini shunday ifodaladi: «Oʻzligimizni anglagan holda, dunyoga oʻz tariximizni oʻz ovozimiz bilan soʻzlab berish».

