Kavkaz togʻlarida qor koʻchkisi: qurbonlar soni ortmoqda
Rossiyaning Kabardino-Balkariya hududidagi Bezengi darasida qor koʻchkisi ostida qolgan alpinistlardan 11 nafari halok boʻldi. Yana olti kishi bedarak yoʻqolgan, ularni qidirish ishlari davom etmoqda.

Kavkaz togʻlarida qor koʻchkisi: qurbonlar soni oshmoqda
Kabardino-Balkariyadagi Bezengi darasida 6-sentabr kuni qor koʻchkisi yuz berib, bir guruh alpinistlar uning ostida qolib ketdi. 7-sentabr ertalabki maʼlumotlarga koʻra, voqea oqibatida 11 kishi halok boʻlgan, yana olti kishi bedarak yoʻqolgan. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmasi xabar berdi.
Aniqlashtirilgan maʼlumotlarga koʻra, guruh aʼzolaridan oʻn nafari xavfli hududdan mustaqil ravishda chiqib ketishga muvaffaq boʻlgan. Yana olti kishi turli darajada jarohat olib, tibbiyot muassasalariga olib borilgan.
Hozirda hodisa joyida keng koʻlamli qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ularga 56 nafar qutqaruvchi va mutaxassis jalb qilingan. Biroq murakkab togʻ relyefi hamda yangi qor koʻchkilari tushishi xavfi qidiruvni qiyinlashtirmoqda.
Maʼlum qilinishicha, qor koʻchkisi 6-sentabr kuni taxminan soat 17:00 da Mijirgi togʻi yonbagʻridan tushgan.
Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa joyida 15 nafar alpinist boʻlganini bildirgan edi. Oʻsha paytda ikki kishi halok boʻlgani, uch kishi jarohatlangani va yana oʻn nafar kishining qayerdaligi nomaʼlum ekani aytilgan.
Keyinchalik maʼlumotlar aniqlashtirilib, guruhda jami 33 kishi boʻlgani maʼlum boʻldi. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davomida halok boʻlganlar va jabrlanganlar soni haqidagi maʼlumotlar ham yangilandi.
7-sentabr kuni soat 09:00 holatiga koʻra, 11 nafar alpinist hayot bilan mos kelmaydigan ogʻir jarohatlar oqibatida vafot etgan. Yana olti kishining taqdiri hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.
Ob-havo yaxshilansa, bedarak yoʻqolganlarni qidirish ishlariga Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Mi-8 vertolyoti hamda «Xeliekshn» kompaniyasiga tegishli tijoriy vertolyot jalb etilishi rejalashtirilgan.
Hodisadan soʻng Rossiya Tergov qoʻmitasi ehtiyotsizlik yoki xizmat vazifalariga loqayd munosabatda boʻlish bilan bogʻliq modda boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Tergovchilar fojia qanday sharoitda yuz bergani va unga olib kelgan ehtimoliy sabablarni aniqlamoqda.
Shuningdek, hodisa sodir boʻlgan hududda noqulay ob-havo sharoiti boʻyicha oldindan ogohlantirish amal qilgani qayd etilgan.

