Kamerondan Komilaga: Jorjiyalik qiz nega Samarqandga koʻchib keldi?
Qizi Oʻzbekistonga oʻqishga ketmoqchi ekanini eshitgan amerikalik ota bu qarordan xavotirga tushdi. U qiziga mamlakat haqida eshitganlarini aytib, fikridan qaytarmoqchi boʻldi. Ammo yigirma yoshli Kameronning Samarqandga ketish qarori qatʼiy edi. Sakkiz oy oʻtib, u bu yerdagi odamlarni yaxshi koʻrib qoldi, kelajagini ham Oʻzbekiston bilan bogʻlash niyatida.

**Kamerondan Komilaga: Jorjiyalik qiz nega Samarqandga koʻchib keldi?**
Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Komila Farriyeva — Kameron Farr bilan suhbatimiz tillarni oʻrganishdan boshlanib, insonlar oʻrtasidagi mehr va ishonch mavzusida davom etdi.
Komila Farriyeva AQShning Jorjiya shtatida tugʻilib oʻsgan. Oʻzbekistonga kelganiga sakkiz oy boʻlgan boʻlsa-da, bu yerdagi hayoti haqida soʻzlar ekan, uning ovozida samimiy hayajon sezildi.
Komilaning aytishicha, u bolaligidan tillarga qiziqqan. Toʻqqiz yoshidan boshlab xorijiy tillarni jiddiy oʻrganishga kirishgan. Avval ispan va nemis tillarini oʻzlashtirgan, keyinchalik til oʻrganishga boʻlgan qiziqishi uni boshqa xalqlar va madaniyatlar bilan ham yaqinlashtirgan.
Uning soʻzlariga koʻra, hozir yigirmata tilda muloqot qila oladi, shulardan oʻn bittasini mukammal biladi. Oʻzbek tilini ham AQShdagi afgʻon oʻzbeklari bilan muloqot orqali oʻrgangan. Turkiy tillar bilan birga yapon tilini ham oʻzlashtirgan.
Til oʻrganishga shu qadar qiziqqan qiz uchun xorijda taʼlim olish ham tabiiy tanlov boʻlgan. Biroq u buning uchun odatiy yoʻnalishni emas, Markaziy Osiyoni, xususan, Oʻzbekistonni tanlagan.
Bu qaror ota-onasi uchun kutilmagan boʻlgan. Dastlab ular qizining Oʻzbekistonga borishiga qarshi chiqishgan. Komila esa mamlakatning madaniyati, odamlari va hayoti haqida tushuntirib, ularni oʻz tanloviga ishontirishga urinib koʻrgan.
“Dastlab dadam u yerlarda kelin oʻgʻirlash boʻladi, deb qarshilik koʻrsatdi. Keyinchalik vaziyatni tushunib, meni bu yerga kelishimga rozilik bildirdi. “Oʻzingni ehtiyot qilsang boʻldi”, dedi”, - deydi Komila.
Hozirda Komila Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil olmoqda. Uning aytishicha, taʼlim usullari unga maʼqul kelgan, muhit esa tillarni oʻrganish va amalda qoʻllash uchun qulay.
Ammo Samarqandni sevib qolishiga faqat universitetdagi taʼlim sabab boʻlmagan. U bu yerda odamlar bilan muloqot qilishni, mahalliy hayotni ichidan oʻrganishni yoqtiradi.
“Oʻtgan bir necha oy ichida Oʻzbekistonda boʻlib, oʻzbek xalqini juda yaxshi koʻrib qoldim. Juda yaxshi odamlar, yordamlarini ayashmaydi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda katta onalar - buvilar juda yaxshi ekan. Ular mehribon va shirinsoʻz.

