Iqtisodiyot

Keshbekni toʻxtatish va markirovkani kengaytirish: soliqqa oid takliflar ekspertlar nazarida

1 foizlik keshbek toʻxtatilishi evaziga aholi nima oladi, tejalgan 1,8 trillion soʻm qayerga sarflanadi? Yogʻni markirovkalash xarajati kimning zimmasiga tushadi? Ijtimoiy soliq imtiyozlari xodimlar daromadini haqiqatan ham oshirdimi, uni bekor qilish qanchalik toʻgʻri? Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz bilan suhbatda hukumat idoralarining takliflarini muhokama qildi.

**Keshbekni toʻxtatish va markirovkani kengaytirish: soliqqa oid takliflar ekspertlar nazarida**

**Keshbek bekor qilinsa, evaziga nima beriladi?**

**Otabek Bakirov:**

Keshbekni bekor qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatlovchi omillar sanab oʻtilgan, ammo unga qarshi dalillar keltirilmagan. Qaror qabul qilishdan oldin barcha jihatlarni solishtirib koʻrish kerak. Keshbek joriy etilgach, yashirin savdoning qanchasi rasmiylashgani aniqmi? Agar u bekor qilinsa, bu jarayon davom etadimi yoki ortga qaytadimi? Bu savollarga javob beradigan tahlillar hali taqdim etilmagan.

Yiliga 1,8 trillion soʻmlik keshbek toʻlovini bekor qilish evaziga isteʼmolchi nima oladi? “Shuncha maktab, shuncha bogʻcha quriladi” degan umumiy gap yetarli emas. Masalan, tejaladigan mablagʻ “Tashabbusli byudjet”ga yoʻnaltiriladimi yoki isteʼmolchi zimmasidagi boshqa soliqlar kamaytiriladimi? Bunga hujjatlashtirilgan kafolat kerak.

Hozir ayrim oilalar keshbekni oʻz daromadining bir qismi deb biladi, internet va uyali aloqa xarajatlarini ham shunga bogʻlagan.

**Murod Muhammadjonov:**

Men bu tizim joriy etilayotgan paytdayoq hisob-kitobni soʻraganman. Axir chek berayotgan savdo korxonalarining cheklari uchun ham xaridorga 1 foiz toʻlanadi. Qoʻshimcha rasmiylashgan savdodan tushadigan soliq shu xarajatni qoplaydimi? Faqat savdo tushumiga qarash yetarli emas, byudjetga qancha soliq tushganini ham hisoblash kerak.

Balki 1,8 trillion soʻm xarajat evaziga byudjetga ancha koʻp tushum kelayotgandir. Buni oʻrganmasdan biryoqlama xulosa chiqarib boʻlmaydi. Keshbek summasining oʻsishini baholaganda tizimga keyinchalik kiritilgan cheklovlar va suiisteʼmol holatlarining oldini olish choralari ham inobatga olinishi kerak.

**Otabek Bakirov:**

“Oʻrikzor”, “Abu Saxiy” va qurilish bozorlarining keshbek toʻlovlaridagi ulushi tizim boshlanganidan beri qanday oʻzgarganini bilish qiziq. Aynan rasmiylashtirish maqsad qilingan joylarda natija qanday?

Keshbek oʻrniga lotereya oʻtkazish yechim emas, deb oʻylayman.

Muqobil taklifim — mablagʻ qaysi hududda yigʻilgan boʻlsa, oʻsha hududning “Tashabbusli byudjet” jamgʻarmasiga qoʻshimcha yoʻnaltirish. Masalan, tumanda bir milliard soʻmlik keshbek shakllansa, shu mablagʻ oʻsha yerdagi loyihalarga sarflansin. Odamlar chek talab qilishdan oʻz hududi manfaat koʻrishini biladi. Tejalgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishiga ishonch boʻlishi kerak.

## Oʻsimlik yogʻini markirovkalash va biznes zimmasidagi xarajatlar

**Otabek Bakirov:**

Oʻsimlik yogʻini markirovkalash taklifiga munosabatim salbiy. Loyihada bozor hajmi, yashirin aylanma yoki kontrafakt ulushi, kutilayotgan iqtisodiy samara haqidagi hisob-kitoblarni koʻrmadim. Biznes, savdo va isteʼmolchi qancha xarajat qiladi, buning evaziga nima oladi — shu savollarga javob kerak. Yogʻ kundalik zarur mahsulot, uning qimmatlashishi kam daromadli oilalarga qanday taʼsir qilishi ham baholanishi lozim.

Avval markirovkalangan tovarlar boʻyicha mustaqil ekspertiza oʻtkazish kerak. Narxlar qanday oʻzgardi, iqtisodiy naf qancha boʻldi, yashirin aylanma qisqardimi? Baholashni operatorga va boshqa manfaatdor tomonlarga aloqasi boʻlmagan mustaqil ekspertlar oʻtkazishi, natijalar ochiqlanishi kerak. Shungacha yangi mahsulotlarni majburiy markirovkalash roʻyxatiga qoʻshishga moratoriy joriy qilish tarafdoriman.

**Murod Muhammadjonov:**

Men avvalo mavjud tizim toʻgʻri ishlayaptimi, deb soʻragan boʻlardim. Ishlab chiqarishda kodni oʻqishdagi xatolik sabab butun liniya toʻxtashi, uni qayta ishga tushirishga toʻgʻri kelishi mumkin. Logistika, blok va donalab hisob yuritish, kod boshqa joyda ishlatilgan boʻlib chiqishi bilan bogʻliq muammolar bor. Shularni hal qilmasdan tizimga yana mahsulot qoʻshish muammoni kengaytirishi mumkin.

Xarajatni faqat mahsulot narxiga nisbatan kichik ulush deb baholash ham notoʻgʻri. Shartli misol: mahsulot 7 ming soʻmga sotilib, undan 700 soʻm foyda qolsa, 70 soʻmlik qoʻshimcha xarajat sotuv narxining 1 foizi, lekin ishlab chiqaruvchi foydasining 10 foizi boʻladi. Korxona buni yo narxga qoʻshadi, yo foydasi kamayadi, yoki har ikkalasi. Foydaning kamayishi yangi texnologiya va ish oʻrinlariga investitsiya imkoniyatini cheklaydi.

Kichik ishlab chiqaruvchilarga yuk ogʻirroq tushadi. Bir xil uskunaning xarajati katta hajmda ishlab chiqaruvchida koʻproq mahsulotga taqsimlanadi, kichik korxonada esa mahsulot birligiga qimmatroqqa tushadi. Shu sabab bir zavod misolida ishlab chiqarishdan oxirgi isteʼmolchigacha butun jarayonni sinab, xarajat, vaqt yoʻqotilishi va texnik muammolarni hujjatlashtirish kerak. Keyin ommalashtirish haqida xulosa qilsa boʻladi.

**Otabek Bakirov:**

Davlat biznesni muayyan operator (CRPT Turon) xizmatidan foydalanishga majbur qilayotgan ekan, operatorning oʻzi ham hisobdor boʻlishi kerak. Uning moliyaviy hisobotlari, tushumi, xarajati va dividendlari jamoatchilikka koʻrinishi lozim. Men markirovka operatorini jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar roʻyxatiga kiritish masalasini koʻtaryapman. Parlament ham undan iqtisodiyotga qancha manfaat va qancha yuk keltirganini soʻrashi kerak.

## Ijtimoiy soliq imtiyozlaridan kim manfaat koʻryapti?

**Otabek Bakirov:**

Pensiya tizimini muvozanatlashtirish uchun mehnatkashlar va boʻlajak pensionerlarga yoqmaydigan choralarni muhokama qilar ekanmiz, yirik biznesga berilgan ijtimoiy soliq imtiyozlarini ham koʻrib chiqishimiz kerak. Bir tomondan oddiy odamga yuk oshib, ikkinchi tomondan ayrim kompaniyalarga nol yoki 1 foizlik stavka saqlanishi ikki xil standart boʻladi.

Imtiyoz muddatli boʻlishi kerak. Uch yilga berildimi, muddat tugagach natija sarhisob qilinsin: maoshlar qancha oshdi, nechta ishchi rasmiylashdi? Shundan keyin qaror qabul qilish lozim. Mening kuzatuvlarimga koʻra, imtiyozlar ayrim hollarda xodim daromadidan koʻra kompaniya egalarining foydasiga xizmat qildi. Lekin menda toʻliq maʼlumotlar yoʻq. Aksini koʻrsatadigan dalillar boʻlsa, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi ochiq eʼlon qilsin.

**Murod Muhammadjonov:**

Maʼlumot eʼlon qilinmaganini natija boʻlmagan deb qabul qilishga qoʻshilmayman. Kengashdagi muhokamalarda chakana savdo va umumiy ovqatlanishda xodimlarni rasmiylashtirish tendensiyasi oshgani haqida maʼlumotlar koʻrilgan. Ish haqi oʻsishi hamma joyda kuzatilmagan boʻlsa-da, rasmiy bandlikda ijobiy oʻzgarish boʻlgan. Umumiy statistikani hozir ayta olmayman, lekin bu masala muhokama qilingan.

Oʻz amaliyotimda ham shuni koʻrganman: korxona hujjatda 70 xodim koʻrsatib, amalda 300 kishini ishlatayotgan boʻlsa, ijtimoiy soliq stavkasi pasaygani hisobiga hammasini rasmiylashtirishga undaganmiz. Nega bu tahlillar ochiq eʼlon qilinmaganiga men ham javob bera olmayman. Ammo maʼlumot ochiq emasligi uning umuman yoʻqligini anglatmaydi.

Soliqning vazifasi faqat byudjetga pul yigʻish emas, iqtisodiyotni ragʻbatlantirish hamdir. Chekka hududga korxona olib borish, rivojlanishi qiyin sohada ish oʻrni yaratish uchun imtiyoz kerak boʻlishi mumkin. Hammasini bekor qilishdan oldin qaysi hudud va sohaga qanday taʼsir qilishini oʻrganish zarur. Shu bilan birga, alohida kompaniyaga individual imtiyoz berishni qoʻllab-quvvatlamayman.

**Otabek Bakirov:**

Soʻx va Moʻynoq kabi hududlarda ham imtiyoz berilgan davrda rasmiy ishlovchilar va soliq toʻlovchilar soni qanday oʻzgarganini koʻrsatishsin. Asosiy talabim — natijaning ochiqligi. Alohida kompaniyalarga yopiq qaror bilan imtiyoz berilishiga qarshiman. Agar subsidiya bilan soliq imtiyozini taqqoslasak, qisqa muddatga, aniq shartlar va natija talabi bilan beriladigan soliq imtiyozini maʼqulroq deb bilaman. Bu cheksiz imtiyoz berishni davom ettirish kerak degani emas.

## “Uglerod soligʻi ham isteʼmolchi zimmasiga tushmasin”

**Murod Muhammadjonov:**

Uglerod soligʻi mavjud soliqlarga qoʻshimcha qilib joriy etilsa, narxlarga taʼsir qiladi. Yoqilgʻi ishlab chiqaruvchiga yoki shu yoqilgʻidan foydalanadigan tadbirkorga solingan yuk oxir-oqibat isteʼmolchiga boradi. Shu sabab faqat qancha soliq undiramiz yoki chiqindini qancha kamaytiramiz, deb qarash yetarli emas. Aholiga taʼsirini ham hisoblash kerak.

Mavjud aksizning bir qismini uglerod soligʻiga almashtirish variantini koʻrib chiqish mumkin. Shunda masala shunchaki yana bir soliq qoʻshishdan koʻra, amaldagi yukni qayta tashkil etish doirasida hal qilinadi. Aks holda qoʻshimcha xarajat korxonaning daromadini kamaytirib, filtrlash uskunalarini yangilash imkoniyatini ham cheklashi mumkin. Soliq kiritishdan oldin shu taʼsirlar oʻrganilishi lozim.

**Otabek Bakirov:**

Uglerod soligʻining maqsadi byudjetga qoʻshimcha daromad topish emas, atrof-muhitni ifloslantirayotgan korxonalarni texnologiyalarini oʻzgartirishga, ekologik standartlarga yaqinlashishga undash boʻlishi kerak. Men bu soliqning joriy etilishiga qarshi emasman. Lekin mavjud soliqlarni mutanosib oʻzgartirib, yukni qayta taqsimlash masalasi birga koʻrilishi zarur.

Yana bir muhim savol — chiqindilarni adolatli baholash imkoniyatimiz bormi? Koʻmir yoqadigan elektr stansiyasi yoki neft-gazni qayta ishlovchi korxonani qaysi oʻlchov asosida soliqqa tortamiz? Emissiyalarni oʻlchash va baholash vositalari yetarlimi? Taklifni ilgari surayotganlar muayyan korxona misolida buni hisoblab, dalillarni koʻrsatishi kerak.

Ekologik talablar haqida gapirganda issiqxonalar masalasini ham unutmaslik lozim. Ularning faoliyatini toʻxtatish oʻrniga qatʼiy standartlar belgilab, ishlab chiqarishni saqlagan holda talablarni bajarishga erishish mumkin edi. Issiqxonachilarning ham eshitilmagan muammolari bor. Yangi soliq ular zimmasiga ham tushib, keyin mahsulot narxi orqali aholiga oʻtib ketmasligiga eʼtibor berish kerak.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.