Keniyada sekta rahbari 190 bolaning oʻlimida aybdor deb topildi
Keniya sudi nasroniy voiz Pol Makkenzi va uning 28 nafar sherigini 190 bola hamda bir katta yoshli shaxsni oʻldirishda aybdor deb topdi. Ularga tayinlanadigan jazo 6-noyabr kuni eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Keniyada sekta yetakchisi 190 nafar bolaning o‘limida aybdor deb topildi
DW xabariga ko‘ra, Mombasa shahri sudi bu qarorni 19-oktabr kuni chiqargan. Ish Makkenzi asos solgan «Xushxabar xalqaro cherkovi» diniy guruhi a’zolarining ommaviy o‘limi bilan bog‘liq.
Makkenzi 2003-yilda tuzgan tashkiloti tarafdorlarini «Iso bilan uchrashish» uchun ochlikdan o‘lishga undagan. Hind okeani sohilidagi Malindi kurorti yaqinida, Shakaxola o‘rmonida joylashgan unga tegishli katta yer maydoni sekta markaziga aylangan.
Xabarda aytilishicha, Makkenzi izdoshlari uchun nihoyatda og‘ir ochlik tartibini joriy etgan. U belgilagan navbatga ko‘ra, avval bolalar, keyin o‘smirlar, ayollar va oxirida erkaklar o‘lishi kerak bo‘lgan. Ayrim holatlarda bolalar ota-onalarining ko‘z o‘ngida ovqatdan mahrum qilingan.
Voiz huquq himoyachilarining shikoyatlaridan keyin 2023-yil aprelida hibsga olingan. Tergov jarayonida sekta a’zolarining bir qismini qutqarishga muvaffaq bo‘lingan, biroq o‘rmondan ko‘plab ommaviy qabrlar topilgan.
Sud-tibbiy tekshiruvlar bolalarning aksariyati ochlikdan vafot etganini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, bo‘g‘ilish va bosh miya jarohatlari oqibatidagi o‘lim holatlari ham aniqlangan.
Keniya ommaviy axborot vositalari bu voqeani «Shakaxola o‘rmonidagi qatliom» deb atagan. Sekta qurbonlarining umumiy soni 400 kishidan oshishi mumkin. Sudning hozirgi qarori esa 190 bola va bir katta yoshli shaxsning o‘limiga oid ish bo‘yicha chiqarilgan.

