“Vyortska”: Rossiyada urushga yollangan mahbus ayollardan jinsiy xizmatlar talab qilingan

“Vyorstka” nashrining xabar berishicha, Rossiyada urushga jalb qilingan mahbus ayollardan jinsiy xizmatlar talab qilingan.
Rossiya Mudofaa vazirligi 2024-yilda ilk bor axloq tuzatish koloniyalaridagi ayollarni urushga ommaviy ravishda jo‘natishni boshladi. Biroq, ularga va’da qilingan afv etish o‘rniga, ko‘pchilik qo‘mondonlar tomonidan jinsiy zo‘ravonlik, pul undirish va boshqa tahdidlarga duch kelgan. Bu ma’lumotlar harbiylar va ularning qarindoshlarining ovozli xabarlari, hujjatlari, yozishmalari va ko‘rsatmalariga asoslangan.
Yollovchilar mahbuslarga bir yillik shartnoma, 220 ming rubldan (qariyb 3 ming dollar) boshlanadigan maosh, jarohat uchun 1–3 million rubl, halok bo‘lgan taqdirda 5 million rubl (60 ming dollardan ortiq) hamda sudlanganlikni olib tashlashni taklif qilgan.
“Vyorstka” nashrining yozishicha, ushbu loyiha “Tanlov” deb nomlangan. Birinchi guruh 2024-yil boshida Rossiya janubida saralash va tayyorgarliksiz to‘plangan. Bu guruh o‘z-o‘zini otish, giyohvandlik, ichki mojarolar va janglarda tezda talafot ko‘rgan. Omon qolganlar front ortidagi gospitallarga “sanitarka” qilib o‘tkazilgan.
“Sanitarka”lardan birining so‘zlariga ko‘ra, ularga nisbatan nomaqbul harakatlar darhol boshlangan. Birinchi batalyon komandirining o‘zi ayollarga ularni front chizig‘iga yuborishi yoki gospitalda qoldirishi mumkinligini, ammo buning uchun tunda uning oldiga kelishlari kerakligini aytgan. Ba’zilar rozi bo‘lgan, ammo keyinchalik ofitserning taqsimotga umuman ta’sir o‘tkaza olmasligini tushunib yetgan.
2024-yilning kuzida yollovchilar Irkutsk viloyatining Bozoy qishlog‘idagi koloniyaga kelgan. U yerda “Vagner” jangchilari ikki hafta davomida ayollarga taktik tibbiyotni o‘rgatgan. 73 nafar mahkumdan iborat eksperimental tibbiy bo‘linma tuzilib, 2025-yil Lugansk viloyatidagi 370-tibbiyot batalyoniga olib ketilgan.
Ular orasida giyohvand moddalar savdosi uchun 14 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan, ilgari armlifting bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi bo‘lgan 37 yoshli Lyudmila Poltarakova ham bor edi. Uning harbiy tergovchiga bergan arizasiga ko‘ra, 12-tank polki komandiri Sergey Jitkov 2025-yilning fevralidan martigacha uni “sport massaji” bahonasida huzuriga chaqirib, zo‘rlagan, aprel oyida esa kelgan diviziya komandiriga “xizmat ko‘rsatish” uchun ayollarni yuborishni talab qilgan.
Boshqa “sanitarka”lar ham tazyiq va tahdidlar haqida gapirgan. Jumladan, 23 yoshli Darya Chiruxina unga qandli diabetni davolash rad etilgani va tibbiy yordamdan voz kechish haqida bildirishnoma yozishga majburlanganini aytgan. Ayollar sudlanganliklari sababli ularga ta’til va mukofotlar berilmayotganidan shikoyat qilgan.
Jang maydonidan 300 dan ortiq yaradorni olib chiqqan va o‘zi ham ikki marta yaralangan Poltarakova 2026-yil iyun oyida urush haqidagi o‘z hikoyasini Z-kanalda e’lon qildi. Shuningdek, u askarlardan 300 ming rubldan yig‘ishdan bosh tortgan starshinaning o‘limiga guvoh bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vzvod komandiri starshinaning kvadrosikliga portlovchi qurilma o‘rnatgan.
Ofitser bu ayblovlarni rad etib, yollangan ayolni “patologik yolg‘onchi” deb atagan. Ushbu postdan so‘ng Poltarakovaga nisbatan, uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, “Mudofaa vazirligining benuqson obro‘siga dog‘ tushirgani” uchun bayonnoma rasmiylashtirilgan. 30-iyun kuni esa u Birinchi tank armiyasi harbiy prokurorining o‘rinbosariga o‘zini zo‘rlashgani haqida ariza bergan.
“Vyorstka” manbasining aytishicha, Irkutsk koloniyalaridagi mahkum ayollarning uchinchi guruhi yuqoridan berilgan kutilmagan buyruq bilan bekor qilingan, loyiha muvaffaqiyatsiz deb topilgan. Poltarakovaga jangovar topshiriqqa borish buyrug‘ini bajarishdan bosh tortgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, zo‘rlash ishi qo‘zg‘atilmagan, Jitkov esa 2025-yilda Kantemirov diviziyasi qo‘mondoni lavozimiga ko‘tarilgan.

