Jahon banki O‘zbekistonda elektr taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish uchun $100 mln ajratdi
JB O‘zbekistonda elektr taqsimlash tizimlarini modernizatsiyalash uchun $100 mln qarz ajratdi. Oldinroq OTB ushbu dasturga $200 mln yo‘naltirgandi. Mamlakatdagi 60 ta asosiy nimstansiyani modernizatsiyalash va raqamlashtirish, qayta tiklanuvchi quvvatlarni integratsiya qilish uchun sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Jahon banki O‘zbekistonda elektr taqsimlash tizimlarini yangilash uchun 100 mln dollar ajratdi
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi 27-oktabr kuni O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimining samaradorligi va ishonchliligini oshirish maqsadida 100 million dollar miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi.
“Elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish” dasturi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Dastur doirasida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish uchun butun mamlakat bo‘ylab 60 ta asosiy nimstansiyani modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, dastur “O‘zbekiston MET”ning institutsional salohiyatini mustahkamlash va kompaniya faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bunga moliyaviy boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya qilish sifatini yaxshilash hamda kompaniyadagi bandlik sohasida gender tengligini ta’minlash kiradi.
2031-yilga kelib, dastur hisobiga modernizatsiya qilingan nimstansiyalarda yillik elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 ming megavatt-soatga (MVt/soat) kamayishi kerak. Bundan tashqari, elektr tarmog‘iga kamida 3,3 GVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ulash uchun sharoit yaratiladi. Dastur, shuningdek, har yili qariyb 23 ming tonna uglerod oksidiga teng issiqxona gazlari chiqindilarining oldini olish imkonini beradi.
Modernizatsiya qilingan energetika infratuzilmasi obyektlari ishga tushirilgach, besh yil davomida dastur 11,7 mingga yaqin qo‘shimcha sifatli ish o‘rinlari yaratilishiga ham ko‘maklashishi kutilmoqda.
Jahon banki dasturni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan birgalikda to‘liq o‘zaro ishonchning global mexanizmi (Full Mutual Reliance Framework, FMRF) doirasida moliyalashtirmoqda. Ushbu mexanizm ikki moliyaviy institutning dasturni tayyorlash va uni amalga oshirishni nazorat qilish bo‘yicha yagona yondashuvini nazarda tutadi, bu esa tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish va O‘zbekiston hukumati uchun tartib-taomillarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
30-sentabr kuni OTB O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida qarz ajratishni ma’qullagandi.
JBning yangi qarzi va hukumatning davlat budjetidan 71 mln dollar miqdoridagi hissasini hisobga olganda, dasturni moliyalashtirishning umumiy hajmi 371 mln dollarni tashkil etadi.
“O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvatini 25 gigavattga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun quvvati yuqoriroq va texnologik jihatdan takomillashgan elektr tarmog‘i infratuzilmasi talab etiladi. Taqsimlash tarmoqlarining katta qismi bir necha o‘n yillar oldin qurilgan bo‘lib, ko‘plab podstansiyalar ortiqcha yuklama bilan ishlaydi. Bu uy xo‘jaliklari, korxonalar va ijtimoiy infratuzilma obektlari, jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalariga ta’sir qiluvchi elektr energiyasi yo‘qotilishi va elektr ta’minotidagi uzilishlarga olib keladi. Iqtisodiy o‘sishning jadal sur’atlari va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borishi sharoitida tarmoqlarni modernizatsiya qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda”, — deyiladi JB xabarida.

