Italiya maktablarida burka va niqob kiyish taqiqlandi

Italiya maktablarida burqa va niqob kiyish taqiqlandi
Jorji Meloni rahbarligidagi Italiya hukumati mamlakat maktablarida burqa va niqob kiyishni taqiqlovchi farmonni tasdiqladi.
Shu bilan birga, hijoblarga hamon ruxsat berilgan, deb xabar beradi "Associated Press" agentligi.
Bundan tashqari, hujjat mamlakatga yaqinda kelgan va italyan tilini yetarli darajada yaxshi bilmaydigan chet ellik oʻquvchilar ulushiga cheklov belgilaydi — bir sinfda 30 foizdan koʻp boʻlmasligi kerak. Agar ushbu chegaradan oshib ketsa, oʻquvchilar boshqa sinflar va taʼlim muassasalariga taqsimlanadi. Shuningdek, yangi farmon chet ellik oʻquvchilarning ota-onalariga bepul italyan tili kurslarida oʻqish majburiyatini yuklaydi. Oʻqishdan bosh tortganlik uchun 200 dan 1000 yevrogacha jarima nazarda tutilgan. Melonining soʻzlariga koʻra, ushbu chora-tadbirlar teng imkoniyatlarni taʼminlash va "getto-sinflar" paydo boʻlishining oldini olishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus oʻqituvchilar va kasaba uyushmalari tomonidan tanqidga uchradi, ular migrantlar ulushi yuqori boʻlgan hududlarda oʻquvchilarni taqsimlashdagi qiyinchiliklarga eʼtibor qaratmoqda va hukumat tomonidan tilni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan 14 million yevro yetarli emas deb hisoblamoqda. Qabul qilingan farmon mamlakatning migratsiya siyosatini kuchaytirish kursiga mos keladi. Xususan, 2025 yil noyabr oyida Meloni, sudlarning qarorlariga va bir yil ichida Italiyaga 30 mingdan ortiq chet ellik kelganiga qaramay, noqonuniy migrantlarni Albaniyadagi saqlash markazlariga yuborish amaliyoti davom ettirilishini maʼlum qildi.

