Italiya bosh vaziri maktablarda burqa va niqobni taqiqlamoqchi

Italiya bosh vaziri maktablarda burqa va niqobni taqiqlashni rejalashtirmoqda
Italiya maktablarda burqa va niqobni taqiqlaydi hamda sinflarda chet ellik o‘quvchilar soniga cheklov joriy etadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jorja Meloni ma’lum qildi.
Meloni bu boradagi rejani o‘zining “Italiya birodarlari” (FdI) partiyasining yoshlar qanoti yig‘ilishida bayon etdi. U “maktab tizimiga integratsiya qilishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan” chet ellik o‘quvchilarning ota-onalari uchun italyan tili darslari majburiy bo‘lishini aytdi.
“Biz uchun Italiyaga kelgan va bu yerda o‘z kelajagini qurmoqchi bo‘lgan har bir kishi tilimizni o‘rganishi, madaniyatimizni tushunishi va qoidalarimizni hurmat qilishi kerak”, dedi Meloni.
Hukumat rejani ma’qullagach, o‘zgarishlar qonunga aylanishi uchun ular 60 kun ichida parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Burqada ko‘zlar bilan birga yuz to‘liq yopiladi, niqobda esa ko‘zlar ochiq qoladi. Italiyada ikkalasiga ham bevosita taqiq qo‘yilmagan. Biroq 1975-yilda qabul qilingan qonun shaxsni aniqlashni qiyinlashtiradigan kiyimlardan foydalanishni man etadi.
2008-yildagi sud qarorida esa yuzni to‘liq yopadigan kiyimlarga diniy yoki madaniy sabablarga ko‘ra ruxsat berilishi, biroq shaxsni tasdiqlash talab etilganda yuz ochilishi kerakligi aniqlashtirilgan. Burqa taqiqi bilan birga, Meloni har bir sinfdagi xorijlik o‘quvchilar soniga qonuniy cheklov ham joriy etishini aytdi.
Shu bilan birga, Italiya qonunchiligida har bir sinf va maktabdagi xorijlik o‘quvchilar ulushi uchun allaqachon 30 foizlik cheklov mavjud. Meloni ushbu tartib qanday o‘zgarishini aniq tushuntirmadi. Hozirda Italiya maktablaridagi o‘quvchilarning qariyb 12 foizini xorijliklar tashkil etadi.

