Dunyo

Jimmi Kimmel Demokratlar vakili bilan intervyu teleefirga uzatilmasligini aytdi va bunga regulyatorning «tahdidlari»ni sabab qilib koʻrsatdi

Oq uy Kimmelning Jeyms Talariko bilan suhbatiga doir iddaolarini rad etib, teleboshlovchini «rol oʻynash»da aybladi.

Jimmi Kimmel Demokratlar partiyasi vakili bilan suhbat regulyatorning «tahdidlari» tufayli televizorda koʻrsatilmasligini aytdi

Teleboshlovchi Jimmi Kimmel Demokratik partiyadan Senatga nomzod Jeyms Talariko bilan uyushtirgan intervyusi Federal aloqa komissiyasi (FCC) tomonidan boʻlgan bosim tufayli televideniye orqali namoyish etilmasligini maʼlum qildi.

Chorshanba kuni oʻzining «Jimmy Kimmel Live!» tok-shousida chiqish qilgan Kimmel, Donald Tramp prezidentligi davridagi FCC unga va uning shousiga «oddiy anʼanaviy tahririyat qarorlari, ularga yoqmagan mehmonlarni taklif qilish asosida» tahdid qilganini aytdi.

Oq uy matbuot kotibi FCC rahbari Kimmelga Talariko yoki boshqa biror nomzod bilan intervyusi tufayli tahdid qilganini inkor etdi.

Tramp tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan respublikachi Ken Pekston noyabr oyida boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlarda Talariko bilan kuch sinashadi.

Texasdagi ushbu kurash natijasi Demokratlar Donald Tramp prezidentligining soʻnggi ikki yilida AQSh Senati ustidan nazoratni qaytarib ola bilish-bilmasligini hal qilishga yordam beradi.

Chorshanba kungi koʻrsatuvda Kimmel yillar davomida koʻplab siyosiy nomzodlardan, jumladan, Trampning oʻzi birinchi muddatga nomzodini qoʻygan paytda ham intervyu olganini aytdi.

«Endi u prezident boʻlganidan keyin, uning FCC idorasi oddiy, anʼanaviy tahririyat qarorlari, ularga yoqmagan mehmonlarni taklif qilish asosida menga tahdid qildi, shouimizga tahdid qildi, tarmogʻimiz ABC, filiallarimiz va mahalliy stantsiyalarimizga tahdid qildi», dedi Kimmel.

U telekanalning mahalliy stantsiyalari, ayniqsa Texasdagi ABC filiallarini hisobga olgan holda, Talariko bilan intervyusi payshanba kuni televideniye orqali efirga uzatilmasligini va buning oʻrniga YouTube'ga joylashtirilishini qoʻshimcha qildi.

Oq uy matbuot kotibi Devis Ingl BBC'ga bergan bayonotida shunday dedi: «Jimmi Kimmel — koʻpincha qilganidek — ushbu maʼmuriyat siyosati haqida soxta tasavvur yaratish uchun rol oʻynamoqda».

«[FCC] raisi [Brendan] Karr Jeyms Talariko yoki boshqa biror nomzoddan intervyu olish borasida unga tahdid qilgani yoʻq», deya qoʻshimcha qildi Ingl.

FCC koʻrsatuvlar uchun litsenziyalar beradi, shuningdek, radio, TV va sunʼiy yoʻldosh efirlarini tartibga soladi.

«Jimmy Kimmel Live!» shousini efirga uzatuvchi ABC telekanali bir necha oydan beri regulyator va Tramp tomonidan tayinlangan Karr bilan nizolashib kelmoqda.

Sentyabr oyida Kimmel konservativ faol Charli Kirkning otib ketilishi haqida aytgan gaplari tufayli qisqa muddatga efirdan chetlashtirilgan edi. Bu qadam Tramp tomonidan tayinlangan Karr ABC va uning bosh kompaniyasi Disney'ga qarshi chora koʻrish bilan tahdid qilganidan bir necha soat oʻtib sodir boʻldi.

Keyinroq, aprel oyida Tramp va birinchi xonim Melaniya Tramp ABC telekanalini Kimmelning u haqida qilgan hazili uchun jazolashga chaqirishdi.

Кўп ўтмай, FCC Disney'ning telekoʻrsatuvlar litsenziyalarini muddatidan oldin qayta koʻrib chiqishni buyurdi. Bunga javoban ABC oʻtgan oy FCC ustidan daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilib, oʻz tahririyat mazmuni tufayli adolatsiz ravishda nishonga olinayotganini bildirdi.

Tramp baʼzida uning prezidentligini tanqid qilgan bir nechta AQSh telekanallarining FCC litsenziyasini bekor qilishni koʻrib chiqayotganini aytgan.

Fevral oyida AQShning yana bir tungi shou boshlovchisi Stiven Kolber oʻzi ishlaydigan CBS telekanalini FCC tomonidan boʻladigan qasosdan qoʻrqib, Talariko bilan intervyusini efirga uzatishdan bosh tortganlikda aybladi. CBS intervyu efirga uzatilishini toʻsib qoʻyganini inkor etib, faqat «huquqiy tavsiyalar» berganini maʼlum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.