Dunyo

Isroil urushlar bilan tinchlikka erisha olyaptimi?

Isroil uch yil ichida Hamas va “Hizbulloh”ning harbiy salohiyatini jiddiy zaiflashtirdi, Eronning oʻziga va proksi tarmogʻiga katta zarba berdi, Suriyadagi oʻz imkoniyatlarini kengaytirdi. Ammo bu yutuqlar mamlakat xavfsizligini qay darajada mustahkamladi? “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqda soʻz yuritdi.

Isroil urushlar orqali tinchlikka erishyaptimi?

- Soʻnggi uch yil davomida Isroil oʻz raqiblarini zaiflashtirdi. Ammo nega buning natijasida Yaqin Sharq xavfsizroq boʻlmadi?

Kengroq qaralganda, Yaqin Sharq xavfsizroq boʻlgani yoʻq. Biroq vaziyatga Isroil nuqtayi nazaridan yondashilsa, 2023-yil 7-oktabrdan keyingi davrda Isroil oʻziga tahdid solayotgan asosiy kuchlarning katta qismini zaiflashtirishga erishganini koʻrish mumkin.

Avvalo, Hamas masalasiga toʻxtalish lozim. Isroil armiyasi maʼlumotiga koʻra, Hamasning son jihatidan salohiyati keskin kamaymagan boʻlishi mumkin, ammo uning samarali urush olib borish qobiliyati ancha susaygan. Ikkinchi asosiy kuch — “Hizbulloh”. U Isroil uchun asosiy xavflardan biri va Eronning muhim proksilaridan sanaladi. Shunga qaramay, “Hizbulloh” ham hozir keng koʻlamli urush olib borish imkoniyatiga ega emas. Isroil bu guruhga qarshi juda jiddiy harbiy amaliyotlar oʻtkazib, uning salohiyatini sezilarli darajada pasaytirdi.

Shundan soʻng Livandagi vaziyat ham oʻzgardi. “Hizbulloh” zaiflashgach, Isroil Livanda ancha erkin harakatlana boshladi. Xalqaro hamjamiyatning eʼtiroz va chaqiriqlariga qaramay, Isroil Livan hududida oʻz harbiy imkoniyatlarini kengaytirdi.

Yana bir muhim yoʻnalish — Suriya. Isroil ayrim davrlarda druzlarni qoʻllab-quvvatlash bahonasida Joʻlon tepaliklari va uning atrofida erkinroq harakat qildi. Eng muhimi, Suriyada Isroil bilan murosa qilish yoki muayyan shartlar asosida kelishishni istaydigan hukumat shakllandi.

Tarixiy jihatdan qaralganda, Isroil uchun mintaqadagi asosiy xavf markazlari vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib kelgan. 1979-yilgacha Misr Isroil uchun asosiy raqiblardan biri edi. Misr bilan tinchlik kelishuvi tuzilgach, bu muammo Isroil uchun yetarlicha hal boʻldi. Keyinchalik Iroq va Suriya kabi davlatlar xavf manbai sifatida koʻrildi. Iroqdagi rejim qulagach, bu yoʻnalish ham oʻzgardi. Endi Suriyada ham Isroil bilan kelishishga tayyor hukumat mavjud.

Bugungi vaziyatda Isroil uchun eng katta qarama-qarshilik saqlanib qolayotgan davlatlar — Eron va Turkiyadir. Shu maʼnoda, Isroil oʻz chegaralaridan Yamangacha boʻlgan keng hududda oʻzi uchun maʼlum darajada xavfsizlik halqasini shakllantira oldi, deyish mumkin. Albatta, bu xavfsizlik halqasi qanchalik mustahkam ekani va qancha vaqt saqlanib qolishi ochiq masala. Ammo 2023-yil 7-oktabrgacha Isroil tomonidan asosiy xavf sifatida koʻrilgan guruhlarning aksariyati bugun avvalgidek harbiy qudratga ega emas. Shu sababli ular Isroil uchun oldingidek xavf manbai boʻlib qolmagan.

Bu yerda Ibrohim kelishuvlarini ham hisobga olish kerak. Kelishuvlar jarayoni yaxshi ketayotgan bir paytda, 7-oktabr voqealari yuz berdi. Isroil uchun jarayonning eng muhim bosqichi Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirish edi. Isroil bundan katta umid qilgan va Saudiya bilan kelishuv butun arab dunyosi bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishongan. Biroq Saudiya Arabistoni 7-oktabrdan keyin Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga faqat Falastin davlatchiligi yoʻlida aniq qadamlar tashlangan taqdirdagina rozi boʻlishini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.