Mahalliy

“Kuniga 40 ga yaqin chaqiruv bo‘ladi” – qulf ochishni kasbga aylantirgan yigit

Toshkent shahrida keksa ayolning uyda ustidan qulflangan holda qarovsiz qoldirilishi voqeasi jamoatchilikda turli bahs va fikrlarni keltirib chiqardi. Kun.uz ushbu holatda manzilga borib, uy eshigini ochgan Ismoil Bahodirovning faoliyati bilan qiziqdi. Qulflanib qolgan eshiklarni ochish xizmati bilan shug‘ullanadigan yigitning aytishicha, kunlik chaqiruvlarning kamida 5 tasi bolalar bilan bog‘liq.

“Kuniga 40 ga yaqin chaqiruv bo‘ladi” – qulf ochishni kasbga aylantirgan yigit

Toshkent shahrida bir keksa ayolning uyda qulflanib, qarovsiz qoldirilishi voqeasi jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz ushbu holatda uy eshigini ochgan Ismoil Bahodirovning faoliyati bilan qiziqdi. Qulflangan eshiklarni ochish xizmati bilan shug‘ullanuvchi yigitning so‘zlariga ko‘ra, kunlik chaqiruvlarning kamida 5 tasi bolalar bilan bog‘liq.

Toshkentlik Ismoil Bahodirov va uning o‘n nafarga yaqin jamoadoshi shahar bo‘ylab kuniga 30-40 tagacha chaqiruvga borib, qulflanib qolgan mashina yoki uy eshiklarini ochib beradi. Ba’zi holatlar qamalib qolgan bolalar yoki yolg‘iz qariyalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Kun.uz muxbiri yaqinda Mirzo Ulug‘bek tumanida uyda ustidan qulflangan holda qarovsiz qoldirilgan keksa ayolni qutqargan Ismoil Bahodirov bilan suhbatlashdi.

“O‘zimning mashinam ham qulflanib qolgan”

Ismoil tibbiyot kollejini tamomlagan. Biroq, mashinasi qulflanib qolishi bilan bog‘liq o‘zi boshidan kechirgan qiyin vaziyat uning taqdirini butunlay o‘zgartirib yuborganini ta’kidladi:

“O‘zimning ham mashinam qulflanib qolgan paytda cho‘ntagimda bir tiyin pulim yo‘q edi. Ustaga beradigan mablag‘im bo‘lmagani uchun nima qilishni bilmay turganimda begona bir inson kelib, hech qanday haq olmasdan ochib bergan. O‘shanda ichimdan o‘tgan minnatdorlikni ta’riflab berolmayman. Xudo xohlasa, odamlarga juda katta yordam beradigan bu ishni o‘rganaman, deganman va boshlaganman”, deydi u.

“Shubhali holatda bosh tortaman”

Hozirda Ismoil o‘z yaqinlaridan iborat 10 kishilik jamoa bilan faoliyat yuritmoqda. Ular chaqiruvga tez yetib borishlari uchun har kuni ertalab Toshkent shahrining turli tumanlariga borib o‘tirishadi.

Ismoil Bahodirov notanish shaxslar mashina ochishni so‘rab murojaat qilganida uning haqiqatan o‘z egasiga tegishli ekani yoki o‘g‘irlik emasligini qanday tekshirish haqidagi savolga bu borada juda ehtiyotkor ekanini ma’lum qildi.

«Bu borada juda ehtiyotkormiz. Masalan, kecha bir chaqiruvga bordim, chaqirgan inson mast ekan, darrov sezdim. Yo‘q, aka, bugun ochmayman, ertaga haydab chiqib ketsangiz og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin, deb ochib bermadim. Shubhali holatlarda xizmat ko‘rsatishdan qat’iy bosh tortamiz. Qolaversa, videolarni montaj qilganda ham yomon niyatdagilar o‘rganib olmasligi uchun barcha sirli va xavfli usullarni kadrdan tashqarida qoldiraman”, deya tushuntirdi u.

Shuningdek, suhbat davomida kundalik ish jarayonidagi quvnoq va esda qolarli voqealar ham tilga olindi.

“Bir kuni Yunusoboddan “zakaz” tushdi. Borsam - to‘yxonadan chiqib mashinaga o‘tirmoqchi bo‘lgan kelin-kuyovning mashinasi qulflanib qolgan ekan. To‘y kuni eshik yopilib qolgan. 12 daqiqada yetib borib, mashina eshigini ochib berdim. Yaxshilikka bo‘lsin, xavotir olmanglar, dedim. Kuyovjo‘ralar, kelin-kuyov hammasi xursand bo‘lib qoldi”, deydi usta.

“Gohida pul, gohida duo olamiz”

Ismoil bu kasbni maxsus o‘quv markazlarida o‘rganmaganini, balki hayot majbur qilganini aytadi. Dastlab qiyinchiliklar bo‘lgan, turli mashinalar ustida izlanib, hatto avtosalonlarga mijoz sifatida kirib, qulflarning tuzilishini kuzatib o‘rgangan.

“Bizda belgilangan qat’iy narx yo‘q, vaziyatga qarab, gaplashib, kelishib ketaveramiz. Lekin mashina yoki uy ichida bola qolib ketsa, tekin. Imkoniyati cheklangan yoki yoshi katta qariyalarga ham doim yordam beramiz. Sharoitidan bilinadigan odamlardan pulni kechib yuborib, faqat duo olamiz. Chunki insonning taqdirini chin dildan qilingan duo o‘zgartiradi”, deya ta’kidlaydi u.

Keksa ayol voqeasi

Ismoilga notanish shaxs Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida yolg‘iz yashovchi keksa ayolning uyi eshigi qulflanib qolgani haqida xabar berishgan. U manzilga borib, eshikni ochgan. Shunda xonadonda yashovchi keksa ayol uning ustidan qulflab ketishganini, bir necha kundan beri ovqatlanmaganini aytgan.

Videolavhada ayolning uyi boshqa shaxslar nomiga o‘tkazib olingani haqida ham gap borgan. Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat zudlik bilan alohida nazoratga olinganini, Bosh prokuratura esa Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 1940-yilda tug‘ilgan L.Juravlyova tumandagi xonadonda yolg‘iz istiqomat qilib kelgan. U sog‘lig‘i bilan bog‘liq bir qator kasalliklar sababli dispanser hisobida turgan.

Ayolga tegishli bo‘lgan xonadon 2025-yil 25-sentyabr kuni notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgan. Uy-joyni begonalashtirish vaqtida ayol o‘z harakatlari ahamiyatini anglash va ularni boshqarish qobiliyatiga oid holatlar hamda uning firibgarlik jinoyati qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tekshirish zarurati mavjudligi inobatga olinib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.