Sport

Javohir Sindorov FIDE rapid reytingida 2-o‘ringa ko‘tarildi

Javohir Sindorov FIDE rapid reytingida 2-o‘ringa ko‘tarildi

Hindistonning Bangalor shahrida Tech Mahindra Global Chess League turniri davom etmoqda.

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov boshchiligidagi “Fyers American Gambits” 7-turda “Triveni Continental Kings” ustidan 8:5 hisobida g‘alaba qozondi.

Sindorovning jamoadoshlari raqiblari bilan durang qayd etgani bois umumiy hisob 3:3 bo‘ldi. Shundan keyin O‘zbekistonning birinchi raqamli grossmeysteri oq donalarda dunyoning 11-raqamli shaxmatchisi, fransiyalik Alireza Firuzjani 3:0 hisobida yengdi. Ushbu g‘alaba “Fyers American Gambits”ga umumiy hisobda ustunlik berdi. Shu muvaffaqiyatdan so‘ng Sindorov layv FIDE rapid reytingida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Turnirdagi muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli Javohir Sindorov jami 10,6 reyting ochkosiga ega bo‘ldi. 20 yoshli grossmeyster hozirda 2742,6 ochko bilan biryo‘la to‘rt pog‘ona yuqorilab, reytingda faqat norvegiyalik Magnus Karlsendan (2806,5) ortda qolmoqda.

Javohir Sindorov jamoasi hamda Mangus Karlsen yetakchiligidagi “Alpine APL Pipers” bir xil 12 ochko jamg‘argan. Biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, “Fyers American Gambits” turnir jadvalida 1-o‘rinda bormoqda. Shuningdek, “Ganges Grandmasters” ham 12 ochko to‘plagan.

Amaldagi chempion “Alpine APL Pipers” 7-turda “CheQ Mumba Masters”ni 11:6 hisobida mag‘lub etdi. Jamoa sardori Magnus Karlsen fransiyalik Maksim Vashye-Lagravni yengdi. Bundan tashqari, hindistonlik Anish Giri hamda Volodar Murzinning muvaffaqiyatli o‘yini ham ushbu jamoaga 3 ochko keltirdi.

10-sentyabr kuni “Fyers American Gambits” 12 ochko bilan 3-o‘rinda turgan “Ganges Grandmasters”ga qarshi bahs olib boradi.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Global Chess League musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi. Uning yarmi — 500 ming dollar — jamoaning yakuniy o‘rniga qarab taqsimlanadi: chempion 250 ming, kumush medal sohibi 125 ming, uchinchi o‘rindagi jamoa 75 ming, to‘rtinchi o‘rindagi jamoa 50 ming dollar oladi.

Yana 450 ming dollar barcha jamoalar o‘rtasida butun turnir davomida to‘plagan o‘yin ochkolari soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Qo‘shimcha 50 ming dollarni liga g‘olibi oladi. Shu tariqa mukofot puli miqdori nafaqat yakuniy o‘ringa, balki har bir alohida partiya natijasiga ham bog‘liq. Turnir 13-sentyabrgacha davom etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.