«Jeyms Uebb» koinotdagi eng sirli galaktikalardan birini tasvirga oldi
Astronomlar «Jeyms Uebb» kosmik teleskopi olgan Arp 263 galaktikasining yangi tasvirini namoyish etdi. Gʻayrioddiy shaklga ega bu galaktika olimlarga milliardlab yillar davomida kechadigan galaktikalar toʻqnashuvi va qoʻshilishidan keyin qanday jarayonlar yuz berishini oʻrganish imkonini bermoqda.

«Jeyms Uebb» koinotdagi eng sirli galaktikalardan birini suratga oldi
Yevropa kosmik agentligi (ESA) mutaxassislariga ko‘ra, NGC 3239 nomi bilan ham tanilgan Arp 263 amerikalik astronom Xalton Arp tuzgan «Gʻayrioddiy galaktikalar atlasi»dagi eng noodatiy va gʻalati galaktikalardan biri sanaladi.
Uning asosiy belgisi — tartibsiz va xaotik shakli.
Astronomlar fikricha, Arp 263 bunday gʻayrioddiy ko‘rinishga uzoq o‘tmishda boshqa galaktika bilan to‘qnashib, keyin u bilan qo‘shilib ketgani sababli ega bo‘lgan.
Bu taxminni galaktika atrofidagi ikkita qisqa va egilgan «dum» ham tasdiqlaydi. Bunday tuzilmalar odatda galaktikalarning kuchli gravitatsion o‘zaro taʼsiri, jumladan, ularning to‘qnashuvi natijasida yuzaga keladi.
Arp 263da hozir ham yangi yulduzlar faol ravishda shakllanmoqda. Bu galaktika tarkibidagi gaz kuchli tashqi taʼsirga uchraganini ko‘rsatuvchi belgilaridan biri hisoblanadi.
Odatda ikki galaktika qo‘shilgach, ikkinchi galaktikaning ayrim izlari saqlanib qoladi. Ammo Arp 263 holatida uning ehtimoliy sobiq «hamrohi» deyarli butunlay yo‘qolgan.
Olimlar buni ikki xil taxmin bilan izohlamoqda. Birinchi ehtimolga ko‘ra, ikkinchi galaktika juda kichik bo‘lgan va uning moddasi Arp 263 tomonidan to‘liq yutib yuborilgan. Boshqa taxminga ko‘ra esa, u yorqinligiga nisbatan ancha katta massaga ega bo‘lgan va shu bois uning qoldiqlarini hozir aniqlash qiyin.
Hatto «Jeyms Uebb» teleskopining yuqori aniqligi va sezgirligi ham bu qadimiy jarayonning barcha sirlarini ochish uchun hozircha yetarli emas. Shunga qaramay, teleskopning yaqin infraqizil diapazonda ishlaydigan NIRCam kamerasi Arp 263ning ilgari kuzatish imkoni bo‘lmagan tafsilotlarini namoyish etdi.
Xususan, yangi tasvirda galaktikaning qalin gaz bulutlari ichida yashiringan ko‘plab yulduz hosil bo‘lish hududlarini ko‘rish mumkin.
Galaktika bo‘ylab tarqalgan chang murakkab molekulalar chiqaradigan nurlanishni aks ettirib, tasvirda qizil tusda ko‘rinadi. Yangi yulduzlar shakllanayotgan hududlar atrofidagi ko‘k rangli qismlar esa yulduzlar nuri taʼsirida ionlashgan vodorod gazidir.
Eng faol yulduz hosil bo‘lish hududi ixcham yulduz to‘dalari zanjiridan iborat. Bu zanjir yangi yulduzlar shakllanayotgan eng katta va yorqin tumanlik tomon cho‘zilgan. «Jeyms Uebb» ushbu «yulduzlar beshigi» ichiga nazar tashlash va u yerda allaqachon shakllangan yulduzlarni ko‘rish imkonini berdi.

