Istanbulda özbek maktabi oçiladi
Istanbulning Bakirköy tumanida Turkiyadagi birinçi özbek maktabini qurişga tayyorgarlik işlari jadallaştiriladi. Loyihani Özbekiston hukumati moliyalaştiradi, qurilişni Turkiya kompaniyalari bajaradi. Darslar Özbekiston taʼlim tizimi asosida, özbekistonlik öqituvçilar iştirokida taşkil etiladi.

Istanbulda o‘zbek maktabi ochiladi
«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Bakirköy tumani ma’muriyati rahbari Ayşegül Ovalıoğlu bilan uchrashib, maktab loyihasini muhokama qilgan.
Tomonlar bo‘lajak maktab Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar farzandlarini milliy qadriyatlar va ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
Maktabga 2026-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ishtirokida tamal toshi qo‘yilgan edi. Shundan buyon zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va obyektni loyihalashtirish ishlari olib borilgan.
Uchrashuv yakunida qurilishni imkon qadar qisqa muddatda boshlashga kelishilgan. Bakirköy ma’muriyati qurilish va tashkiliy bosqichlarda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Shu kuni bosh konsul Turkiya Milliy ta’lim vazirligi vakillari hamda Istanbul viloyati Milliy ta’lim boshqarmasi rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazgan.
Uchrashuvlarda Turkiya tomoni o‘tkazgan loyiha ekspertizasi xulosasi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilgan. Ushbu tavsiyalar asosida maktab loyihasini ishlab chiqqan O‘zgüven kompaniyasi xodimlari bilan ishchi uchrashuv ham bo‘lib o‘tgan.
Maktab qurilishi boshlanadigan va muassasa ochiladigan aniq sanalar xabarda keltirilmagan.

