Jizzaxda soliq inspeksiyasi bosh inspektori ushlandi
U tadbirkorga tegishli qarzni qarzdorlikni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlar orqali yo‘q qilib berishini va’da qilgan.

Jizzaxda soliq inspeksiyasining bosh inspektori qo‘lga olindi.
Tadbirkorni aldab, pulini o‘zlashtirgan soliq xodimi hibsga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Jizzax shahar soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektori X.Sh. qo‘lga tushdi. U Yakka tartibdagi tadbirkor "T.M."ning 1,4 million so‘mlik soliq qarzdorligini 17 million so‘m deb noto‘g‘ri ko‘rsatgan. Agar tadbirkor bu qarzdorlikni to‘lamasa, tegishli idoralarga xabar berishini aytib, 9 million so‘m evaziga yuqori lavozimdagi tanishlari orqali bu qarzdorlikni yo‘q qilib berishni va’da qilgan.
X.Sh. dastlab 2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Qolgan 7 million so‘mni Jizzax shahar soliq inspeksiyasi binosi oldida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

