«Kechirasiz, siz oʻlgansiz»: bulungʻurlik ayol tirikligini isbotlay olmayotganini aytmoqda
Bulungʻur tumanida yashovchi 25 yoshli ayol davlat elektron bazalarida vafot etgan shaxs sifatida qayd etilganini aytmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, tugʻuruqxonadagi xatolik sabab 2022-yilda u va chaqalogʻi «ona va bola oʻlimi» sifatida bazaga kiritilgan, 4 yil oʻtgan boʻlsa-da, Face ID tizimi va MyGov ilovasida «fuqaro tirik emas» degan maʼlumot chiqmoqda. Viloyat SSB muammo bartaraf etilganini bayon qildi.

«Kechirasiz, siz oʻlgansiz»: bulungʻurlik ayol tirikligini isbotlay olmayotganini aytmoqda
Uning aytishicha, bu holat 2022-yil 14-avgust kuni birinchi farzandini dunyoga keltirish uchun tugʻuruqxonaga murojaat qilganidan soʻng yuzaga kelgan.
- Birinchi tugʻrugʻimda tugʻuruqxonaga borganman. Bolam sunʼiy tugʻuruq orqali tugʻilgan. Oradan uch kun oʻtib, men tugʻuruqxonadan chiqqanimdan keyin qandaydir xatolik bilan bola oʻlimiga ona oʻlimi ham qoʻshib kiritilgan ekan. Shundan keyin meni davlat bazasida vafot etgan deb chiqarib yuborishgan, - deydi Bibimaryam Xolboʻtayeva.
Ayol bu haqda keyingi yili ikkinchi bor tugʻuruqxonaga borganda bilib qolgan.
- Tizimdan meni topa olishmagan. «Fuqaro, siz baza boʻyicha oʻlik deb chiqyapsiz», deyishdi. Bu qanday boʻlishi mumkinligini soʻraganimizda, tugʻuruqxona xodimlari xatolik oʻzlaridan oʻtganini tan olishdi. Hatto kichik qogʻozga xatolik boʻyicha tilxat ham yozib berishdi, - deydi u.
Shundan keyin uning yaqinlari turli idoralarga murojaat qilib, maʼlumotlarni toʻgʻrilashga uringan. Natijada ayolning ayrim hujjatlaridagi muammo bartaraf etilgan, ikkinchi farzandi uchun tugʻilganlik haqidagi guvohnoma ham olingan.
Biroq muammo elektron biometrik tizimlarda saqlanib qolgan.
- Menga hujjatlaringiz hal boʻldi, deb aytishdi. Lekin Face ID orqali tekshirilganda hamon «fuqaro tirik emas» degan javob chiqyapti. Bu holatni kredit olish uchun markazga borganimda yana koʻrdim. Pasportimni berdim, Face ID orqali tekshirishganda «fuqaro tirik emas» deb chiqdi, - deydi Xolboʻtayeva.
Uning soʻzlariga koʻra, MyGov ilovasida ham xuddi shunday maʼlumot aks etgan.
- Isbot uchun MyGov ilovasini ham yuklab koʻrdim. U yerda ham fuqaro vafot etgan deb koʻrsatilgan. Pasport stoliga borsam, ular «muammo bizda emas, baza ishlamaydi», deyishdi. Tugʻuruqxonaga borsam, bosh shifokor ham hayron boʻldi. «Sizni tirik deb kiritib berganmiz, bunday holat birinchi marta boʻlyapti», deyishdi, - deydi ayol.
Bibimaryam Xolboʻtayeva muammoni hal qilish uchun bir qator davlat idoralarining ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qilganini aytmoqda.
- Menga uch kun ichida javob berishlarini aytishdi, ammo javob boʻlmadi. Keyin 1000 raqamiga qoʻngʻiroq qildim. Vaziyatni tushuntirsam, «fuqaro, kechirasiz, agar siz tizimda oʻlgan deb topilgan boʻlsangiz, arizangizni qabul qila olmayman», degan javobni oldim, - deydi u.

