Iqtisodiyot

Asl belgisi Zafar Hoshimovning majburiy markirovkalash xususidagi fikrlariga munosabat bildirdi

Asl belgisi Zafar Hoshimovning majburiy markirovkalash xususidagi fikrlariga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, majburiy markirovkalash tovarni butun zanjir bo‘ylab kuzatish, noqonuniy mahsulotning bozorga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, kontrafaktni tezda aniqlash imkonini beradi.

"Asl Belgisi" Zafar Hoshimovning majburiy markirovkalash haqidagi fikrlariga javob berdi.

Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov "Lolazor" podkastida majburiy raqamli markirovkalash tizimining afzallik va kamchiliklari haqida o‘z tajribasi misolida fikr bildirgan edi.

"Gazeta" bu borada "Asl Belgisi" kompaniyasining pozitsiyasini bilish maqsadida so‘rov yubordi. "Asl Belgisi" "Gazeta" so‘roviga binoan Korzinka asoschisining asosiy argumentlari yuzasidan izoh berdi.

Zafar Hoshimov majburiy markirovkalash ishlab chiqarish jarayonida haqiqatda kerakligini, ammo zanjirning keyingi bosqichlarini kuzatishdan ma’no yo‘qligini ta’kidlagan edi.

Kompaniya munosabatida aytilishicha, markirovkalangan suv va salqin ichimliklarni kuzatish faqat ishlab chiqarish bosqichida kerak, degan fikr xato.

Mahsulotlarning noqonuniy aylanmasi yashirin ishlab chiqarish bilan bir qatorda kontrabanda (tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazmasdan olib kirish) va qalbakilashtirish (tovarlarni kustar usulda noqonuniy tayyorlash) kabi holatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Jahon amaliyotida tovarlarni kuzatish – track&trace – tizimi tovar ishlab chiqarish, import qilish va muomalaga kiritishning barcha asosiy bosqichlarini qamrab oladi.

"Bu logistika zanjirining barcha bosqichlarida nazoratni ta’minlashga hamda noqonuniy va qalbaki mahsulotlarning "asl mahsulot" niqobi ostida bozorga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi", – deya izohlaydi kompaniya.

Zafar Hoshimov suhbat davomida markirovkalash tizimi xaridorga xizmat ko‘rsatish vaqtini uzaytirib yuborayotgani bilan bog‘liq bir real vaziyatni keltirgan edi. Unga ko‘ra, kichik litrajdagi bir necha blok suvni kassadan o‘tkazishda har bir mahsulotning markirovka kodini alohida skanerlashga to‘g‘ri kelgan.

Kompaniya buni suv va salqin ichimliklarni markirovkalashda blokdagi mahsulotlar kodini qadoqning umumiy kodiga birlashtirish – agregatlash hozircha ixtiyoriy ekani bilan bog‘laydi.

""Kichik ulgurji" savdoni hisobga olish uchun jahon amaliyotida guruhli qadoq tushunchasi mavjud bo‘lib, raqamli markirovkalash tizimida markirovkalangan tovarlarni agregatlash jarayoni joriy etilgan. Markirovka kodlarini donalab skanerlash guruhli qadoqni yig‘ish paytida amalga oshiriladi, – deya tushuntiradi kompaniya. – Bunda raqamli kamera kerakli DataMatrix kodlarini avtomatik tarzda o‘qib, ularni guruhli qadoq kodiga bog‘laydi".

Natijada suvni butun blok holida hisobga olishda qadoq kodini skanerlashning o‘zi kifoya qiladi.

"Markirovkalash tizimi ichidagi mahsulot qadoqlarini o‘zi aniqlaydi va ularning muomaladan chiqarilishini ro‘yxatga oladi. Bu esa skanerlashlar sonini, demak, xaridorga xizmat ko‘rsatish vaqtini ham qisqartiradi", – deyiladi kompaniya izohida.

Bu yerda bir muhim jihatni qayd etish joiz: blokdan kamida bitta mahsulot sotilgan taqdirda, qadoq kodi ishlamaydi va qolgan har bir mahsulotni alohida skanerlashga to‘g‘ri keladi.

Kompaniyaning eslatishicha, ishlab chiqaruvchilarning iltimosiga binoan markirovkalangan suv va ichimliklarni majburiy agregatlash 2026-yil aprelidan 2027-yil apreliga ko‘chirilgan. Hozirda esa markirovkalangan suv va ichimliklarni agregatlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.

Korzinka asoschisi markirovkalash joriy qilingach, tarmoqning BTB (business to business) orqali suv va salqin ichimliklar ulgurji yetkazib berish hajmi 80-90 foizga tushib ketganini aytib, buni HORECA segmentidagi ko‘plab bizneslar naqd pulda savdoga o‘tib ketgani bilan bog‘lagandi.

Bunga qarshi argument o‘laroq "Asl Belgisi" naqd pulda hisob-kitobni cheklashga qaratilgan bir qator huquqiy hujjatlarni sanab o‘tadi.

"Iqtisodiyotda naqd puldagi hisob-kitoblar hajmini kamaytirish "yashirin iqtisodiyot"ni qisqartirishga qaratilgan umumiy vazifa bo‘lib, bu faqat markirovkalangan tovarlar aylanmasi bilan cheklanib qolmaydi", – deyiladi kompaniya izohida.

Shu o‘rinda kompaniya 2025-yil 10-dekabrdagi prezident Farmoniga muvofiq naqd pulda hisob-kitob qilish taqiqlangan ayrim turdagi tovarlarni eslatadi.

"2026-yil 1-apreldan boshlab nafaqat alkogol va tamaki mahsulotlarini (ular markirovkalangan tovarlar ro‘yxatiga kiradi), balki ko‘chmas mulk, avtomobillar va qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan har qanday tovarlarni (bunday tovarlar markirovkalangan tovarlar ro‘yxatiga kirmaydi) xarid qilishda naqd pulda hisob-kitob qilish taqiqlangan", – deya ta’kidlaydi "Asl Belgisi".

Izohda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-noyabrdagi 407-sonli qarori bilan tasdiqlangan ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tilga olinadi.

"Ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan naqd pulga ulgurji savdo qilishga doir cheklovlar ham "tovarlarning yashirin aylanmasini" kamaytirishga hamda mahsulotni kirim qilish, saqlash va yakuniy iste’molchiga sotishda hisobga olmasdan naqd pulga xarid qilish amaliyotini qisqartirishga qaratilgan".

"Amaliyot B2B formatidagi chakana savdoga talab yuqori ekanligini ko‘rsatayotgani sababli, davlat organlari bilan birgalikda bir tomondan bunday formatning afzalliklarini, ikkinchi tomondan "yashirin aylanamaga" qarshi kurashish vazifalarini hisobga oladigan mexanizmlarni ishlab chiqish zarurati yuzaga kelmoqda", – deya qo‘shimcha qilgan kompaniya.

Zafar Hoshimov qalbakilashtirilgan dori-darmonlar, gazlangan ichimliklardan iste’molchiga (sog‘ligiga, hayotiga) xavf haqiqatda mavjudligini tan olgan.

"Masalan, [qalbaki] doridan, alkogoldan Coca-Colaʼdan jamiyatga, iste’molchilarga risk haqiqatda mavjud. Lekin bu suvdan qanaqa risk?", – deya oddiy gazlanmagan suvga ishora qiladi u.

Kompaniyaning izohlashicha, "suv va salqin ichimliklar" ancha keng iste’mol segmenti bo‘lib, suvdan tashqari tetiklashtiruvchi va quvvat beruvchi ichimliklar, meva-sabzavot sharbatlari, tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar, shu jumladan, gazlangan ichimliklar hamda funksional ichimliklar kabi toifalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, suv ham oddiy ichimlik suvi va mineral buloqlardan olinadigan mineral suvga ajratiladi.

"Noqonuniy aylanma amaliyoti ko‘p jihatdan mahsulot turiga bog‘liq. Masalan, tetiklashtiruvchi va quvvat beruvchi ichimliklar aksiz solig‘iga tortiladi va yuqori marjaga ega, shuning uchun ular ko‘pincha kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi yoki yashirincha ishlab chiqariladi", – deya tushuntiradi kompaniya.

Sharbatlar va tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklarda, kompaniyaning qayd etishicha, "yashirin ishlab chiqarish" tendensiyasi kuzatiladi. Ichimlik va mineral suv niqobi ostida esa ko‘pincha jo‘mrakdan olingan oddiy suv sotiladi.

Shu o‘rinda "Asl Belgisi" suv va salqin ichimliklar segmentida qalbaki mahsulotlar ishlab chiqarish holatlari aniqlanayotgani sohada kontrafakt xavfi mavjudligini tasdiqlashini aytadi. Misol qilinishicha, yaqinda Namangan viloyatida qalbaki energetik ichimlik sotilayotgani aniqlangan.

"Uning markirovka kodi "Asl Belgisi" mobil ilovasi orqali tekshirilganda markirovkalash milliy axborot tizimida mavjud bo‘lib chiqmadi. Bunday tovarni aniqlash raqamli markirovka vositasi yordamida imkonli bo‘ldi, bu esa mahsulotning qonuniyligini tekshirish va aniqlangan qoidabuzarlikni zudlik bilan qayd etish imkonini beradi", – deyiladi izohda.

Ma’lum qilinishicha, Namangandagi hodisa yagona holat emas va butun mamlakat bo‘ylab shunga o‘xshash holatlarning butun bir xronikasiga guvoh bo‘lish mumkin:

Shuningdek, kompaniya 2021-yilda kuzatilgan holatni misol keltirib, kontrafakt mahsulotlar ilgari qanday aniqlangani va hozir qanday aniqlanayotganini taqqoslaydi.

"Markirovka joriy etilishidan avval: Coca-Cola, Fanta va Pepsi antisanitariya sharoitida yashirin sexda ishlab chiqarilgan.

Bu holat faqat Coca-Cola kompaniyasi huquqni muhofaza qilish organlariga rasman murojaat qilganidan so‘ng, bir necha oylik surishtiruvdan keyingina aniqlangan. Bugun esa – ikki daqiqa va "Yuborish" tugmasi kifoya", – deydi kompaniya o‘z izohida.

Zafar Hoshimovning "o‘zi 1200 so‘m turadigan suvning qadog‘ida markirovkaning bo‘lmasligi nomutanosib miqdordagi jarimaga sabab bo‘lishini" aytib, buni mantiqsiz deb atagan edi. Hozirgacha bu sabab bilan hech kim jazolanmagan bo‘lishi mumkin, lekin, uning ta’kidlashicha, baribir potensial xavf istalgan biznes uchun narxga aylanadi.

"Tadbirkor xavfsiragani uchun ham iste’molchi pul to‘laydi", – dedi u.

"Asl Belgisi" bunga javoban raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan belgilanganini qayd etdi.

"Shu bilan birga, jarima miqdori bir necha bor pasaytirish tarafiga qayta ko‘rib chiqilgan", – deya ta’kidlaydi kompaniya.

Amaldagi me’yorlarga ko‘ra, bir yili davomida qayd etilgan dastlabki ikkita qoidabuzarlik uchun qoidabuzarlikni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma beriladi va hech qanday jarima qo‘llanilmaydi. Lekin keyingi qoidabuzarliklar uchun esa jarima miqdori bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Tadbirkor xavfsiragani uchun mahsulot narxi oshishi borasidagi fikrga javoban kompaniya raqamli markirovka suv va ichimliklarning yakuniy qiymati hamda savdo ustamasi miqdorini belgilaydigan omil hisoblanmasligini aytadi.

"Barcha suv va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari raqamli markirovkalash jarayonlarini allaqachon joriy etgan. Bunda 0,5 litrgacha hajmdagi gazlanmagan ichimlik suvi uchun markalash kodlari bepul asosda taqdim etiladi", – deya ma’lum qilgan "Asl Belgisi".

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.