“Janubiy toʻrtlik” doktrinasi: Oʻzbekiston uchun bu nega muhim?
Markaziy Osiyo xalqlari oʻzining janubiy qoʻshnilari – Turkiya, Eron, Afgʻoniston va Pokistonga haliga qadar yo sobiq koloniya tomonidan, yoki Gʻarb tomonidan shakllantirilgan nuqtayi nazar bilan qaraydi, shuning uchun bu davlatlarga nisbatan oʻzida begonalashuvni his qiladi. Vaholanki, biz aynan mana shu toʻrtta davlat bilan oʻzliklar asosidagi, teng huquqli fundamental alyanslar shakllantirish imkoniyatiga egamiz.

"Janubiy toʻrtlik" doktrinasi: Oʻzbekiston uchun ahamiyati nimada?
Geografik joylashuv davlatlar va millatlar taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mamlakatning qayerda joylashgani va qanday qoʻshnilar bilan oʻralgani xavfsizlik hamda taraqqiyot uchun muhim omillardir.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan boʻlib, toʻrt tomondan turli qoʻshnilarga ega. Shimolda Rossiya Federatsiyasi – sobiq metropoliya, sharqda dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiy va harbiy qudrati boʻlgan Xitoy Xalq Respublikasi, gʻarbda esa Yevropa Ittifoqi va AQSH joylashgan.
Bu safar biz Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning janubida joylashgan toʻrtta davlat haqida soʻz yuritamiz. Men bu davlatlarning biz uchun ahamiyatini inobatga olib, ularni "janubiy toʻrtlik geosiyosiy doktrinasi" deb atagan boʻlardim.
Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining janubida aynan bir xil oʻzliklar va mustahkam tarixiy aloqalar bilan bogʻliq davlatlar hamjamiyati mavjud. Biz aynan shu toʻrt davlat bilan oʻzliklar asosida fundamental ittifoqlar va alyanslar shakllantirish imkoniyatiga egamiz.
18-20-asrlar global kolonializm davri boʻldi. Garchi mustaqil boʻlsak-da, tarixan bir makonda, vaqti-vaqti bilan yagona davlatlar tarkibida boʻlgan janubiy toʻrtlikka haligacha koloniyalar tomonidan oʻrnatilgan tamgʻalar, shablonlar va stereotiplar doirasida qarashda davom etdik. Bu qaysi davlatlar?
Bular – Turkiya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Afgʻoniston hamda Pokiston.
Turkiya – mustaqil oltita turkiy davlatning demografik, iqtisodiy, harbiy va boshqa parametrlar boʻyicha eng yirik vakili. U NATO aʼzosi va ushbu tashkilotdagi harbiylar soniga koʻra ikkinchi yirik davlatdir.
Eron Islom Respublikasining aholisi 92 million atrofida boʻlib, uning ham iqtisodiy, energetik va harbiy salohiyati yuqori. Biroq, soʻnggi yarim asrdagi Gʻarb bilan ziddiyatlar bu davlatning salohiyatini toʻliq ishga solishga imkon bermadi.
Afgʻoniston – bevosita qoʻshnimiz, dunyo oʻzbeklarining tarixiy epitsentrlaridan biri. Misol uchun, oʻzbek tili asoschilaridan biri Alisher Navoiy bugungi Afgʻoniston hududidagi Hirotda tugʻilib oʻsgan va yashagan.
Pokiston – ushbu toʻrtlikdagi aholi soni va harbiy qudratiga koʻra eng yirik mamlakat hisoblanadi. Pokiston aholisi 260 million atrofida deb baholanadi, u musulmon dunyosida yadro quroliga ega yagona davlatdir.
Bu toʻrtlik Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari uchun nega muhim? Maʼlumki, taraqqiyot mintaqaviy xarakterga ega boʻladi. Qoʻshni davlatlar va mintaqalarda iqtisodiy qoloqlik, ijtimoiy muammolar, siyosiy inqirozlar muttasil davom etar ekan, bu mintaqadagi barchaga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Qolaversa, eng kuchli ittifoqlar va alyanslar aynan yoki yaqin oʻzliklar asosida quriladi.

