Dunyo

K-ror yulduzi harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunni buzganlikda aybdor deb topildi

K-pop guruhi Winner aʼzosi milliy xizmat vazifasidan muntazam ravishda boʻyin tovlagani uchun shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.

K-pop yulduzi harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunni buzganlikda aybdor deb topildi

Janubiy Koreya sudi K-pop xonandasi Son Min Xoni mamlakatning harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunini buzganlikda aybdor deb topib, unga bir yillik shartli qamoq jazosini tayinladi.

Winner boybendining 33 yoshli aʼzosi 2023 yildan 2024 yilgacha ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritgan Seuldagi mahalla markazida bir necha bor ishga kelmagani aniqlangan.

Janubiy Koreyada sogʻlom erkaklarning barchasi kamida 18 oylik harbiy xizmatni oʻtashi shart. Biroq, ayrimlar sogʻligʻi sababli buning oʻrniga ijtimoiy xizmat vazifalariga tayinlanadi.

Payshanba kuni chiqarilgan qamoq jazosi ikki yilga kechiktirildi (shartli deb belgilandi). Bu shuni anglatadiki, agar u ushbu ikki yillik sinov muddati davomida hech qanday jinoyat sodir etmasa, qamoqdan qutulib qolishi mumkin.

Sudda Mino sahna nomi bilan ham tanilgan Sonning ijtimoiy xizmat xodimi sifatidagi 21 oylik faoliyati davomida 102 marta ruxsatsiz ishga kelmagani maʼlum boʻldi.

Harbiy xizmat — bu «vijdonan» bajarilishi kerak boʻlgan burchdir va ijtimoiy xizmat xodimlari ham «bundan mustasno emas», dedi sud.

Sud, shuningdek, Son ayblovlarni tan olgani va pushaymonligini bildirganini aytdi.

Mahalliy OAV Sonning ijtimoiy xizmat vazifalarini tez-tez qoldirgani va haddan tashqari koʻp kasallik taʼtili olgani haqida xabar berganidan soʻng, rasmiylar 2024 yilda u xizmatdan boʻshatilganidan koʻp oʻtmay tergov boshlagan edi.

Sonning ijtimoiy xizmat markazidagi rahbari ham unga oʻz vazifalaridan qochishga yordam bergani, jumladan, Sonning ishga kelganini koʻrsatish uchun hujjatlarni soxtalashtirgani uchun shartli qamoq jazosini oldi.

Janubiy Koreya sanʼatkorlarining harbiy xizmatga chaqirilishi uzoq vaqtdan beri milliy jamoatchilik muhokamasi mavzusi boʻlib kelmoqda.

«Gangnam Style» ijrochisi Psy 2003 yilda va yana 2007 yilda ikki marta harbiy xizmatga borishga majbur boʻlgani bilan mashhur, chunki Seul sudi u birinchi harbiy xizmati davrida shou-biznes faoliyatini davom ettirib, oʻz vazifalarini eʼtiborsiz qoldirgan deb qaror qilgan edi.

1990-yillar va 2000-yillar boshida mamlakatning eng yirik pop-yulduzlaridan biri boʻlgan Stiv Yu 2002 yilda harbiy xizmatdan boʻyin tovlagani aniqlangach, milliy mojaroga aralashib qolgan edi. Janubiy Koreya rasmiylari u harbiy xizmatni oʻtashi kerak boʻlgan vaqtdan sal oldin fuqarolikdan voz kechib, AQSh fuqaroligini qabul qilganidan keyin uning mamlakatga kirishini taqiqlab qoʻygan.

Harbiy xizmatni oʻtash uchun tanaffus olish Janubiy Koreyaning tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan koʻngilochar industriyasida yangi boshlanayotgan karyera uchun koʻpincha xavf sifatida koʻriladi. Ammo harbiy xizmatdan qochish ham jamoatchilikning qattiq nazorati va huquqiy oqibatlarga olib keladi.

Payshanba kungi hukmdan oldin Son jurnalistlarga qilgan ishidan pushaymon ekanini va «unga shunchalik katta mehr bergan odamlardan uzr soʻrashini» aytgan, deb xabar berdi Seoul Economic Daily.

Biroq, u majburiy burchni bajarish uchun qayta xizmatga borish-bormasligi haqidagi savolga javob bermadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.