Italiyada sun’iy intellekt 20 yil avval o‘g‘irlangan kartinani topdi
Jinoyatchilar XVII asrga oid kartinaning ayrim qismlarini o‘zgartirib, asl ko‘rinishini yashirishga uringan. Biroq sun’iy intellekt asarni aniqlashga yordam bergan.

Italiyada sun’iy intellekt 20 yil avval o‘g‘irlangan kartinani topdi
Italiya politsiyasi o‘g‘irlangan san’at asarlarini izlashda Swoads nomli sun’iy intellekt tizimidan foydalanmoqda. 2023-yil noyabridan beri ushbu texnologiya yordamida 300 dan ortiq yirik kartina va haykallar, shuningdek, 165 mingdan ziyod tanga, medal va qo‘lyozmalar qaytarilgan. Ularning umumiy qiymati 203 million yevrodan oshadi, deb yozadi BBC.
Tizim san’at asarlarining ranglari va shakllarini solishtirib, o‘xshashliklarni aniqlaydi. Hatto kartinadagi ayrim tasvirlar o‘zgartirilgan bo‘lsa ham, sun’iy intellekt uni tanib olishi mumkin.
2024-yil oktyabrda Italiyaning Parma shahrida o‘tkazilgan qadimiy buyumlar yarmarkasida politsiya xodimlari namoyish etilayotgan san’at asarlarini suratga olib, tizimga yuklagan. Sun’iy intellekt qo‘lida o‘rama bitik ushlab turgan yosh ayol tasvirlangan kartinaga e’tibor qaratgan.
Tekshiruv chog‘ida bu 2004-yilda Sulmona shahridagi cherkovdan o‘g‘irlangan XVII asrga oid kartina ekani ma’lum bo‘lgan. Unda Rimlik Avliyo Agnes tasvirlangan bo‘lib, jinoyatchilar asarni tanib bo‘lmaydigan qilish uchun uning ayrim qismlarini o‘zgartirgan. Xususan, avliyoning qo‘lidagi qo‘zichoq o‘rniga bitik chizib qo‘yilgan, boshi ustidagi nurli halqa va palma novdasi olib tashlangan.
Biroq sun’iy intellekt o‘g‘irlangan san’at asarlarini qaytarib bera olmaydi. U faqat o‘xshashliklarni aniqlashga yordam beradi. Asarlarni qonuniy egalariga qaytarish esa tergovchilar faoliyati va huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi hamkorlikka bog‘liq.
Italiya 2027-yilgacha o‘g‘irlangan san’at asarlarini aniqlash bo‘yicha xalqaro tizim yaratishni rejalashtirmoqda.

