Issiq nonda Vatan tafti bor
Ha, Vatanning mehri. Ammo, uni quyoshning tafti bilan ham, qaynoq choyning harorati bilan ham o‘lchab

**Issiq Nonda Vatan Nafasi**
Tong saharda qo‘limni kuydirgan issiq tandir nonining hidi menga Vatanning qaynoq nafasini eslatdi.
"Assalomu alaykum, non keldimi?" – erta tongda nonvoyxonaga kirib so‘radim.
"Ha, mana, hozirgina keltirishdi. Yelim paketga solmayman, eritib yuboradi," – dedi nonvoy ikkita nonni uzatar ekan. "Ehtiyot bo‘ling, qo‘lingiz kuymasin, juda issiq."
"Juda issiq"... Do‘kondan chiqarkanman, bu so‘z qulog‘imdan ketmadi. Bu dunyoda nondan ham issiqroq nima bor ekan? Quyoshmi? Yo‘q, quyosh ostida uzoq turish ham zararli. Yoki qaynoq choymi? Yo‘q, qaynoq choy tilni kuydiradi-ku! Balki, onaning quchog‘i, otaning quvonchi, Vatanning mehri... Ha, Vatanning mehri. Ammo uni quyoshning harorati bilan ham, qaynoq choyning issiqligi bilan ham o‘lchab bo‘lmaydi. Yurtning iliqligi qalbni isitadi, ko‘ngilni shod etadi. Bu iliqlik dilda abadiy ekan, inson qayerga bormasin, undan qancha uzoqlashmasin, qaytib kelishni istaydigan bir joyi bo‘ladi. U – Vatan!
Ba’zan Vatan haqida o‘ylash uchun katta voqealar ham shart emas. Ertalab eshikdan chiqib, tanish ko‘chadan o‘tish, yo‘l-yo‘lakay salomlashadigan odamni ko‘rish, o‘z tilida bir so‘zni eshitishning o‘zi kifoya. Masalan, qadrdon ko‘chalarimizda ilib qo‘yilgan "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" shiorini o‘qib, 35 yil ichida O‘zbekiston erishgan behisob o‘zgarishlar, atrof-muhit go‘zalligi, tog‘u-toshlarning salobatini ko‘z oldimizga keltiramiz. Uyimiz yaqinida to‘p tepib yurgan, qumlarga belanib o‘ynayotgan bolajonlarning kulgusidan zavq olamiz. O‘quvchilarning xavfsizligi-yu, yoshlarning betashvish sayr qilib yurishidan, ota-onalarimizning ishga qo‘rquvsiz borib kelishlaridan xavotirlanmaymiz. Suvsizlikdan, nonsizlikdan qiynalishimiz esa, hatto, tasavvurimizga ham sig‘maydi. Negaki, mehnat qilsak, mol-mulk va noz-ne’matlarni bemalol xarid qila olishimizga ishonamiz. Chunki yurtimiz tinch.
Qayerdadir portlash sodir bo‘lishi yoki kimdir jarohatlanishi mumkinligi haqida o‘ylamaymiz ham. Shukrki, yurtimizda totuvlik hukmron. Ko‘z tegmasin. Ayrim davlatlardagi kabi hokimiyat talashuvi, urush yo‘q bizda. Hamd aytishga arzigulik boyliklarimiz yetarli. Asosiysi, erkimiz qo‘limizda va buning qadrini bilib yashashning o‘zi katta baxt.
Bilasizmi, biz shu tinchlik baxtini har kuni ko‘ramiz. U biz bilan birga nafas oladi. Ertalab eshikni ochganimizda, qarshi oladi. Kech tushib, uyimizga qaytganimizda, bag‘riga oladi. Osuda hayot bor joyda bola beg‘am kuladi, ona xotirjam mehr ko‘rsatadi, ota esa ertangi kun uchun reja tuzadi.
Biz bo‘lsak, ko‘pincha ko‘z o‘ngimizdagi mo‘jizalarni oddiy hol, deb qabul qilamiz. Osmonga qarab, uning musaffoligidan hayratlanmaymiz. Ko‘chalarda odamlarning shoshib-qaytib yurganiga, bozorlarda savdo-sotiq qizg‘inligiga, maktablarda qo‘ng‘iroqlar chalinayotganiga, dalalarda mehnat qaynayotganiga odatlanib qolganmiz. Aslida esa bularning har biri tinch hayotning mayda, lekin qimmatli va qiymatli belgilaridir.
Vatanni sevish ham ehtimol, shu oddiy narsalarni qadrlashdan boshlanar. Uning tuprog‘ini o‘pish, balandparvoz qasamlar ichish yoki har kuni "Vatan" so‘zini takrorlash shart emas. O‘z ishingni sidqidildan bajarish, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik, ko‘chadagi daraxtlarni asrash, bolaning qo‘lidan tutib, yo‘ldan o‘tkazish, keksalarni hurmat qilish, ona tilidagi bir so‘zni asrab-avaylash ham Vatanga bo‘lgan muhabbatning bir ko‘rinishi.
Vatan xaritadagi chegaralardan tarkib topmagan. U tongda derazamizdan tushgan nur, tandirdan chiqqan issiq non hidi, onamizning "bolam", degan bir og‘iz so‘zi, bolalikda yugurgan ko‘chalarimiz, birinchi ustozimizning ovozi... qaysi tomonga ketmaylik, baribir, sog‘inadigan manzilimizdir. Shuning uchun ham Vatanning mehri o‘lchanmaydi. Uni harorat ko‘rsatkichi bilan ham, masofa bilan ham, yillar bilan ham belgilab bo‘lmaydi. U insonning qalbida bo‘ladi. Qalbdagi bu iliqlik esa bir kun kelib, bizga yana o‘sha tongni, o‘sha nonvoyxonani, o‘sha tanish ko‘chani sog‘intirib qo‘yadi...
Shu xayollar bilan qo‘limda ikki dona issiq nonni olib, nonvoyxonaning eshigidan chiqdim. Ich-ichimdan shuni angladimki, nonning issig‘i qo‘limni ilitadi, Vatanning harorati esa butun umrimga quvvat beradi.
Zulfizar Mavlonova

