Eron kattaroq urushga tayyorlanmoqda – OAV
Yaqin Sharqdagi urush kutilganidan cho‘zilib ketdi. Tehron «uch kunda qulamadi». Yarim yildan buyon Amerika Eronni o‘ziga bo‘ysundira olmadi. Siyosiy va harbiy rahbariyat to‘liq tarkibda, kamida ikki marta o‘ldirilganiga qaramay, Eronda boshqaruv o‘zgarishsiz qoldi.

Eron kengroq urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda – OAV
Yaqin Sharqdagi ziddiyat kutilganidan uzoqroq davom etdi. Tehron "uch kunda qulamadi". Yarim yildan beri Amerika Eronni o‘ziga bo‘ysundira olmadi. Siyosiy va harbiy rahbariyat to‘liq tarkibda qolgan, garchi kamida ikki marta o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, Eronda boshqaruv o‘zgarishsiz qoldi.
Aksincha, endi bu davlatdan ma’lumot olish yanada qiyinlashdi, Inqilob muhofizlari korpusining vakolatlari cheksiz bo‘ldi va korpus armiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Amerika nashrlarining arab davlatlari razvedka ma’lumotlariga tayanib yozishicha, Tehron yaqin kelajakda urushning yanada kengayishiga tayyorlanmoqda.
**Korpusga cheksiz vakolat**
Inqilob muhofizlari korpusi Erondagi asosiy harbiy tuzilma hisoblanadi. Shundoq ham juda katta vakolatga ega bo‘lgan korpus endilikda Eron armiyasi ustidan ham nazoratni qo‘lga kiritadi. Harbiy rahbariyatdagi muhim lavozimlarga Iroq urushi faxriylari va arab davlatlariga zarba berish tarafdorlari tayinlangan.
Tehron kontrrazvedkani kuchaytirgan. Shuningdek, raketa va dron ishlab chiqarish tezlashgan. WSJ'ga ko‘ra, keyingi eskalatsiya davomida Eron Fors ko‘rfazidagi internet kabellariga diversiya uyushtirishi mumkin. Shuningdek, Quvayt va Bahrayn kabi shialar yashovchi arab davlatlarida siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga urinishlar bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Nashr manbalari hatto Quvaytda quruqlik amaliyoti bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan. Arab davlatlari razvedkalari Eron rahbariyati oxirgi vaqtlarda Iroq va Yamandagi tarafdorlari bilan suhbatlarda quruqlik amaliyotlari haqida tobora ko‘proq gaplashayotganiga e’tibor qaratgan.
Eron suvdagi jang maydonini Qizil dengizgacha uzaytirishni istayotgan bo‘lishi mumkin. Saudiya Arabistoni Hormuz bo‘g‘ozi blokadasini aynan shu dengiz yo‘li orqali aylanib o‘tishga intilmoqda. Lekin bu yo‘lda Yaman husiylari borligi vaziyatni saudlar uchun qiyinlashtiradi. Balki husiylarning oxirgi vaqtlarda faol bo‘lib qolgani ham bejizga emasdir.
Eron Amerikani muzokara chalg‘ituvchi vosita deb hisoblab, Vashington jiddiyroq hujumga tayyorlanmoqda degan qarorga kelgan. Ular Trampning tinchlik istayotganiga ishonish o‘rniga, yanada kattaroq urushga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
Biroq Tehronda ham yangi eskalatsiyadan xavotirlanayotganlar bor. Ular urush kattalashsa, mamlakat ichida vaziyat izdan chiqishi mumkin deb hisoblamoqda. Asosiy xavotir yanvar oyidagi kabi ommaviy namoyishlar boshlanib ketishi bilan bog‘liq.
**Bu nima degani?**
Zamonaviy dunyoda kimdir Amerika bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushishini tasavvur qilish qiyin edi. Qo‘shma Shtatlar juda kuchli davlat, oxirgi bir asr davomida aql bovar qilmas darajada kuchayganini tan olmaslik nohaqlik bo‘ladi. Qanday kuchaygani, dunyo energetikasi ustidan nazorat o‘rnatish uchun nimalar qilganini aytmayapman, shunchaki fakt shu – Amerika siyosiy ta’sir doirasi nuqtai nazaridan juda kuchayib ketdi.
Ikkinchi jahon urushida g‘oliblar tomonida jang qilib, Gitler armiyasi ustidan g‘alabada katta hissa qo‘shadi. Amerika pullarisiz bu urushni yutish qiyin bo‘lardi. O‘sha urushda Amerikaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilgan Yaponiya keyinchalik qanday ahvolga tushgani, qanday dahshatli javob bo‘lganini bilsangiz kerak. Amerika o‘z hududiga hujum qilinishiga atom bombasi bilan javob berilishini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilgan, yadroviy quroldan urush sharoitida foydalangan yagona davlat.
Lekin XXI asrda bu davlatning urushlarda ishlari yurishmayapti. Afg‘onistondan sharmandali tarzda chiqib ketishdi. Hali Amerika armiyasining oxirgi samolyoti orqasidan kosada sepilgan suv qurib ulgurmay, Tolibon "kambek qildi" va mamlakatni egallashni boshladi. Ya’ni, amerikaliklar 20 yil Afg‘onistonda hech nima qilmaganini butun dunyo ko‘rdi. Toliblar aksincha avvalgidan ham kuchayib, mamlakat nomini o‘zgartirdi, bugun Yevropa Ittifoqi ular bilan gaplashishga majbur bo‘lmoqda. Vaholanki, Amerika 20 yil davomida "Al-Qoida"ni, amalda "Tolibon"ni yo‘q qilish uchun Afg‘onistonga kirgandi.
Iroq urushi ham shunday sharmandalik bilan tugadi. Amerikani juda katta musulmon olami yomon ko‘rib qoldi. Erondagi urush esa hammasidan oshib tushdi. Tramp "Bu urushda bizning askarlar o‘lmaydi", dedi. "Bu urush emas, shunchaki amaliyot", dedi. Lekin fevralda boshlangan urushning oltinchi oyiga kelib Eronda boshqaruv o‘zgarmadi, yadro dasturidan voz kechilmadi, boyitilgan uran bochkaga solib olib chiqib berilmadi, murvatlar qattiqroq buraldi, erkinlik yanayam siqildi.
Oxir-oqibat Amerika yo‘q qilishga uringan tuzum endi o‘sha Amerika va Isroil bilan yanayam kattaroq urush haqida reja tuza boshladi. Bu har holda dunyodagi eng qudratli davlatga yarashadigan reallik emas.

