Istanbulda ikki nafar oʻzbekistonlik afgʻonistonlikka suiqasd qilishda gumonlanib hibsga olindi

Istanbulda ikki oʻzbekistonlik afgʻonistonlikni qasddan oʻldirishga urinishda gumonlanib hibsga olindi
Istanbulda Oʻzbekistonning ikki fuqarosi 21 yoshli afgʻonistonlikni qasddan oʻldirishga urinishda gumonlanib hibsga olindi. Jabrlanuvchining taʼkidlashicha, erkaklar uni kaltaklab, uchinchi qavat oynasidan uloqtirib yuborgan. Gumonlanuvchilar esa oʻz navbatida ayblovlarni rad etib, yigitning oʻzi sakrab tushganini daʼvo qilmoqda.
Turkiyaning Sabah gazetasi yozishicha, hodisa 26 sentyabr kuni Tuzla tumanida sodir boʻlgan. Uchinchi qavatdan yiqilganidan soʻng yigit shifoxonaga yotqizilgan. Soʻroq paytida u politsiyachilarga bir qavat yuqorida yashaydigan qoʻshnilari unga hujum qilganini maʼlum qilgan.
Istanbulning Osiyo qismi prokuraturasi tomonidan boshlangan tergov davomida huquq-tartibot organlari xodimlari ikki oʻzbekistonlikni qoʻlga oldi.
Birinchi gumonlanuvchi tergovchilarga avval jabrlanuvchi bilan birga ishlaganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, hodisa sodir boʻlgan kuni u toʻsatdan oʻz xonadonida yigitni koʻrib qolgan. Ular oʻrtasida mushtalashuv kelib chiqqan, shundan soʻng oʻzbekistonlik tashqariga chiqib, yordamga chaqira boshlagan.
Erkakning taʼkidlashicha, shundan soʻng afgʻonistonlik boshqa xonaga oʻtib, oynadan sakrab tushgan. Ikkinchi qoʻlga olingan shaxs ham ayblovlarni rad etdi. Uning talqiniga koʻra, u mushtalashuv shovqinini eshitib xonadonga koʻtarilgan, mojaro ishtirokchilarini ajratishga harakat qilgan va bir necha daqiqadan soʻng yigitning yiqilganidan xabar topgan.
Soʻroqlardan soʻng prokuratura har ikkala oʻzbekistonlikni qasddan odam oʻldirishga urinishda gumonlab hibsga olishni soʻrab, materiallarni sudga topshirdi. Sud iltimosnomani qanoatlantirdi. Tergov davom etmoqda.

