Mahalliy

«Kamera, chiroq, motor!» — Toshkentda muhim kinotadbir boshlandi

O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida XI Yevropa kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Kamera, chiroq, motor!» — Toshkentda muhim kinotadbir start oldi

O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida XI Yevropa kinofestivalining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Joriy yilda kinotadbir Toshkent va Urganch shaharlarida tashkil etiladi.

Festival 2024-yilda Fransiya va Lyuksemburg hamkorligida suratga olingan «Bog‘dagi qayiq» animatsion filmi (Slocum et moi) bilan boshlandi. Ushbu multfilm Cartoons on the Bay festivalida eng yaxshi deb topilgan va Pulchinella (Pulcinella Awards) mukofotiga sazovor bo‘lgan.

«Yevropa kinofestivali — madaniyatlarimizning xilma-xilligi hamda umuminsoniy qadriyatlarni aks ettiruvchi hikoyalar orqali Yevropani kashf etish imkoniyati. Bu yil biz kinofestivalni Urganch shahrida ham o‘tkazyapmiz. Kino tadbirining geografiyasini Toshkentdan tashqariga kengaytirish O‘zbekiston viloyatlarida madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yaxshi an’anaga aylandi»,

— dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar festival ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

«Yevropa kinofestivali o‘zbekistonlik tomoshabinlarga Yevropa kinematografiyasining o‘ziga xos badiiy yondashuvlari, turli xalqlarning hayoti, qadriyatlari va ma’naviy olami bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Kino san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik mustahkamlanib, yangi ijodiy g‘oyalar va xalqaro hamkorlik loyihalari uchun zamin yaratiladi. Bugungi kunda O‘zbekiston Yevropa davlatlari bilan kinematografiya sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Qo‘shma filmlar yaratish, tajriba almashish va milliy kino asarlarimizni xalqaro maydonda targ‘ib etish ushbu hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridir»,

— dedi O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov.

Festival dasturi doirasida 23-25-oktyabr kunlari Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida (sobiq «Panorama») hamda 27-oktyabr kuni Urganchdagi Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrda filmlar namoyish etiladi.

Kinofestival uchun Kipr, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya va Sloveniya elchixonalari sara filmlarni taqdim etgan. Ularning aksari milliy va xalqaro kinomukofotlar sovrindori hisoblanadi.

Barcha namoyishlar bepul bo‘lib, filmlar original tilda, o‘zbek yoki rus tilidagi subtitr bilan ko‘rsatiladi.

Festival 2013-yildan buyon har yili Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan Yevropa mamlakatlarining yurtimizdagi elchixonalari bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi ko‘magida tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan yili ham Yevropaning 12 mamlakatidan 12 ta sara film namoyish etilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.