Siyosat

“Katta qirg‘in”dagi qatag‘on. Unda ayollar nima uchun qamalgan, bolalarning taqdiri qanday kechgan?

1930-yillardagi “Katta qirg‘in”da 18 mingdan ortiq — ziyoli-yu uy bekasigacha bo‘lgan xotin-qizlar Sovet hokimiyati tomonidan surgun qilingan. Ayrimlari qamoqxonalarda homilador bo‘lib qolgan, ba’zilari qaytgach farzandini topolmagan bu mahbuslar orasida o‘zbek ayollari ham bo‘lgan.

"Katta qirg‘in" davridagi qatag‘onlar: Ayollar nima uchun qamalgan va bolalar taqdiri qanday kechgan?

1938-yil 8-mart kuni Sovet matbuoti ayollarning jamiyatdagi o‘rni va huquqlari haqida maqolalar chop etdi. "Sotsialistik vatanning jonboz patriot xotin-qizlari" sarlavhali maqolada 9 milliondan ortiq ayol davlat idoralarida, 100 mingga yaqin ayol muhandis va texniklar fabrikalarda ishlashi, 18 million mehnatkash ayol sotsialistik dalalarda mehnat qilishi ta’kidlangan. Shuningdek, 57 mingdan ortiq ayol traktorchi kolxozlarda faoliyat yuritishi, ayollarning kolxoz raisi, boshqaruv a’zosi, brigadir bo‘lishi oddiy hol ekanligi qayd etilgan. Maqolada faqat SSSRda ayol to‘laqonli erkin bo‘lgani, davlatni boshqarishda va sotsialistik jamiyat qurishda faol ishtirok etgani, Stalin Konstitutsiyasida ayollarga erkaklar bilan teng huquqlar berilgani va bu huquqlar sotsializm mamlakatining butun boyligi bilan ta’minlangani urg‘ulangan.

Shuningdek, maktab va oliy o‘quv yurtlarining eshiklari sovet ayollari uchun keng ochilgani, 1936-1937 o‘quv yilida boshlang‘ich va o‘rta maktablarda 13 million qiz, oliy o‘quv yurtlarida esa talabalarning 41 foizi ayollar bo‘lgani aytilgan. Xalq xo‘jaligi va madaniyat sohasida ko‘plab ayol mutaxassislar faoliyat yuritgani, 1937-yilda yirik sanoatda 100 mingga yaqin ayol muhandis va texniklar, mamlakatda 50 mingga yaqin ayol shifokor ishlagani keltirilgan. Maqolada sovet davlatida ayol jamiyatning to‘la huquqli a’zosi bo‘lib, uning oldida keng hayot yo‘li ochiq ekanligi, kapitalistik jamiyatda esa ayollar aholining eng huquqsiz, ekspluatatsiya qilinadigan va jabrlangan qismi ekanligi, Yevropaning aksariyat mamlakatlari, Janubiy Amerikaning 16 davlati, Yaponiya, Xitoy, Misr va ko‘plab mustamlaka mamlakatlarida ayollar barcha siyosiy huquqlardan mahrum etilgani ta’kidlangan.

Biroq, 1938-yil 8-martda Sovet matbuoti ayollarning huquqlari va yutuqlari haqida yozgan bir paytda, "Katta qirg‘in" avjiga chiqqan edi. Qatag‘on qurbonlari va surgun qilinganlar orasida ayollar ham bor edi. Fuqarolik va insoniy huquqlari toptalgan, aksariyati begunoh ayollar "bayram"ni sovuq qamoqxona va lagerlarda, oilasi va farzandlaridan uzoqda o‘tkazganlar.

1937-1938-yillardagi "Katta qirg‘in" Oktabr to‘ntarilishidan SSSR parchalanguniga qadar davom etgan Lenin va Stalin davridagi qatag‘onlarning eng shafqatsiz va qonlisi edi. Bu qatliom 1937-yil 30-iyulda "Sobiq quloq qilinganlar, jinoyatchilar va boshqa sovetlarga qarshi unsurlarni qatag‘on qilish operatsiyasi haqida"gi 00447-sonli buyruq bilan boshlangan.

Ushbu buyruqqa ko‘ra, qatag‘on qilinadigan shaxslar ikki toifaga bo‘lingan. Birinchi toifaga "quloqlar", jinoyatchilar va boshqa aksilsovet unsurlarning eng ashaddiy dushmanlari kiritilgan. Ularni zudlik bilan hibsga olib, ishlari "uchliklar" (NKVDning suddan tashqari hukm chiqarish vakolatiga ega hududiy organlari) tomonidan ko‘rib chiqilgach, otuvga hukm qilish belgilangan. Ikkinchi toifaga faoliyati nisbatan sustroq bo‘lsa-da, baribir dushman deb baholangan qolgan barcha shaxslar kiritilgan. Ular hibsga olinib, 8 yildan 10 yilgacha muddatga lagerlarga yuborilishi, ular orasidagi eng ashaddiy va ijtimoiy jihatdan xavfli deb topilganlar esa "uchlik" qarori bilan xuddi shu muddatga qamoqxonalarga jo‘natilishi belgilangan.

1992-yilda tashkil etilgan Arxivlarni maxfiylikdan chiqarish komissiyasi yerosti metall bunkerlarida saqlangan maxfiy materiallar orasidan respublikalar va oblastlar bo‘yicha qancha odam qatag‘on qilinishi belgilangan hujjatlarni topgan. Shu asosda, "Trud" gazetasining 1992-yil 4-iyundagi sonida "Raznaryadka asosida otuv yoki bolsheviklar buni qanday amalga oshirgandi" ("Rasstrel po raznaryadke, ili Kak eto delali bolsheviki") maqolasi e’lon qilingan.

Respublika NKVD xalq komissarlari hamda o‘lka va viloyat NKVD boshqarmalari boshliqlari tomonidan taqdim etilgan hisob ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha qatag‘onga tortilishi lozim bo‘lgan shaxslarning quyidagi soni tasdiqlangan:

- O‘zbekiston SSRdan jami 4750 kishi qatag‘onga mahkum qilingan: birinchi kategoriya bo‘yicha 750, ikkinchi kategoriya bo‘yicha 4000 nafar.

- 100 990 nafar shaxsga hukm o‘qilgan, ulardan 14 305 kishiga (O‘zbekistonda 175 nafariga) hukm o‘qilgan.

- 248 244 kishi (O‘zbekistonda 6566 nafari) hibsga olingan.

- 143 339 kishiga (O‘zbekistonda 1523 nafariga) hukm o‘qilgan.

- 575 070 kishi (O‘zbekistonda 10 700 nafari) hibsga olingan.

- 584 899 kishiga (O‘zbekistonda 10 700 nafariga) hukm o‘qilgan.

- Jami 606 420 kishi (O‘zbekistonda 10 250 nafari) hibsga olingan. 612 472 kishiga (O‘zbekistonda 10 700 nafariga) hukm o‘qilgan.

- 1936-yil 1-oktabrdan 1938-yil 1-iyulgacha 1 420 711 kishi (O‘zbekistonda 32 413 nafari) hibsga olingan. 1 124 000 kishiga hukm o‘qilgan. Qamoqqa olinganlarning 21 880 nafari o‘zbek bo‘lgan.

Tarix fanlari nomzodi, dotsent Nilufar Jo‘rayevaning "Social Sciences and Humanities Research Fundamentals" jurnalida chop etilgan maqolasida esa 1937-1938-yillarda O‘zbekistonda 41 ming kishi qamoqqa olinib, ulardan 6920 nafari otib tashlangani, qolganlari esa uzoq o‘lkalarga surgun qilingani aytiladi.

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i Azizaxon Ahrorovaning so‘zlariga ko‘ra, "Katta qirg‘in"da O‘zbekistondan minglab begunoh kishilar – vatanparvar rahbarlar, ma’rifatparvar ijodkorlar, siyosatning noto‘g‘riligiga aqli yetgan ozodlik kurashchilari qatag‘onga uchragan, otuvga hukm qilingan va jismonan mahv etilgan. Ular orasida ziyoli ayollar ham bo‘lgan, masalan, 4 qator she’r yozgani yoki Germaniyada ta’lim olgani uchun dushmanga chiqarilgan ayollar, shuningdek, 00486-sonli buyruq asosida hech qanday dalil-isbotsiz olib ketilgan uy bekalari ham bor edi.

NKVDning 00486-sonli "Vatan xoinlarining ayollari va farzandlarini qatag‘on qilish tadbiri to‘g‘risida"gi buyrug‘i 1937-yil 15-avgustda, "Katta qirg‘in" doirasida imzolangan. Unda "vatan xoini" deb sudlanganlarning xotinlarini ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra 5-8 yildan kam bo‘lmagan muddatga lagerlarga yuborish belgilab qo‘yilgan. Aziza Ahrorova o‘zining "O‘zbekiston SSRda xotin-qizlarning qatag‘on qilinishi" nomli dissertatsiyasida, ayrim ayollar belgilangan 8 yillik muddat tugaganidan keyin ham ayblov olib tashlanmagani sababli surgundan 25 yil o‘tgach qaytganini ta’kidlagan. Qamoqqa olingan ayollarning yoshi asosan 30-40 atrofida bo‘lgan.

00486-sonli buyruq chiqqan 1937-yil avgustidan 1938-yil 15-oktabrgacha bo‘lgan davrda, to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga ko‘ra, 18 mingdan ortiq "vatan xoinlari"ning rafiqalari qatag‘on qilingan. Aziza Ahrorovaning tushuntirishicha, hali o‘rganilmagan hujjatlar mavjudligi sababli O‘zbekiston hududida qamoqqa olingan va qatl etilgan o‘zbek xotin-qizlarining aniq soni hozircha noma’lum.

Aziza Ahrorova Gazeta`ga bergan intervyusida arxiv hujjatlari tahlil qilinganda, ayollarga deyarli bir xil savollar berilgani – eri bilan qanchadan buyon birga yashayotgani, tanishlari, uyiga kimlar, nima maqsadda kelgani haqida so‘ralgani ma’lum bo‘lganini aytadi. Ayollar turmush o‘rtog‘ining aksilinqilobiy faoliyatiga sheriklik qilish va buni hukumatdan yashirishda ayblangan. Ammo ularning aksariyati shuncha yil birga yashagan umr yo‘ldoshining hukumatga qarshi ish qilmagani, uning aksilinqilobiy faoliyatiga ishonmasligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Xalq komissarlari sovetining rais o‘rinbosari Jo‘ra To‘rabekovning rafiqasi Sora To‘rabekovaning 1937-yil 2-oktabrda qamoqqa olinganidan keyingi tergov jarayoni Aziza Ahrorovaning ayollarning so‘roq qilinishiga doir fikrlariga isbot bo‘la oladi. "Qor qo‘ynida lolalar" manbasidan olingan Sora To‘rabekovaning "jinoiy-arxiv ishi" qaydnomasi parchasida ko‘rsatmalar odatda rus tilida olingani ko‘rsatilgan. Xudoyorxonning nabirasi Saodatxon Aminovaning "Toshturma"dan yozgan arizasi esa ruscha bilmaganlar qanday so‘roq qilingani haqida tasavvur beradi. Saodatxon 1938-yil 13-iyulda aksilinqilobiy qozoq millatchilik tashkilotida ishtirok etganlik va josuslikda shubhalanib qamoqqa olingan.

Aziza Ahrorovaning qayd etishicha, rus tilini bilgan yoki tarjimon bo‘lgan taqdirda ham tergovda ayollar tazyiq ostida moslashtirilgan spravkalarga imzo qo‘yishga majburlangan. Buni u Germaniyada o‘qib qaytgan Maryam Sultonmurodovaning taqdiri misolida tushuntiradi. Ma’lum bo‘lishicha, Maryam Sultonmurodovaga 5 oylik qizini olib qo‘yish bilan tahdid qilinib, ayblov qog‘oziga imzo qo‘ydirilgan.

"Vatan xoini" va "xalq dushmani" deb e’lon qilinganlar, shuningdek, ularning 00486-sonli buyruq asosida qatag‘on qilingan rafiqalari qamoq va majburiy mehnat lagerlariga yuborilgan. GULAG (Axloq tuzatish-mehnat lagerlari bosh boshqarmasi) SSSRdagi majburiy mehnat lagerlari tizimini boshqargan tuzilma edi.

"GULAG tarix muzeyi" 1918-yildan 1960-yilgacha SSSRda faoliyat yuritgan sovet lagerlari tizimi tarixi va geografiyasini aks ettiruvchi "Sovet lagerlarining interaktiv xaritasi"ni ishlab chiqqan. "GULAG map"da "Katta qirg‘in" bo‘layotgan 1937-yilda umumiy soni 30 ming atrofida bo‘lgani aytiladigan mehnat tuzatish lagerlarida 820 881 nafar mahbus saqlangani, 25 376 nafari vafot etgani, 1938-yilda 996 367 nafar mahbus bo‘lgani, ularning 90 546 nafari o‘lgani qayd etilgan.

Nilufar Jo‘rayevaning maqolasida aytilishicha, 1939-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, NKVD majburiy mehnat lagerlarida jazo muddatini o‘tayotganlarning 23 855 nafari, 1942-yil 1-yanvarga kelib esa 26 907 nafari, ya’ni 2 foizi o‘zbek bo‘lgan.

Tarixchilar Arseniy Roginskiy va Aleksandr Danielning tadqiqotida yozilishicha, 1937-yilning iyulida G‘arbiy Sibir va Qozog‘istonda ayollar uchun maxsus lagerlar tashkil qilish buyurilgan. Lekin ular tayyorlab ulgurilmagani tufayli 00486-sonli buyruqda mahbuslarni jo‘natish kerak bo‘lgan joy sifatida Moskva yaqini, Mordoviyada joylashgan Temnikovskiy mehnat tuzatish lageri – "Temlag" ko‘rsatilgan.

1937-yil sentabrga kelib u yerda "vatan xoinlari"ning oila a’zosi bo‘lgan ayollar uchun birinchi maxsus bo‘lim tashkil etilgan. Lekin "Temlag"ga yuborilganlar sig‘may qolgani bois qo‘shimcha lager punktlari bo‘shatila boshlangan. Mahbus ayollarning eslashicha, "Temlag"da 7 mingga yaqin "vatan xoinlari"ning oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlar saqlangan. Mavjud ma’lumotlarda esa aslida ularning soni biroz kamroq, taxminan 4500-5000 nafardan iborat bo‘lgani qayd etiladi. "Temlag" maxsus bo‘limidan so‘ng Tomskda ham mahalliy qamoqxonaga tutash shunday bo‘lim ochilgan. 1937-yil oxiridagi holatga ko‘ra, unda "vatan xoinlari"ning 4 mingga yaqin ayol oila a’zosi jazo o‘tagan.

Xotin-qizlarning ayrimlari chindan ham erkaklar qamoqxonasi, masalan, "Butirka" (бутирская тюрьма)ga yuborilganini tasdiqlagan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Aziza Ahrorova o‘zbek ayollarining aksariyati "Toshturma"da bo‘lgani, ba’zi ziyoli ayollar esa Sibir, Magadanga jo‘natilganini qo‘shimcha qiladi.

"Qamoqxonada 'bu ayol-ku, aybsiz-ku' degan munosabat bo‘lmagan – erkaklar qanday qiynoqqa solingan bo‘lsa, ayollar bilan ham xuddi shu holat bo‘lgan. Zo‘ravonlik asosida bolalar ham dunyoga kelgan. Ayrimlarining ko‘zi yoriganidan keyin chaqaloqlari tortib olingan. Bolalarga bir mahal 80 grammdan sut berilgan – juda ko‘p bolalar vafot etgan. Eri, bolasining taqdiri noma’lum va yana tazyiqlarga uchragan mahkum ayollarning ruhiy holati qanday bo‘lganini bir tasavvur qilib ko‘ring", – deydi Aziza Ahrorova. Uning aytishicha, qamoqxonada homilador bo‘lib qaytgan ayollardan biri Maqsuda Isxoqova edi.

Odatda jazoga hukm qilingan ayollar doimiy ravishda bir lagerdan boshqasiga o‘tkazib turilgan. Masalan, birgina "Butirka" qamoqxonasining o‘zidan Qozog‘istondagi "Vatan xoinlari rafiqalarining Aqmo‘lindagi lageri" – ALJIRga 1600 nafar ayol olib kelingan. SSSRning turli nuqtalari – O‘rta Osiyo, Moskva, Leningrad, Ukraina, Gruziya, Armanistondan keltirilgan mahbuslar shunchalik ko‘pligidan ALJIRda joy yetmagan paytlar ham bo‘lgan.

ALJIR (Акмолинский лагерь жён изменников родины) XX asrda Qarag‘anda mehnat-tuzatuv lagerining Aqmo‘la viloyatidagi R-17 majburiy mehnat lageri bo‘lgan. Ushbu joy 2007-yilda "Siyosiy repressiya va totalitarizm qurbonlarining xotirasiga bag‘ishlangan "ALJIR memorial muzey kompleksi"ga aylantirilgan. Ayanchli voqealarning ramzi sifatida muzeyning tashqi hududida Motam arkasi, ALJIRda bo‘lgan 62 millat vakilining ruhini abadiylashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarning elchixonasi tomonidan o‘rnatilgan Esdalik belgilari, "Umidsizlik va kuchsizlik", "Kurash va umid" kompozitsiyalarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, "Ko‘z yoshlari" stelasi, "ijtimoiy xavfli va antisovet faoliyatga qodir" sifatida qaralgan ayollar saqlangan bino – barak, Alash parki, lagerda jazo o‘tagan 7 ming ayolning ismi yozilgan Xotira devori ham bor.

ALJIRda qariyb 8 ming ayol jazo muddatini to‘liq o‘tagan. Unga "ayb"i – "vatan xoinlari"ning rafiqasi, onasi, opa-singli yoki qizi bo‘lgan xotin-qizlar "krasnuxa" nomi bilan mashhur bo‘lgan qirmizi rangdagi "stalinskiy vagon"larda tashilgan.

Virtual sayohat qilsa bo‘ladigan muzeydan joy olgan eksponatlardan biri – qirmizi vagonga berilgan ta’rifda shunday yoziladi: "Ayollar erlari bilan uchrashuvga ketayotganiga ishongani uchun ham chiroyli kiyingan, ammo ularni lagerga yo‘l kutgan. Vagon ichida joylashgan ikki qavatli so‘rilar 'burjuyka' yordamida isitilgan. Ayollar maktub bitgan. Yo‘lda ularga non, qog‘ozga o‘ralgan seld balig‘i berilgan, ayollar o‘sha qog‘ozni mayda bo‘laklarga bo‘lib, bir tomoniga tishlangan barmoqlaridan chiqqan qon bilan 'Biz tirikmiz, hammasi yaxshi, bizni Qozog‘istonga olib ketishmoqda', deya yozib, orqa tomonida manzilni ko‘rsatishgan".

Ushbu majburiy mehnat lageriga yangi kelgan mahbuslar bo‘ronli va qorli kunlarda, jazirama issiq va yomg‘irda o‘zlari uchun baraklar qurib, ichiga yog‘och so‘rilar o‘rnatgan. Qamish yordamida isitilgan – pechga erta-yu kech qamish solinsa-da, baraklar ichidagi harorat 6-8 darajadan oshmagan. Mahbuslar tikuv fabrikasida ishlagan, dalalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish-saralash, poliz-bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullangan.

Ha, ziyoli-yu oddiy odamlar, erkak-ayol, keksa-yu bolalarni qon qaqshatgan "Katta qirg‘in" Lenin va Stalin "me’morligi"dagi qatag‘onlarning eng chirkin, qonlisi edi. Ammo o‘sha qatag‘on mashinasi – shaxsiy manfaatini "davlat uchun" degan bahona ortiga yashirgan mulozimlar, nima buyurilsa, shuni so‘zsiz bajaradigan "soldat"larsiz bunchalik shiddat bilan ishlamagan bo‘lardi. Tepadan berilgan buyruqqa qulluq qilgan adolatsiz sud, xalq uchun emas, amaldorlarning tantiqliklariga moslashtirilgan qonunlar va totalitar tizimning bunday hadsizliklarini oqlab-ko‘klab bergan matbuot bu mashinaga yoqilg‘i bo‘lgan.

Bu qora kunlarning achchiq sabog‘i shu – hokimiyat, uni ma’lum muddat boshqargan shaxslar, umuman, hech narsa abadiy emas. Tarix zulmni ham, zolimni ham unutmaydi. Kelajak avlod esa kun kelib, hamma narsani o‘z nomi bilan ataydi – biz bugun bir vaqtlar "vatan uchun" degan shior ostida sodir etilgan qilmishlarni jinoyat, "vatan xoini" deb tamg‘alanganlarning aksariyatini chinakam vatanparvar sifatida tan olayotganimiz kabi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.