Keniya poytaxtida koʻp qavatli bino qulab tushishi oqibatida yetti kishi bedarak yoʻqoldi
Qulab tushgan paytda hali qurilishi tugallanmagan bino vayronalari ostida qolib ketgan odamlarni topish boʻyicha qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Keniya paytaxtida koʻp qavatli bino qulab tushganidan keyin yetti kishi bedarak yoʻqoldi
Keniya poytaxti Nayrobida bino qulab tushganidan soʻng vayronalar ostida qolib ketgani taxmin qilinayotgan yetti kishini topish boʻyicha qidiruv-qutqaruv operatsiyasi oʻtkazilmoqda.
Dramatik videoda 16 yoki 18 qavatli boʻlgani aytilayotgan binoning pastki qavati oʻpirilib tushgani, shundan soʻng inshootning qolgan qismi qulab, atrofdagi koʻchalarga chang bulutini tarqatgani aks etgan.
Bino qulagan vaqtda yuqori qavatlarda oʻnlab quruvchilar boʻlgan, ammo ular deyarli jarohat olmay chiqib ketishga muvaffaq boʻlishgan. Yoʻqolganlar binoning pastki qismida ochilgan doʻkonlarda boʻlgani taxmin qilinmoqda.
Ushbu hodisa Keniyadagi qurilish standartlari va qoidalari bilan bogʻliq xavotirlarni yana kuchaytirdi.
Juma kuni tushdan keyin qulab tushgan vaqtda binoda hali ham qurilish ishlari ketayotgan edi, tasvirlarda binoning tashqi tomonida hali ham qurilish havozalari turganini koʻrish mumkin. Rasmiylarning bildirishicha, pastki qavatlarda 11 ta doʻkon allaqachon ish boshlagan edi.
Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Kipchumba Murkomenning aytishicha, binoda boʻlgan 67 nafar quruvchidan 66 nafari jarohatsiz qochib qutulishga muvaffaq boʻlgan, yana bir xodim esa hayoti uchun xavfli boʻlmagan jarohatlar olgan.
Daily Nation gazetasining xabar qilishicha, ekskavatorlar bilan qazish ishlari vayronalar ostida qolganlar uchun havo yetkazib berishni kamaytirishi mumkinligidan xavotirlanish qutqaruv ishlarini murakkablashtirdi va favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlarini ulardan foydalanishni toʻxtatishga majbur qildi.
Binoning nima sababdan toʻsatdan qulab tushgani va u shaharsozlik qoidalariga muvofiq keladimi-yoʻqmi, degan savollar paydo boʻldi.
Keniya Milliy qurilish boshqarmasi oʻz bayonotida obʼyektning orqasida turgan kompaniyani, shuningdek, arxitektor va konstruktsiya boʻyicha muhandisni aniqlaganini maʼlum qildi, ammo juma kunigacha obʼyekt tekshirilgan yoki tekshirilmaganini aytmadi.
Nayrobi gubernatori Sakaja Djonson mahalliy ommaviy axborot vositalariga bino egalarida binodan foydalanish uchun zarur hujjatlar boʻlmaganini aytdi.
U milliy hukumatni mahalliy hokimiyat organlariga "tasdiqlangan qurilish rejalari va xavfsizlik standartlariga eʼtibor bermaydigan quruvchilarga" jazo qoʻllash uchun beriladigan vakolatlarni kengaytirishga chaqirdi.
Nayrobida binolarning qulab tushishi kamdan-kam uchraydigan hodisa emas, bunga koʻpincha sifatsiz qurilish yoki notoʻgʻri rejalashtirish sabab sifatida koʻrsatiladi.

