Javohir Sindarov FIDE talqiniga koʻra eng yaxshi shaxmatchi deb topildi
Oʻzbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov «Eng yaxshi erkak shaxmatchi» nominatsiyasida ilk FIDE Excellence Awards mukofoti gʻolibi boʻldi. Ikki yil ichida u Jahon kubogi va Nomzodlar turnirida gʻolib chiqdi, reytingning top-4 taligiga kirdi, Samarqandda esa Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida olimpiya chempioniga aylandi.

Javohir Sindarov FIDE talqiniga koʻra eng yaxshi shaxmatchi deb topildi
Oʻzbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Xalqaro shaxmat federatsiyasining birinchi FIDE Excellence Awards 2026 mukofoti laureati boʻldi. U Best Chess Player — Male («Erkaklar oʻrtasida eng yaxshi shaxmatchi») nominatsiyasida gʻolib chiqdi. Mukofot unga 27 sentyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining yopilish marosimida topshirildi.
Ushbu mukofot shaxmatchilarning ikki yillik olimpiya tsiklidagi — 2024 yil sentyabridan 2026 yil avgustigacha boʻlgan muvaffaqiyatlarini eʼtirof etadi. FIDE Excellence Awards mukofotini joriy yilda taʼsis etdi va u har ikki yilda bir marta topshiriladi.
Sindarovning xalqaro turnirlardagi ishtiroki, musobaqalarga tayyorgarligi va murabbiylar bilan ishlashi Oʻzbekiston Milliy banki koʻmagida amalga oshirilmoqda.
«Erkaklar oʻrtasida eng yaxshi shaxmatchi» nominatsiyasining short-listiga oʻnta grossmeyster kiritildi. Sindarovdan tashqari, mukofotga Oʻzbekistonning yana bir vakili Nodirbek Abdusattorov, Magnus Karlsen (Norvegiya), Fabiano Karuana (AQSh), Arjun Erigaysi (Hindiston), Alireza Firuzdja (Frantsiya), Anish Giri (Niderlandiya), Gukesh Dommaradju (Hindiston), Vinsent Kaymer (Germaniya) va Rameshbabu Pragnanandxa (Hindiston) daʼvogarlik qilishdi.
Nomzodlarni koʻrsatishning ochiq bosqichidan soʻng, FIDE maxsus hakamlar hayʼati har bir toifa boʻyicha oʻnta daʼvogardan iborat short-listlarni shakllantirdi. Keyin gʻoliblarni FIDE Excellence Awards ekspertlar paneli aniqladi. Mukofot jami 11 ta nominatsiyani oʻz ichiga oladi.
Koʻrib chiqilayotgan ikki yillik davrda Sindarov faoliyatidagi eng yirik muvaffaqiyatlarga erishdi. 2025 yilda u FIDE Jahon kubogini qoʻlga kiritib, ushbu turnir tarixidagi eng yosh chempionga aylandi. Finalda u Xitoy vakili Vey Ini magʻlub etib, Nomzodlar turniriga yoʻllanma oldi.
2026 yil aprel oyida oʻzbekistonlik grossmeyster muddatidan oldin Nomzodlar turnirida gʻolib chiqdi va jahon chempioni unvoni uchun bahsda Gukesh Dommaradju bilan oʻynash huquqini qoʻlga kiritdi. Ushbu davrda u reyting ochkolarini taxminan 100 bandga oshirib, jahon reytingining top-4 taligiga kirdi.
Iyul oyida, FIDE mukofotning short-listlarini eʼlon qilganida, Sindarov bir yoʻla ikkita — «Eng yaxshi shaxmatchi» va «Yil kashfiyoti» nominatsiyalariga nomzod boʻlgan edi. Ikkinchi nominatsiyada turkiyalik shaxmatchi Yagiz Kaan Erdogmush gʻolib chiqdi.
Sindarov FIDE mukofotini Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi chempion boʻlgan uy Olimpiadasi yakunida qabul qilib oldi. Jamoa 11 ta oʻyinda 10 ta gʻalabaga erishib, 20 ochko jamgʻardi va Chennay-2022 dan keyin ikkinchi bor olimpiya oltinlarini qoʻlga kiritdi.
Sindarovning oʻzi 10 ta partiyada 7 ochko jamgʻardi — beshta gʻalaba, toʻrtta durang va bitta magʻlubiyat — hamda 2797 performans bilan ikkinchi taxtada bronza individual medaliga sazovor boʻldi.
FIDE Excellence Awards 2026 mukofotining Best Chess Player — Female («Ayollar oʻrtasida eng yaxshi shaxmatchi») nominatsiyasida Hindiston vakilasi Divya Deshmukx gʻolib boʻldi. Eng yaxshi ayol shaxmatchi unvoni uchun short-listdan Bibisara Asaubayeva, Aleksandra Goryachkina, Xampi Koneru, Ley Tintsze, Anna Muzichuk, Tan Chjunʼi, Vayshali Rameshbabu, Tszyuy Ventszyun va Chju Tsziner ham joy olgan edi.

