Javohir Sindarov Global Chess League musobaqasida birinchi doskalar orasida eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi
Javohir Sindarov Global Chess League 2026 turnirida birinchi doskada Magnus Karlsen va Yan Nepomnyashiyni ortda qoldirib, eng ko‘p o‘yin ochkolarini qo‘lga kiritdi. Yakunga ko‘ra, u rapid bo‘yicha jahon onlayn reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Uning jamoasi — FYERS American Gambits turnirda 3-o‘rinni oldi.

Javohir Sindarov Global Chess League musobaqasida birinchi doskalar orasida eng yaxshi shaxmatchi bo‘ldi
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov dunyoning eng yirik franshiza shaxmat ligalaridan biri sanalgan Tech Mahindra Global Chess League`ning to‘rtinchi mavsumida muvaffaqiyatli qatnashdi. U franshizalar yetakchilari bellashgan Icon Board (“ikona” doska)da eng ko‘p ochko jamg‘argan shaxmatchiga aylandi.
Global Chess League 5−13-sentabr kunlari Hindistonning Bangalor shahrida o‘tkazildi. Musobaqada oltita jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoa tarkibi bir nafar Icon, ikki nafar Superstar Men toifasidagi shaxmatchi, ikki nafar Superstar Women va bir nafar Prodigy`dan iborat bo‘ldi. Sindarov ilk bor eng muhim — Icon doskasida o‘ynadi: avvalgi mavsumlarda u Prodigy va Superstar toifalarida qatnashgan edi.
FYERS American Gambits safida u bilan birga Daniil Dubov, Nihal Sarin, Bibisara Asaubayeva, Sara Xadem va Mark’Andria Mauritssi maydonga tushdi. Jamoa murabbiyi Shrinat Narayanan bo‘ldi.
Regulyar bosqichda har bir jamoa 10 tadan uchrashuv o‘tkazdi. Bir jamoaning barcha olti nafar shaxmatchisi bir xil rangdagi donalarda o‘ynadi. Qora donalarda g‘alaba uchun to‘rtta, oq donalarda qo‘lga kiritilgan g‘alaba uchun uchta, durang uchun esa har ikki tomonga bittadan o‘yin ochkosi berildi.
Alohida uchrashuvda ko‘proq o‘yin ochkosi to‘plagan jamoa uchta bahs ochkosiga ega bo‘ldi. Vaqt nazorati — har bir ishtirokchiga 20 daqiqa va 41-yurishdan boshlab har bir yurish uchun ikki soniyadan qo‘shib borildi.
Sindarov 10 ta turda beshta g‘alaba qozondi, uchta partiyani durang bilan yakunladi va ikki bor imkoniyatni boy berdi. Oddiy hisob-kitob tizimida bu 10 ochkodan 6,5 ochkoni anglatadi, biroq GCL tizimi bo‘yicha o‘zbekistonlik grossmeyster jamoasiga 20 ochko olib keldi va Icon Board doskasidagi barcha o‘yinchilardan ustun chiqdi.
U besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anandni ikki marta mag‘lub etdi, shuningdek, Alirizo Firuzja, Yan Nepomnyashiy va Maksim Vashe-Lagrav ustidan ham g‘alaba qozondi. Sindarov Firuzja, Magnus Karlsen va Vashe-Lagrav bilan durang o‘ynadi, Nepomnyashiy va Karlsenga esa imkoniyatni boy berdi.
Taqqoslash uchun, Karlsen muntazam bosqichning 10 ta bahsida GCL tizimi bo‘yicha 18 ta o‘yin ochkosi jamg‘ardi. Musobaqa g‘olibi Yan Nepomnyashiy hisobida esa 15 ochko bor edi. Shu tariqa, Sindarov guruh bosqichini oltita birinchi doska orasida eng yaxshi natija bilan yakunladi, shuningdek, barcha ishtirokchilar orasida gretsiyalik Stavrula Solakidu (21,5) va hindistonlik Nihal Sarindan (21) keyin uchinchi ko‘rsatkichni qayd etdi.
Turnirning ikkinchi yarmidagi g‘alabalar American Gambits uchun ayniqsa muhim bo‘ldi. 8-sentabr kuni Sindarov qora donalarda Anandni yana yengdi, ertasi kuni esa Firuzjadan ustun keldi — bu Triveni Continental Kings jamoasiga qarshi bahsdagi yagona sermahsul partiya bo‘lib, FYERS`ga 8:5 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.
10-sentabr kuni Sindarov Nepomnyashiyni mag‘lub etdi. American Gambits o‘sha kuni bo‘lajak chempionlar — Ganges Grandmasters jamoasini 13:5 hisobida tor-mor etdi: o‘zbekistonlik shaxmatchidan tashqari Dubov, Asaubayeva va Mauritssi ham o‘z partiyalarida zafar quchdi. Sakkizta o‘yindan so‘ng FYERS, Alpine APL Pipers va Ganges Grandmasters hisobida 15 tadan bahs ochkosi bor edi, bunda American Gambits va Alpine bir xil — 73 tadan Game Points to‘plab turgandi.
So‘nggi turdan oldin American Gambits jamoasi Alpine APL Pipers`ga 7:9 hisobida imkoniyatni boy berdi. Karlsen oq donalarda Sindarovni yengib, uning ketma-ket uchta g‘alabadan iborat seriyasiga yakun yasadi.
So‘nggi uchrashuv oldidan o‘zbekistonlik shaxmatchi jamoasi finalga chiqish imkoniyatini saqlab qolgan edi. CheQ Mumba Masters`ga qarshi kechgan hal qiluvchi bahsda Sindarov o‘z doskasida talab qilingan vazifani bajardi: qora donalarda Maksim Vashe-Lagravni yengib, jamoasiga to‘rt ochko keltirdi. Ammo umumiy hisobda FYERS bahsni 6:11 hisobida boy berdi. Xususan, Praneshga qarshi g‘alabali vaziyatga ega bo‘lgan Nihal Sarin vaqt tig‘izligida mag‘lub bo‘ldi.
Natijada American Gambits muntazam bosqichni 15 ta bahs va 86 ta o‘yin ochkosi bilan uchinchi o‘rinda yakunladi. CheQ Mumba Masters ham xuddi shuncha bahs ochkosi to‘plagan edi, biroq ularda 85 ta o‘yin ochkosi bor edi. 18 tadan bahs ochkosi jamg‘argan Ganges Grandmasters va Alpine APL Pipers jamoalari esa finalga yo‘l oldi.
13-sentabr kuni FYERS va Mumba Masters uchinchi o‘rin uchun ikkita uchrashuv o‘tkazdi. American Gambits ikkala bahsda ham ustun keldi — 3,5:2,5 va 4:2. Sindarov Vashe-Lagrav bilan har ikkala uchrashuvda durang o‘ynadi. G‘alabaga asosiy hissani ikkitadan partiyada zafar quchgan Nihal Sarin va Mark’Andria Mauritssi qo‘shdi. 12 ta doska yakunlariga ko‘ra, American Gambits bor-yo‘g‘i bir martagina mag‘lubiyatga uchradi.
Sindarovning muvaffaqiyatli ishtiroki uning rapid bo‘yicha onlayn reytingiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. FIDEning sentabr oyidagi rasmiy reytingida uning ko‘rsatkichi 2732 punktni tashkil etar edi. Firuzja ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng uning ko‘rsatkichi 2742,6 punktga yetdi — bu dastlabki qiymatdan 10,6 punktga ko‘p degani. O‘sha paytda Sindarov jahon reytingida birdaniga to‘rt pog‘ona yuqorilab, oltinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va faqatgina Magnus Karlsendan ortda qoldi.
Global Chess League 2026 g‘olibligini Ganges Grandmasters qo‘lga kiritdi. Amaldagi chempionlar — Alpine APL Pipers jamoasiga qarshi kechgan birinchi final uchrashuvi 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi, ikkinchisida esa Ganges 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Muhim natijalardan biri Icon Board`da Nepomnyashiyning Karlsen ustidan qozongan g‘alabasi bo‘ldi.
Yakuniy uchlik: 1-o‘rin — Ganges Grandmasters, 2-o‘rin — Alpine APL Pipers, 3-o‘rin — Javohir Sindarovning FYERS American Gambits jamoasi.

