Keniyadagi sekta yetakchisining farzandlari sudga bir necha hafta qolganda ham hanuz och qoldirilmoqda, deydi uning oʻgʻli
Den Makkenzi avvaliga otasini himoya qilgan, ammo endi oʻz buvisi haqida xabar berishi kerakligini his qilganini aytmoqda.

Keniyadagi sekta yetakchisining farzandlari sudga bir necha hafta qolganda ham och qoldirilmoqda, deydi uning oʻgʻli
Pol Makkenzi taʼlim olish taqiqlangani va zamonaviy tibbiyot "yovuzlik" ekanini aytgan edi
191 kishini oʻldirganlikda aybdor deb topilgan Keniyadagi sekta yetakchisi Pol Makkenzining katta oʻgʻliga koʻra, uning uukalari atigi ikki hafta oldin ham ochlik tutishga majbur qilingan.
27 yoshli Dan Makkenzining aytishicha, u politsiyaga xabar bergan, politsiya xodimlari buvisining uyidan sakkiz nafar bolani, jumladan, uning besh nafar ukasini qutqarib, qutqaruv markaziga olib ketgan.
"Ular aslida majburan och qoldirilgan, chunki deyarli uch kun davomida ularga ovqat berilmagan", deydi u Bi-bi-sining Newsday dasturiga.
Dushanba kuni uning otasi Keniya sohillari yaqinidagi Shakaxola oʻrmonida ochlikdan vafot etgan 190 nafar bola va bir nafar katta yoshli kishini oʻldirganlikda aybdor deb topildi.
U oʻzining qiyomat kuni sektasi aʼzolariga "Iso bilan uchrashish" uchun oʻzlarini va farzandlarini ochlikdan oʻldirishni buyurgan edi.
Sektaning yana 28 nafar rahbari ham qotillikda aybdor deb topildi.
Dastlab otasini himoya qilgan Dan Makkenzi avvaliga sekta yetakchisiga qoʻyilgan ayblovlarni tushunishga qiynalganini, ammo keyinchalik sud majlislari davomida fojianing koʻlamini anglab yetganini aytdi.
"12 yoshimda meni deyarli bir hafta och tutishga majbur qilishgan", deydi u. U shuningdek, bolaligida ibodatga borishga majburlash uchun cherkov aʼzolari uni soatlab kaltaklaganini eslaydi.
Endilikda u ukalarini ozod qilish uchun hali ham ushbu taʼlimotlarga ishonuvchi oila aʼzolari haqida xabar berishga majbur boʻlganini aytmoqda. "Men buvim haqida xabar berishimga toʻgʻri keldi."
Sekta yetakchisining taʼlimotiga koʻra, taʼlim olish taqiqlangan va zamonaviy tibbiyot "yovuzlik" boʻlgan.
"Men yetti yoshimda maktabni tark etganman", deydi Dan.
Hozirda Malindi sohil boʻyi shahrida yashaydigan Dan mototsiklda taksichilik qilib, oʻzi va ukalarini boqmoqda.
Uning aytishicha, shahardagi baʼzi odamlar otasining jinoyatlari sababli undan jahli chiqqan, ammo boshqalar "u bunday hayotdan uzoqlashgani uchun uni qabul qilishgan".
"Umid qilamanki, sud hukmi yaqinlari va qarindoshlarini yoʻqotganlarga biroz taskin beradi", deydi Dan Bi-bi-sining Newsday dasturiga.
Mombasa port shahrida boʻlib oʻtgan va sakkiz soat davom etgan sud hukmida sudya Diana Mochache Makkenzining ergashuvchilari uni "Isoning notigʻi" deb ishonishganini aytdi.
U bilan birga ayblanayotganlardan biri sudda Makkenzi ochlikka qarshilik koʻrsatgan har bir kishi "tepki va zarbalar orqali" jannatga borishga majbur qilinishi kerakligini aytganini bildirdi.
Sudyaning aytishicha, sekta joylashgan oʻrmondagi dafn marosimlari "toylar" deb taʼriflangan va vafot etganlar "Iso bilan turmush qurgan" deb nishonlangan.
Makkenzi va boshqa sekta rahbarlari, shuningdek, terrorizm, radikallashuv va bolalarni taʼlimdan mahrum qilish bilan bogʻliq alohida ishlar boʻyicha ham ayblanmoqda.
Qotillik boʻyicha chiqarilgan hukm 2023 yilda Keniya sohillari yaqinidagi Shakaxola oʻrmonidagi chuqur boʻlmagan qabrlardan 400 dan ortiq jasad topilganidan keyin hibsga olingan pastorning eng ogʻir ayblovlari boʻyicha birinchi qarordir.
Unga hukm 6 noyabrda oʻqilishi kutilmoqda.

