Dunyo

Kim Chen Inning qizidan kichik yana bir farzandi bor — razvedka

Kim Chen Inning qizidan kichik yana bir farzandi bor — razvedka

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning vorisi sifatida ko‘rilayotgan qizidan kichik yana bir farzandi bor. Bu haqda 10-sentyabr kuni Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati xabar berdi.

Seul razvedkasi avvalroq Kim Chen Inning uchta farzandi borligini bildirgan edi. Ammo ularning soni va yoshi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas edi. Kimlar sulolasi bu yopiq davlatni uchinchi avloddirki boshqarib kelmoqda. Amaldagi rahbarning farzandlari kelajakda hokimiyatni qo‘lga olishi mumkin.

Kim Chen Inning qizi Kim Ju Ae ilk bor 2022-yilda jamoatchilik oldida ko‘ringan. O‘sha paytda u otasi bilan qit’alararo ballistik raketa uchirish marosimida qatnashgan edi.

Dastlab Seul rasmiylari Kim Chen In va uning rafiqasi Ri Sol Ju 2010-yilda o‘g‘il farzand ko‘rganini ma’lum qilgan. Kim Ju Ae esa ularning ikkinchi farzandi deb hisoblangan.

Biroq 2023-yilda Janubiy Koreyaning birlashuv vaziri hukumat to‘ng‘ich o‘g‘il borligini tasdiqlay olmasligini aytdi. 10-sentyabr kuni razvedka ma’lum qilgan farzand oiladagi eng kichigi hisoblanadi.

“Razvedka xizmati Kim Ju Ae voris sifatida tayyorlanmoqda deb hisoblaydi. Shuningdek, uning jinsi noma’lum bo‘lgan kichik uka yoki singlisi borligini ma’lum qiladi”, deyiladi idora bayonotida.

Shimoliy Koreya o‘z rahbariyati va hukmdor oilasi haqidagi ma’lumotlarni juda qattiq sir tutadi. Shu sababli Kim Chen Inning farzandlari haqidagi oddiy ma’lumotlarni ham tekshirish qiyin.

Razvedka idorasi Kim Ju Aening katta akasi bor-yo‘qligini tekshirishda davom etmoqda. Biroq u mavjud bo‘lgan taqdirda ham, voris bo‘lish mavqeida emas deb hisoblanmoqda.

Unga ko‘ra, farzandlarning yoshi yoki jinsi otasining o‘rnini bosishda ikkinchi darajali masala hisoblanadi.

“Kim Chen Inning o‘zi ham to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lmasa-da, uchinchi avlod rahbari sifatida hokimiyatni meros qilib olgan”, dedi professor.

“Shu sababli u qaysi farzandi o‘z ishini davom ettirishga ko‘proq qodir ekanini e’tiborga oladi”, deb qo‘shimcha qildi u.

2022-yildan beri Kim Ju Ae otasi bilan birga ko‘plab muhim siyosiy tadbirlarda, jumladan, Pekinga qilingan nufuzli tashrifda ham ko‘rinish berdi.

Shimoliy Koreya davlat OAV uni “sevimli farzand” va “buyuk yo‘lboshchi” deb atamoqda. 2022-yilgacha uning mavjudligini faqat NBA sobiq yulduzi Dennis Rodman tasdiqlagan edi. Basketbolchi 2013–2017-yillar oralig‘ida Shimoliy Koreyaga bir necha bor tashrif buyurgan.

Kim Ju Ae qimmatbaho kiyimlarga qiziqishi bilan ham e’tibor tortgan. U Gucci ko‘zoynaklari va Cartier qo‘lsoatida ko‘ringan. Boshqa paytlarda esa u otasiga o‘xshab charm kurtka va qora ko‘zoynak taqib yuradi.

Avvalroq Kim Ju Ae 13 yoshda bo‘lishiga qaramay, yadroviy kuchlar rahbari vazifasini bajarayotgani haqida xabar berilgandi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Ju Ae Shimoliy Koreya raketa tizimining bosh direktori sifatida faoliyat yuritmoqda. Hozirda u harbiy generallardan hisobotlar qabul qilmoqda.

Ayrim holatlarda u hatto 2023-yildan buyon Raketa ma’muriyatini rasman boshqarib kelayotgan Jang Chan Haga emas, balki bevosita harbiylarga topshiriqlar bermoqda. Kim Ju Ae otasi bilan muntazam ravishda yadroviy va raketa sinovlarida qatnashib keladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.