“Katta oʻyin” davom etmoqda. U qanday boshlangan edi?
XIX asrda Markaziy Osiyo Rossiya va Britaniya imperiyalari oʻrtasidagi “Katta oʻyin”ning asosiy maydonlaridan biriga aylandi. Xonliklar ikki ulkan kuchning bosimi ostida qoldi, biroq bu geosiyosiy vaziyatning ildizlari jahondagi kuchlar nisbatining oʻzgarishidan boshlangan edi. Hozir ham ikki asr avvalgidek global kuchlar nisbati oʻzgaryapti, Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati esa yanada oshgan.

“Katta oʻyin” davom etmoqda. U qanday boshlangan edi?
- “Katta oʻyin” atamasi nimani anglatadi va bu raqobat qachon, nima sababdan boshlandi?
Bahrom Irzayev, tarixchi:
Bu shartli nom. “Katta oʻyin”ning boshlanishi odatda 1813-yildagi Guliston sulhi bilan bogʻlanadi. Guliston sulhi orqali Eronning Qojorlar sulolasi va Rossiya oʻrtasidagi urush yakunlanib, Kavkazning katta qismi Rossiya nazoratiga oʻtdi. Rossiyaning sharqqa tomon real kirib borishi Yevropada juda jiddiy qabul qilindi. Shundan keyingi jarayonlar tarixchilar tomonidan bugun “Katta oʻyin” deb ataladi.
“Katta oʻyin” atamasini birinchi boʻlib ingliz zobiti Artur Konolli ishlatgan. U sayyoh qiyofasidagi Britaniya razvedkachisi boʻlgan. Biroq bu atamani dunyoga eng mashhur qilgan shaxs Rudyard Kipling boʻldi. U 1901-yilda nashr etilgan “Kim” romanida bu atamani qoʻllagan. Shundan soʻng “Katta oʻyin” tushunchasi keng ommalashib, asosan Markaziy Osiyo va Afgʻoniston ustidan nazorat va taʼsir uchun Buyuk Britaniya hamda Rossiya imperiyalari oʻrtasidagi raqobatni anglatadigan boʻldi.
Ammo bu voqealar tugaganidan ancha vaqt oʻtib, ular muayyan mafkuraviy va tarixiy qarashlar asosida talqin qilina boshlandi. Bugun bu mavzudagi asarlar oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda, oʻzbek siyosatchilari va tarixchilari ham ushbu talqinlardan foydalanmoqda. Menimcha, bu masalaga biroz boshqacha qarash kerak. Bu — shaxsiy fikrim, men “Katta oʻyin” tushunchasini hozirgi mavjud talqini bilan toʻliq qabul qila olmayman.
Chunki bu, bir tomondan, yevrotsentrik tarixiy qarashlarning taʼsiri deb oʻylayman. Yaʼni voqealarga oʻsha tayyor ramka orqali qaralmoqda, goʻyoki Markaziy Osiyo Buyuk Britaniya va Rossiya oʻrtasidagi raqobat natijasida tashkil topgan bufer hudud boʻlgan, goʻyoki Turkistondagi xonliklarning zaifligi ham shu nuqtayi nazardan izohlanishi kerak. Natijada esa oʻsha davr tarixchilari qanday talqin qilgan boʻlsa, biz ham koʻpincha shu talqinni takrorlayapmiz. Vaholanki, menimcha, “Katta oʻyin”ni boshidan oxirigacha, avvalo, oʻz tarixiy nuqtayi nazarimizdan chuqur oʻrganishimiz kerak. Shundan keyingina bu jarayonlarga nisbatan oʻzimizning mustaqil ilmiy va tarixiy fikrimizni shakllantirishimiz lozim.

