Javohir Sindorov “Sinquefield Cup—2026” turnirida qancha ishlab topdi?

Javohir Sindorov "Sinquefield Cup—2026" turnirida qancha daromad oldi?
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQSHning Sent-Luis shahrida yakunlangan "Sinquefield Cup—2026" turnirini kuchli uchlikda yakunlab, 42 ming 500 dollar miqdoridagi mukofot puliga ega bo‘ldi.
"Grand Chess Tour" seriyasining hal qiluvchi bosqichlaridan biri bo‘lgan musobaqaning so‘nggi, 9-turida Sindorov qora donalarda amerikalik Uesli So bilan bahslashdi. 44-yurishdan so‘ng tomonlar durangga rozi bo‘lishdi.
E'tiborlisi, so‘nggi turdagi barcha partiyalar durang bilan yakunlandi. Natijada turnir jadvalida amerikalik Uesli So va hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha bir xil ochko to‘plab, 1-o‘rinni bo‘lishib turishgan edi. Shu sababli chempion nomini aniqlash maqsadida aynan shu ikki shaxmatchi o‘rtasida tay-breyk bahslari o‘tkazildi. Hal qiluvchi armageddon o‘yinida hindistonlik raqibini mag‘lub etgan Uesli So musobaqa g‘olibiga aylandi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 475 ming 685 dollarni tashkil etgan musobaqada g‘olib Uesli So 87 ming 500 dollar, Praggnanandha 77 ming 500 dollar mukofot oldi. Musobaqani bronza medali bilan yakunlagan Javohir Sindorov hamda Vinsent Keymer esa 42 ming 500 dollar ishlab topdi. E'tiborli tomoni shundaki, musobaqa reglamentiga ko‘ra aslida 3-o‘rin egasiga 50 ming dollar, 4-o‘rin sohibiga esa 35 ming dollar mukofot puli belgilangan edi. Biroq Javohir Sindorov va Vinsent Keymer bir xil — 5 tadan ochko jamg‘argani bois, mazkur ikki o‘rin uchun ajratilgan mukofot pullari qo‘shildi (jami 85 ming dollar) va shaxmatchilar o‘rtasida teng taqsimlandi. Shu tariqa ularning har biriga 42 ming 500 dollardan mukofot berildi.
Qiziqarli jihati, mukofot pullarini taqsimlash bilan bog‘liq xuddi shunday qoida musobaqa peshqadamlarida ham kuzatildi. Garchi chempionlik masalasi tay-breykda hal qilingan bo‘lsa-da, asosiy bosqichda Uesli So ham, Rameshbabu Praggnanandha ham bir xil — 5,5 tadan ochko jamg‘argan edi. Shu sababli, 1- va 2-o‘rinlar uchun belgilangan mukofot pullari ushbu shaxmatchilar o‘rtasida ham o‘zaro teng taqsimlandi.

