Janubiy Koreyada mahalliy taksi haydovchisini kaltaklaganlikda gumonlanib, Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi

Janubiy Koreyada mahalliy taksichiga hujum qilishda gumonlanib, Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi
Janubiy Koreyaning Xvason shahrida 30 yoshlar atrofidagi Oʻzbekiston fuqarosi 50 yoshli mahalliy taksichini shafqatsizlarcha kaltaklashda gumonlanmoqda. Hodisa 18 oktyabr kuni Xyangnam tumanida yuz bergan.
Huquq-tirtibot organlari maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchi oʻzining shaxsiy avtomobilida noqonuniy ravishda yoʻlovchi tashishga uringan. Mahalliy taksichi bunga xalaqit berishga va qoidabuzarlikni kameraga olishga harakat qilganida, haydovchi uning iyak qismiga urgan. Oqibatda jabrlanuvchi hushini yoʻqotib, yerga yiqilgan. Kuzatuv kameralari yozuvlarida hujum qilgan shaxs hushsiz yotgan odamni qoʻllari va oyoqlari bilan urishda davom etgani, shundan soʻng birinchi yordam koʻrsatmasdan voqea joyidan qochib ketgani koʻringan.
Koreya politsiyasi videoyozuvlarni tahlil qilish orqali 22 oktyabr kuni gumonlanuvchining shaxsini aniqladi. Yaqin orada u rasmiy soʻroqqa chaqiriladi, jabrlanuvchining tibbiy xulosasi natijalarini inobatga olgan holda esa bildirilgan ayblovlar ogʻirlashtirilishi mumkin.
Mahalliy huquq-tirtibot xodimlarining taʼkidlashicha, Xvasonda Telegram messenjeri orqali tashkil etiladigan noqonuniy yoʻlovchi tashish amaliyoti keng tarqalgan. Joriy yilning may oyida shu kabi noqonuniy faoliyat bilan shugʻullangan 29 nafar chet ellik, shu jumladan oʻzbekistonliklarga nisbatan qoʻzgʻatilgan ishlar prokuraturaga topshirilgan edi. Yil oxirigacha politsiya va immigratsiya xizmati noqonuniy tashuvlarning oldini olishga qaratilgan qoʻshma tekshiruv va nazorat reydlarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

