Dunyo

Kamqon onadan tug‘ilgan chaqaloq miyasi kichikroq bo‘ladi — tadqiqot

Kamqon onadan tug‘ilgan chaqaloqlarning miyasi kichikroq bo‘ladi — tadqiqot

Kamqonlik (anemiya) bilan og‘rigan onalardan dunyoga kelgan chaqaloqlarning miyasi odatda kichikroq bo‘lishi aniqlandi. Ayniqsa, harakat, o‘rganish va his-tuyg‘ularni boshqarishga mas’ul bo‘lgan muhim hududlar ham kichrayadi.

Olimlar bu tafovutlarni ilk bor bola bir yoshga to‘lganda aniqlash mumkinligini aytishmoqda. Bundan tashqari, bola maktab yoshiga yetganda aqliy rivojlanishda qiyinchiliklarga duch kelishi ehtimoli bor. Jahon bo‘yicha homilador ayollarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i anemiyadan aziyat chekadi.

Anemiya — organizmda eritrotsitlar (qizil qon tanachalari) soni me’yordan kamayib ketadigan holat bo‘lib, u ko‘pincha temir moddasi yetishmovchiligi sabab yuzaga keladi. Kasallik belgilari orasida holsizlik, hansirash va bosh aylanishi bor. Bu holat eng ko‘p Afrika (Saharadan janubiy hududlar) va Janubiy Osiyoda uchraydi.

Buyuk Britaniyadagi Qirollik kolleji hamda Janubiy Afrikaning Keyptaun universiteti tadqiqotchilari Keyptaun shahrida 300 dan ortiq ona va ularning farzandlarini kuzatdi. Ular go‘daklar miyasini uch oyligidan ikki yoshigacha bir necha bor skaner qildi.

Kamqon onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarning umumiy miya hajmi sog‘lom onalar farzandlariga nisbatan o‘rtacha 4 foizga kichikroq ekani ma’lum bo‘ldi. Bunda onalarning barchasida anemiyaning yengil shakli aniqlangan edi.

Miyaning uchta alohida qismida farqlar qayd etildi: putamen (qobiq), caudate nucleus (dumli yadro) va corpus callosum (qadoqsimon tana).

Tadqiqot muallifi va olim Jesika Ringshou bu uchala soha axborotni qayta ishlash tezligi, his-tuyg‘ularni boshqarish hamda ijro etish funksiyasi kabi muhim neyropsixologik jarayonlarga javob berishini aytdi.

Chaqaloqlar guruhlari o‘rtasidagi bu farq bola hayotining dastlabki ikki yilida yanada kuchaygan. Masalan, onasi kamqon bo‘lgan 12 oylik chaqaloqlarda qadoqsimon tana hajmi 4 foizga kichik bo‘lgan bo‘lsa, 24 oylikda bu ko‘rsatkich 6 foizga yetgan.

Ringshouning ta’kidlashicha, bu farqlar vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketmaydi. Bolalar olti yoshga to‘lib, maktabga chiqqanida ham muammo saqlanib qoladi. Keyinchalik bu ularning o‘zlashtirishida sezilarli qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.

Olimaning qo‘shimcha qilishicha, bu topilma avvalgi tadqiqotlar natijasini tushuntirib beradi. Hozirgacha kamqon onalardan tug‘ilgan bolalar rivojlanish testlarida pastroq ball olgani aniqlangan edi.

Anemiyasi bor va sog‘lom onalarning oilaviy daromadi hamda oziq-ovqat ta’minoti kabi boshqa omillari bir-biriga juda o‘xshash bo‘lgan. Shu sababli olimlar aniqlangan farqlarga aynan onadagi kamqonlik sabab bo‘lganiga ishonch hosil qildi.

Ringshou tug‘ish yoshidagi ayollarda anemiyaga qarshi kurashish nihoyatda muhimligini ta’kidladi. U homiladorlik paytida anemiya va temir moddasi yetishmovchiligini aniqlash uchun skrining o‘tkazishni, zarurat bo‘lsa temir moddasi bor tabletkalar yoki inyeksiyalar tayinlashni tavsiya qildi.

Uning aytishicha, anemiyaning sabablari murakkab bo‘lib, ularga yuqumli kasalliklar ham kirishi mumkin. Tadqiqot OIV infeksiyasi bor ayollarda kamqonlik ko‘proq uchrashini ko‘rsatdi. Shu sababli temir moddasi bilan birga yuqumli kasalliklarni ham to‘g‘ri davolash lozim.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.